‘Albatta g'alaba qozonishadi, men ularga ishonaman’

Ҳасанбой Дўсматов Image copyright AFP

Boks bo'yicha so'nggi Rio Yozgi Olimpiadasi kumush medali sovrindori Shahram Giyasov Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida Osiyo chempionligi uchun o'z kurashini boshlagan jamoadoshlarining imkoniyatlarini xuddi ana shunday baholadi.

"Ularga avvalambor juda ham katta omad tilab qolaman. Ularning hammasi (Osiyo chempionatiga - tahr.) juda yaxshi tayyorgarlik ko'rishdi. Janglariga 100 foiz darajada tayyor va albatta, g'alaba qozonishadi. Men ularga ishonaman va albatta borib, dalda bo'lib o'tiraman", - deydi Shahram Giyasov:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
‘Албатта ғалаба қозонишади, мен уларга ишонаман’

Boks bo'yicha Toshkent mezbonlik qilayotgan bu yilgi Osiyo chempionati 30 aprel kuni rasman ochilgan va 7 may kuniga qadar davom etadi.

Birinchilikda O'zbekistonni teng yarmi Rio Yozgi Olimpidasi chempioni va sovrindorlaridan iborat ja'mi 10 nafar:

1.Hasanboy Do'smatov

2. Jasurbek Latipov

3. Murodjon Ahmadaliev

4. Elnur Abduraimov

5. Iqbol Xoldorov

6. Shahram Giyasov

7. Isroil Madrimov

8. Bektemir Meliqo'ziev

9. Sanjar Tursunov

10. Bahodir Jalolov bokschisi namoyon etadi:

Hasanboy Do'smatov, Bektemir Meliqo'ziev va Murodjon Ahmadalievlar esa, Rio Yozgi Olimpiada O'yinlari sovrindorlari bo'lishdan tashqari, boks bo'yicha so'nggi Osiyo chempionatining oltin va kumush medallari sohiblari bo'lishadi.

Ta'kidlash joiz, boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi allaqachon bu yilgi Osiyo chempionatini ketma-ket g'alaba bilan boshlagan.

O'zbekistonlik bokschilar orasidan dastlabki g'alabani pokistonlik raqibini osonlik bilan mag'lub etib, kecha - 30 aprel kuni -52 kg vazn toifasida Jasurbek Latipov qayd etdi.

Rio Yozgi Olimpiadasi bronza medali sovrindori Murodjon Ahmadaliev esa, -56 kg vazn toifasida ilk jangida zafar qozongan va Osiyo chempionligi uchun kurashish huquqini saqlab qolgan o'zbekistonlik ikkinchi bokschi bo'ldi.

Bugun - 1 may kuni yana to'rt nafar o'zbekistonlik bokschi bu yilgi Osiyo chempionati doirasida o'zlarining dastlabki janglarini o'tkazishadi.

Ularning orasida o'z vazn toifasi(-49kg)da so'nggi Rio Yozgi Olimpiadasi chempioni, boks bo'yicha 2015 yilgi Osiyo chempionati g'olibi, nomdor bokschi Hasanboy Do'smatov ham bor.

23 yoshli Hasanboy Do'smatov AIBA tasnifida amaldagi "Yilning eng kuchli bokschisi", Vel Barker Kubogi va "Oltin mangust" xalqaro mukofotlari sohibi bo'ladi.

Riodagisi o'zi bellashgan birinchi Yozgi Olimpiada O'yinlari bo'lganiga qaramay, Hasanboy Do'smatov O'zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi hisobiga ilk oltin medalni keltirgan sportchi ham bo'ladi.

"Endi, hammasi qatori o'g'limga ham omad tilayman. O'zbekiston bayrog'ini bu yil Osiyoda ham ko'tarishsin. Omadini bersin. Nafaqat men, hozir mahallamiz hammasi shu niyatda turishibdi. Mana, vaqt ham oz qolayapti. Hayajon ham shunga yarasha...", deydi Hasanboy Do'smatovning bugungi janggi arafasida otasi Ma'rufjon aka Hayitboev Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
'Ўғлимга ҳам омад тилайман'

Toshkent mezbonlik qilayotgan bu yilgi Osiyo chempionati qit'adan boks bo'yicha navbatdagi jahon chempionatiga asosiy saralash bosqichi vazifasini o'taydi.

Germaniyaning Gamburg shahri mezbonlik qilajak bu yilgi jahon chempionati shu yilning 25 avgust-3 sentyabr kunlari bo'lib o'tadi va unga Osiyo qit'asi vakillari uchun ja'mi 60 ta o'rin ajratilgan.

Toshkent mezbonlik qilayotgan Osiyo chempionatida esa, qit'aning 28 davlatidan 179 nafar bokschi g'oliblik va ana shu yo'llanmalar uchun kurash olib borishmoqda.

Boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi esa, medallar jadvali peshqadamligiga asosiy da'vogarlardan biri sifatida ko'riladi.

"O'zbekiston (boksda - tahr.) yana bir bor kuchliligi, Olimpiadada texnik jihatdan eng kuchli bokschiga beriluvchi Vel Barker Kubogi yoki (umumjamoa hisobida - tahr.) birinchi o'rinni olishi - tasodif bo'lmagani, ikkinchi bor ham o'zining kuchini ko'rsatishini tilab qolaman. Ishonaman, Xudo xohlasa, ular yana bir bor o'zining kuchini ko'rsatadi", - deydi o'zbekistonlik taniqli bokschi, O'zbekiston tarixidagi birinchi Yozgi Olimpiada O'yinlari chempioni Muhammadqodir Abdullaev Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
'Ўзбекистон яна бир бор ўзининг кучини кўрсатади'

O'zbekiston Bangkok mezbonlik qilgan boks bo'yicha 2015 yilgi Osiyo chempionatini 2 ta oltini doxil ja'mi 8 ta medal bilan yakunlagan, medallar jadvalida esa, qo'shni Qozog'istondan keyin 2-o'rinni egallab, yuqori uchlikdan joy olgan.

Toshkent shahri bungacha 1995 va 1999 yillarda qit'aning eng kuchli bokschilari ishtirokidagi Osiyo chempionatlariga mezbonlik qilgan.

O'zbekistonda yana 2015 yilgi o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionati, shuningdek, WSB butunjahon boks seriyasi va AIBA Pro Boxing loyihasi turnirining bir necha janglari o'tkazilgan.

Boks bo'yicha 29-Osiyo chempionati O'zbekiston poytaxti Toshkentdagi "O'zbekiston" sport majmuasida bo'lib o'tmoqda.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМканалимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг