Propiskasiz yashaganlar uchun jarima kamayadi

прописка

O'zbekiston deputatlari mamlakatda pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorini kamaytirish tashabbusi bilan chiqqan. Bunga bu borada odamlardan tushgan ko'plab shikoyatlar sabab bo'lgani aytilmoqda. Propiska tizimiga barham berish borasida hech narsa deyilmagan.

Shu vaqtgacha O'zbekistonda propiskasiz, pasportsiz yashash, pasportni yo'qotish uchun eng kam ish haqining 3 barobarida jarima belgilangan. Ayni kunda bu 450 ming so'm yoki Markaziy Bank kursi bo'yicha 121 dollarni tashkil qiladi.

Jarimalarni qisartirish tashabbusi haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bergan.

Unda aytilishicha, 28 aprel kuni Parlament quyi palatasining navbatdagi majlisi bo'lgan. Majlisda bir qator masalalar bilan pasport tizimi qoidalarini buzish uchun jarima miqdori muhokama qilingan.

Deputatlar yangi tartib bo'yicha shu yil boshidan buyon har oy hududlarga safar qilmoqda. Xabarda aytilishicha, ana shunday safarlar davomida jarima miqdorining ko'pligidan shikoyatlar va oqibatlar ham o'rganilgan.

"Jarimaning 450 ming so'm, ya'ni ancha yuqori miqdori fuqarolarning, ayniqsa kam ta'minlangan oilalar a'zolari bo'lgan fuqarolarning pasport olmasligiga yoki ularni amal qilish muddati o'tganidan keyin almashtirmaslikni afzal ko'rishlariga olib kelgan", - deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Xabarda Parlament a'zolari jarima miqdorining eng past me'yorini aniqlashtirgan holda uning miqdorini pasaytirish maqsadida qonun hujjatlariga tegishli o'zgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqanligi aytilgan.

Biroq jarimaning qancha bo'lishi borasida xabar berilmagan.

O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 223-moddasida pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarima belgilangan.

"Pasporti bo'lishi shart bo'lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo'lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo'yicha hisobda turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yo'qolishi eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi", - deyiladi 223-moddada.

Krepostnoy dehqonlar uchun joriy qilingan tizim

O'zbekiston o'z fuqarolariga propiska tizimini joriy qilgan va uni buzganlarni jarimaga tortuvchi kamdan-kam davlatlar sirasiga kiradi.

Propiska tizimi XV asrda Rus krepostnoy (yarim qul) dehqonlari uchun o'ylab topilgan tizim ekanligi aytiladi.

Chor Rossiyasi O'rta Osiyoni bosib olganidan so'ng ushbu tizimni mahalliy odamlarning erkin harakatlanishiga monelik qilish uchun kiritgan.

Ushbu tizim Sho'rolar davrida ham saqlanib qolgan.

Propiskaning oddiy odamlar hayotiga salbiy ta'sir qilishi O'zbekiston mustaqil bo'lganidan so'ng yaqqol sezila boshlagani kuzatiladi.

Propiska sabab ko'plab malakali kadrlar poytaxtda ishlash imkoniyatidan mosuvo bo'lgani va shu sabab O'zbekistonni tark etayotgani aytiladi.

Shu vaqtgacha bu muammo o'zbek matbuotida deyarli ko'tarilib chiqilmagan.

Biroq O'zbekistonda oliy hokimiyat almashgach internet nashrlarida propiska muammosi haqida yozila boshlandi.

Hatto kun.uz saytidan chiqqan tanqidiy maqoladan so'ng 7 yildan beri turmush o'rtog'ini Toshkentga propiskaga qo'ya olmay eri bilan ajralish arafasida turgan ayolning muammosi ijobiy hal etilgan.

Saytga qilingan yana bir murojaat xatida Toshkent viloyatida o'zi sotib olgan yer uchastkasiga uy solib, o'z uyida 6 yildan beri vaqtinchalik propiskada turgan o'qituvchining muammolari aks etgan.

U pasport tizimi to'g'risida qonun ishlab chiqaruvchi deputatlarga murojaat qilgan.

"Qonunni ijrosi bilan shug'ullanadiganlarga e'tirozim yo'q, o'sha qonunni ishlab chiqadiganlarga «biz ham halqingizning bir bo'lagimiz», deyman, xolos. Sirdaryoda otam ham, akam ham bir kasb, bir fan egalarimiz, u joyda menga ish yo'q, hozirgi ishlayotgan joyimda ya'ni, Toshkent viloyatida bir emas, ikki emas, men bilgan uchta maktabda mutaxassis yetishmaydi, shulardan hozirda ikkitasida ishlab kelmoqdaman", - deydi Ixtiyor.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМканалимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг

Bu mavzuda batafsilroq