O'zbekiston uchun kamida birinchi bronza medali naqd

Муроджон Аҳмадалиев Image copyright Reuters

So'nggi Rio Olimpiadasi, jahon va Osiyo chempionati sovrindori Murodjon Ahmadaliev boks bo'yicha Toshkent mezbonlik qilayotgan bu yilgi qit'a birinchiligida ayni shu yutuqqa erishgan birinchi o'zbekistonlik bokschi bo'ldi.

Murodjon Ahmadaliev -52 kg vazn toifasida bo'lib o'tgan chorak final bahsida butanlik raqibi Nima Dorjini nokdaun hisobiga mag'lub etdi.

O'zbekistonlik bokschi o'zining bu yutug'i bilan Osiyo chempionatining kamida bronza medalini naqd qilish bilan birga Germaniyada bo'lib o'tajak jahon chempionatiga ham yo'llanmani qo'lga kiritdi.

Bu yilgi Osiyo chempionati 30 aprel kuni O'zbekiston poytaxtida rasman ochilgan va 7 may kuniga qadar davom etadi.

Unda qit'aning 28 davlatidan ja'mi 179 nafar bokschi Osiyo chempionligi uchun kurash olib borishmoqda.

Bu bellashuvda sovrinli o'rinlarni egallagan bokschilar shu yil kuz oyida Gamburg mezbonlik qiluvchi jahon chempionatida ishtirok etish huquqini ham qo'lga kiritishadi.

Eslatib o'tish joiz, boks bo'yicha bu yilgi jahon chempionati uchun Osiyo qit'asiga ja'mi 60 ta yo'llanma ajratilgan.

Bu yilgi Osiyo chempionatida O'zbekistonni ja'mi 10 nafar bokschisi namoyon etmoqda.

Ulardan teng yarmi esa, so'nggi Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining g'oliblari va sovrindorlari bo'lishadi.

Bu bokschilarning orasida Murodjon Ahmadalievdan tashqari Hasanboy Do'smatov, Shahram Giyasov va Bektemir Meliqo'ziev kabi o'z bokschilik mahoratlari bilan jahon boks olamini tan oldirgan qo'lqop ustalari bor.

O'zbekistonlik bokschilarning barchasi dastlabki janglarini g'alaba bilan yakunlashgan va o'z yutuqlari bilan chorak finalga chiqish vazifasini allaqachon uddalab bo'lishgan.

Murodjon Ahmadalievdan tashqari qolgan 9 nafar o'zbekistonlik bokschi ham bugun o'zlarining chorak final janglarini o'tkazishadi:

-91 kg: Vasiliy Levit (Qozog'iston) - Sanjar Tursunov - 11:45 dan keyin

(Toshkentdan hozirgina olingan xabarlarga ko'ra, Sanjar Tursunov chorak final jangini qozog'istonlik raqibi Vasiliy Levitga boy berib qo'ygan va bu yilgi Osiyo chempionatini tark etgan).

-49 kg: Hasanboy Do'smatov - Jomart Erjan (Qozog'iston) - 14:00

-60 kg: Elnur Abduraimov - Farrand Papendang (Hindiston) - 15:30 dan keyin

-64 kg: Xung Ming Pan (Xitoy Taypeyi) - Iqboljon Xoldorov - 16:15 dan keyin

-75 kg: Eumir Marsial (Filippin) - Isroil Madrimov - 17:30 dan keyin

-52 kg: Jasurbek Latipov - Sing Bisht (Hindiston) - 19:00

-69 kg: Shahram Giyasov - Seon Xyong Li (Janubiy Koreya) - 19:45 dan keyin

-81 kg: Bektemir Meliqo'ziev - Shagboz Negmatulloev (Tojikiston) - 20:45 dan keyin

+91 kg: Bahodir Jalolov - Doxyeon Kim (Janubiy Koreya) - 21:45 dan keyin

Murodjon Ahmadalievning esa, yarim finaldagi raqibi allaqachon ma'lum.

U bu yilgi Osiyo chempionatining finaliga chiqish uchun Janubiy koreyalik bokschi Yong Xun Xanga qarshi jang o'tkazadi.

Murodjon Ahmadaliev Rio Yozgi Olimpiadasining bronza, jahon va Osiyo chempionatlarining kumush medallari sovrindori bo'ladi.

O'zbekistonlik qolgan bokschilar chorak final janglari natijalarini ham Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan birga kuzatib boring.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02