O'zbekiston: so'roq uchun maxsus xona

Ўзбекистон Ички ишлар вазирлиги
Image caption Ички ишлар вазирлиги таркиби ҳам ўзгартирилади.

2018 yildan O'zbekistonda tergov doirasida so'roqqa tutilayotgan shaxs bilan savol-javob videokameraga yozib olinadi, militsiya idoralarida tergov uchun maxsus xonalar tashkil qilinadi.

Ushbu o'zgarishlar Prezident Shavkat Mirziyoevning Ichki ishlar idoralariga bag'ishlangan yangi qarorida ko'zda tutilgan.

Prezident Mirziyoev "Jinoyatlarni ochish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari" deb nomlangan qarorni tasdiqlagan.

Prezident qaroriga ko'ra, 2018 yil 1 yanvaridan ichki ishlar organlarida savol-javob matnini yozib borish, audio va videosini yozib olish, tergov jarayonini videokuzatish imkonini beradigan maxsus xonalar bo'lishi talab qilinadi.

Olib borilayotgan tergovlar shaffofligini ta'minlash maqsadida Tergov departamenti va hududiy bo'linmalari o'rtasida videoanjuman ko'rinishidagi aloqa tizimi joriy etilishi ko'zda tutilgan.

Shu yil 10 aprelda Prezident Mirziyoev Ichki ishlar organlari faoliyati to'g'risidagi farmonni imzoladi.

Farmonga binoan, O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi tarkibida qo'shimcha to'rtta boshqarma tashkil qilish, sakkiz bo'limni qaytadan tuzish rejalangan.

Ikkita bilim yurtini oliygohga aylantirish, qo'shimcha ravishda 999 ta miliitsiya tayanch punktlarini tashkil etish lozimligi, har bir tumanda yoshlar masalasi bo'yicha boshliq o'rinbosari yangi lavozimi tashkil qilish vazifasi topshirilgan.

O'zbekistonda 2016 yilning sentyabr oyida "Ichki ishlar organlari to'g'risida"gi qonun qabul qilingan

Qonun ijrosi 2017 yilning 17 martidan boshlandi.

Prezidentning 10 aprelda chiqqan farmoniga yozilgan sharhda aytilishicha, ushbu qonunni amaliyotga joriy etish imkoniyatlari bu sohada hali muammolar borligini ko'rsatgan.

"Biroq mazkur Qonun talablarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari, shuningdek, fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyatiga doir murojaatlarini o'rganish sohada hamon o'z echimini kutayotgan ko'plab muammo va masalalar mavjudligini ko'rsatmoqda", - deyiladi farmon sharhida.

Xalqaro tashkilotlar O'zbekiston huquq-tartibot tizimi va qamoqxonalarida qiynoqlar muntazam tus olganligi haqida hamisha xavotir bildirib kelganlar.

Lekin O'zbekiston rasmiylari buni rad etib kelishgan va hukumat xalqaro kuzatuvchilar hamda BMTning qiynoqlar bo'yicha maxsus ma'ruzachisi mamlakatga kelishiga izn bermay keladi.

O'zbekistonlik va xalqaro inson huquqlari himoyachilariga ko'ra, dastlabki tergov jarayonlari payti aybsiz insonlarning bo'yniga ayb qo'yib jinoyat ishini soxtalashtirish maqsadida qiynoqlar qo'llangan.

Mahalliy matbuot xabar qilishicha, O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi 1 maydan boshlab oddiy fuqarolar militsiya xodimlarining noqonuniy hatti-harakatlari ustidan shikoyat qilishlari mumkinligini ma'lum qilgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.

Bu mavzuda batafsilroq