Mirziyoyev Janubiy Qozog‘istonga bordi

Мирзиёев ва Назарбоев Image copyright Akorda.kz
Image caption Мирзиёев ва Назарбоев Тошкентга чегарадош Жанубий Қозоғистонда кўришган

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel, shanba kuni qo'shni Qozog'iston ishchi tashrifi bilan borgan. Mirziyoyevni Toshkent bilan chegaradosh Janubiy Qozog'iston viloyatida Nursulton Nazarboyev kutib olgan. O'zbekiston Prezidenti bir oy oldin Qozog'istonga davlat tashrifi amalga oshirgandi.

Qozog'iston Prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuv davomida "O'zbekiston rahbarining mart oyidagi davlat tashrifi davomida ikki davlat o'rtasida imzolangan kelishuvlarning amalga oshish masalalari muhokama qilingan".

Qozog'iston Prezidenti o'tgan safargi uchrashuvdan so'ng ikki davlat o'rtasida ishchi faollik kuzatilayotganini bildirgan.

"Joriy yilning birinchi choragida iqtisodiyotning turli sohalarida o'zaro munosabatlar darajasi oshgani kuzatilmoqda. Transport-logistika sohasi, avtosanoat, shuningdek mintaqaviy hamkorlikni alohida ta'kidlab o'tish joiz. 2017 yilning ilk uch oyi davomida savdo aylanmasi hajmi 37 foizga oshdi", - degan Nursulton Nazarboyev.

Shavkat Mirziyoyev ham ikki tomonlama uchrashuvlardagi intensivlik davlatlararo munosabatlardagi samaradorlikka to'g'ridan-to'g'ri ta'sir qilishini aytgan.

"Mart oyidagi tashrifimdan so'ng qo'shma faoliyatning barcha yo'nalishlari bo'yicha Yo'l xaritasi qabul qildik. Vazirlar, hokimlar darajasidagi uchrashuvlar ko'paydi, - degan O'zbekiston Prezidenti.

O'zbekiston rahbari Nursulton Nazarboyevga Rossiya Federatsiyasidan neft tashish masalasida ko'rsatilgan ko'mak uchun minnatdorlik bildirgan.

Qozog'iston Prezidenti Matbuot xizmati xabarida aytilishicha, yakunda ikki davlat rahbarlari Qozog'iston-O'zbekiston hamkorligining ijobiy dinamikasi saqlanishi va yanada rivojlanishiga ishonch bildirishgan.

Uchrashuvning qaysi shahar yoki tumanda bo'lib o'tgani borasida xabar berilmagan.

Bi-bi-si xizmati tashrif tafsilotlarini o'rganish maqsadida Janubiy Qozog'iston viloyati hokimiyatiga qo'ng'iroq qildi. Go'shakni ko'targan navbatchi mas'ul ikki Prezident uchrashuvidan xabari yo'qligini bildirdi.

"Bizda bugun dam olish kuni. Mirziyoyev kelganidan xabarim yo'q. Ikki kun oldin Nazarboyev kelganini bilaman", dedi hokimiyat mas'uli.

O'zbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistondan so'ng o'zining ikkinchi davlat tashrifini aynan Qozog'istonga amalga oshirgan edi.

22-23 mart kunlari bo'lib o'tgan tashrif davomida umumiy hisobda 1 milliardl AQSh dollarilik shartnoma imzolangan.

Qozoq jurnalistlari delegatsiya tarkibida 250 dan ortiq o'zbekistonlik ishbilarmonlar ham ishtirok etgani uchun uni "tarixiy uchrashuv" deya baholashgan.

Tashrif arafasida Olma-ota va Toshkent shaharlari o'rtasida tezyurar poyezd qatnovi yo'lga qo'yildi.

Qozog'iston tomonining ma'lum qilishi, O'zbekiston bilan chegarada yana ikki o'tish nazorat nuqtasi barpo qilinadi. Amalda bo'lgan uchta chegara o'tish nuqtalari 24 soatlik ishlash tizimiga o'tadi.

Hozircha ikki davlat o'rtasida faqat bitta chegara nazorat nuqtasi 24 soat ishlaydi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг

Bu mavzuda batafsilroq