BMT inson haqlari komissari O'zbekistonga boradi

Бирлашган Миллатлар ташкилотининг Инсон ҳуқуқлари бўйича Олий комиссари Зейд Раъад Зейд ал-Ҳусайн Image copyright UN

O'zbekiston matbuoti xabar tarqatishicha, Birlashgan Millatlar tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zeyd Ra'ad Zeyd al-Husayn 10 may kuni O'zbekistonga tashrif buyuradi.

Bu BMT Inson haqlari komissarining Markaziy Osiyo mamlakatlariga ilk safari bo'ladi.

Xabar qilinishicha, janob al-Husaynning O'zbekistonga tashrifi ikki kun davom etadi.

Kun tartibida "O'zbekiston bilan BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarligi o'rtasidagi hamkorlikning hozirgi ahvoli hamda kelajakdagi hamkorligi bilan bog'liq masalalar" muhokama etilishi rejalangan.

Shu yil martida dunyo bo'yicha inson huquqlariga doir yillik hisobotini taqdim qilarkan, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zeyd Ra'ad al-Husayn ilk bor O'zbekistonni iliq so'zlar bilan e'tirof etgan.

Janob al-Husayn O'zbekistondagi inson huquqlari borasidagi ahvolni o'nglashga qaratilgan choralarni e'tirof etgan. Unga ko'ra, O'zbekistonda sudlar to'g'risida qabul qilingan qonunlar amal qilsa, ijobiy o'zgarishlarni kutish mumkin.

BMT inson huquqlari borasida O'zbekistonni maqtadi

BMT Oliy komissariga ko'ra, O'zbekistonning yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoev adliya tizimi samaradorligini oshirish, adolatli va mustaqil mahkama jarayonlarini ta'minlash yo'nalishida qonunlar qabul qilmoqda."Juda ham yaqinda, oktyabrda qabul qilingan huquq sohasida islohotlar to'g'risida qonunda adolatli mahkama jarayoni shartlari ham keltirib o'tilgan. Ushbu qonunning bajarilishi - O'zbekiston xalqi manfaati uchun ijobiy o'zgarishlarga xizmat qilishi mumkin", - deb aytgan Zeyd Ra'ad al-Husayn.

BMT mas'ulining ta'kidlashicha, qabul qilingan qonunlarning natijasi ayrim mahbuslarning, jumladan jurnalist Muhammad Bekjonning hibsdan ozod qilinishiga sabab bo'lgan.

2016 yil oktyabrida BMTning Taraqqiyot Dasturi va O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolangan edi.

O'zbekiston mustaqil bo'lganidan buyon har besh yilda BMTning Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasiga mamlakatdagi inson haqlari vaziyatiga doir hisobot berib keladi.

Chunki O'zbekiston fuqarolik va siyosiy huquqlari bo'yicha Xalqaro paktni imzolagan va xalqaro majburiyatini qay darajada ado etayotgani bo'yicha hisobot berib turishi shart.

Har doim hisobot topshirayotgan paytida O'zbekistonning hukumat hay'atiga inson huquq va erkinliklari davlat tomonidan qo'pol poymol etilayotganiga doir og'ir-og'ir savollar berilgan, biroq O'zbekiston tomoni qiynoqlar va boshqa O'zbekiston konstitutsiyasiga zid amallar majudligini inkor etib kelgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq