Shomahmudovlar haykali yana Toshkent markaziga qaytmoqda

ҳайкал Image copyright Nuz.uz

Islom Karimov davrida bir kechada Toshkent markazidan chetga chiqarib o'rnatilgan Shomahmudovlar oilasi haykali yana markazga qaytishi mumkin. Ikkinchi Jahon urushida 15 yetimni asrab olgan temirchi Shoahmad Shomahmudov oilasini sharafiga o'rnatilgan majmuaning markazdan olib tashlanishini rasmiylar obodonlashtirish ishlari bilan tushuntirgan edi.

Haykalning yana poytaxt markaziga ko'chirilishi haqida O'zbekiston va Rossiyadagi bir necha nashrlar o'z manbalariga tayanib xabar bermoqda.

Regnum axborot agentligining Toshkent shahar hokimiyatidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, yodgorlik majmuasi Toshkentdagi sobiq Bobur, hozirda "Xalqlar do'stligi" deya o'zgartirilgan istirohat bog'iga ko'chiriladi.

"Novosti Uzbekistana" nashrining yozishicha, majmuani ko'chirish rejasi yil boshidan beri bor. Uni qayerga o'rnatish bo'yicha bir necha takliflar berilgan va "Xalqlar do'stligi" bog'i maqbul deb topilgan.

Shomahmudovlar oilasi tarixi Rahmat Fayziyning «Hazrati inson» romani va rejissyor Shuhrat Abbosovning «Sen yetim emassan» filmi uchun asos bo'lgan. Asrab olingan bolalar orasida rus, belarus, moldavan, yahudiy, latish, qozoq, nemis va tatarlar bo'lgan.

Xalqlar do'stligi monumenti Toshkentda 1982 yilda o'rnatilgan.

Bir kechada ko'chirilgan haykal

Toshkent markazidan xalqlar do'stligi ramzi bo'lgan Shomahmudovlar oislasi haykali 2008 yil, 12 aprel kuni tunda ko'chirib tashlangan edi. Uni Toshkentga janubiy viloyatlardan kirib kelishda yo'l yoqasiga o'rnatishgan.

Majmua joylashgan "Xalqlar Do'stligi" saroyi nomi ham o'zgartirilib, "Istiqlol" san'at saroyi deb nom berilgan.

O'shanda haykal olib tashlanishi va saroy nomi o'zgartirilishi sababini ayrim rasmiylar oddiygina qilib Toshkentning 2200 yillik yubileyi oldidan poytaxtda amalga oshiriladigan obodonlashtirish ishlarining bir qismi deya tushuntirishgan.

Taxminlarga ko'ra esa buning mafkuraviy yoki shahar muhandisligiga oid sababi bo'lishi mumkin.

O'zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon Islom Karimov davrida hukumat Sho'ro tizimini yodga soladigan barcha madaniy yo adabiy meroslarni yoppasiga tugallashga kirishdi va buni kelgusi avlodni milliy istiqlol g'oyasi ruhida tarbiyalash zarurati bilan izohlab keldi.

Ikkinchi Jahon urushi payti yetim bolalarni asrab qolgan Shomahmudovlar oilasiga qo'yilgan haykal ham o'zbek xalqining bolajonligi va mehmondo'stligi ramzi sifatida ko'rilgan bo'lsa-da, bu aslida Sho'ro, kommunistik partiya mafkurasining mahsuli bo'lgan.

Masalaga ayni shu nuqtai nazardan qaralgani ehtimoli bildirilgan edi.

Bu ikki o'zgarish - haykalning olib tashlanishi va saroyning qayta nomlanishi aksar rusiyzabon aholi va matbuotda o'ziga xos bir aks-sado bergandi.

Ular buni O'zbekistonning Rossiyadan uzoqlashishi yo'lidagi harakati, o'tmishdagi yakdillik va ruhan birlik rishtalarni uzish deya baholashgan edi.

Bir kechada o'zgargan siyosat

Biroq 2016 yili 2 sentyabr kuni O'zbekistonning ilk Prezidenti Islom Karimov vafot etib, uning o'rniga hokimiyat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoyev sovet ramzlariga ustozidan boshqacharoq qarashini namoyon qilmoqda.

Islom Karimov iste'moldan chiqarishga uringan "Xalqlar do'stligi" iborasi yana kirib kela boshladi.

Shu yilning yanvar oyida "Bobur" parki "Xalqlar do'stligi" nomiga o'zgartirildi. Endi u yerga Karimov shahar chetiga chiqarib tashlagan haykal o'rnatilishi ma'lum qilinmoqda.

Sho'rolar davrida g'alaba kuni sifatida nishonlangan 9 mayni Karimov xotira va qadrlash kuniga o'zgartirgandi. Bu yillar davomida Rossiyadan farqli ravishda 9 may o'tganlarni xotirlash kuni sifatida nishonlandi.

Biroq shu kunlarda Toshkent ko'chalarida alvon bayroqlarni ko'tarib olgan yoshlarning Ikkinchi jahon urushi yillaridagi sovet harbiylarining kiyimlarini kiyib, urush davri mashinalarida Toshkent ko'chalaridan namoyishkorona o'tishi kuzatildi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМканалимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг