"O'zbekistondagi o'zgarishlar vaqt talab qiladi"

Европа Тикланиш ва Тараққиёт банки Президенти Сума Чакрабартининг матбуот анжумани Image copyright BBC UZBEK

Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki Prezidenti Suma Chakrabartining aytishicha, Toshkentga safari yakunida O'zbekistonda haqiqiy o'zgarishlar yuz bermoqda, degan xulosaga kelgan.

Bu haqda YTTB Prezidenti Suma Chakrabarti bankning yillik yig'ilishi arafasida tashkil qilingan matbuot anjumanida gapirgan.

Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining bu yilgi anjumani Kiprda 9-11 may kunlari bo'lib o'tadi.

Bankning Londondagi qarorgohida matbuot anjumani tashkillashtirgan YTTB Prezidenti Suma Chakrabarti Nikosiyadagi yillik uchrashuvda O'zbekiston ham ishtirok etishini ma'lum qildi.

O'zbekiston bilan Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining hamkorligi 2007 yildan muzlatib qo'yilgan edi.

2017 yilning mart oyida YTTB rahbarligidagi hay'at Toshkentga tashrif buyurdi.

16 mart kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev YTTB Prezidenti Suma Chakrabartini qabul qildi.

O'zbekiston hukumati bilan YTTB o'rtasida tabiatni muhofaza qilish loyihasida hamkorlik bo'yicha memorandum imzolangan.

Yevropa banki O'zbekistonga sarmoyalarni keskin ko'paytirishni xohlayotgani xabar qilindi.

O'zbekiston bilan hamkorlik boshlangan 1993 yildan buyon YTTB 54 loyihaga jami 500 million AQSh dollaridan ziyod mablag' yo'naltirgan.

2 may kuni YTTBning Londondagi qarorgohida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida Suma Chakrabarti O'zbekiston hukumati Evropa bankining Toshkentdagi faoliyatini qayta tiklashini xohlayotganini aytdi.

"O'zbek hukumati Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining O'zbekistonga qaytishini xohlagani uchun biz qaytdik. O'zbekistondagi xususiy sektor bizning qaytayotganimizdan juda mamnun", deb aytdi janob Chakrabarti.

"Mamlakatda janob Karimov vafotidan keyin siyosiy o'zgarishlar yuz bermoqda. Bu o'zgarishlarni Toshkentga tashrifim davomida men o'z ko'zim bilan ko'rdim. Men haqiqiy o'zgarishlar yuz berayapti, degan xulosaga keldim", deydi YTTB rahbari.

Image copyright Prezident.uz

"Bu o'zgarishlar islohotchilarning manfaatidadir. Prezident Mirziyoev islohotchilar jamlog'ida. YTTB islohotlarni hayotga tatbiq etishda yaxshi vosita bo'lib xizmat qilishi mumkin. Men Toshkentdaligim payti fuqarolik jamiyati vakillari bilan ham bafurja muloqotlarda bo'ldim. Biz O'zbekistondagi keng miqyosdagi fuqarolik jamiyati faollari bilan ikkita juda yaxshi, g'ayrioddiy uchrashuvlar o'tkazdik. Biz ular bilan mamlakatda yuz berayotgan o'zgarishlarni muhokama qildik. Albatta, hali juda ko'p narsa o'zgarishi kerak. Ular atigi bir necha oy mobaynida ancha ko'p o'zgarishlar allaqachon amalga oshganini ta'kidlashdi. Bu o'zgarishlar jumlasiga hukumatning oddiy aholi bilan, faollar bilan muloqot qilayotgani, maslahatlashayotganini kiritish mumkin. Iqtisodiy strategiya bo'yicha qanday ishlar qilinishi kerakligi muhokama qilinayapti. Bunday narsalar ilgari O'zbekistonda hech ham kuzatilmagan. Bu juda ham yaxshi. Men matbuot bilan, universitet talabalari bilan ochiq suhbatlashdim. Talabalar mendan O'zbekistondagi siyosat haqida qanday fikrda ekanimni so'rashdi. O'zbekistonda o'zgarishlar yuz bermoqda. Faqat ba'zan biz biror narsa haqida muayyan qarashda bo'lamizu, u narsa o'zgarayotgan bo'lsa, o'zgarayotganini darrov ilg'ay olmaymiz", dedi Suma Chakrabarti BBC O'zbek xizmatining Toshkentga safari taassurotlari haqidagi savoliga javoban.

"Lekin men aytamanki, O'zbekiston o'zgarayapti. Biroq bu o'zgarishlar vaqtni talab qiladi. Bu jarayonlar kurashni talab qiladi. Chunki eski tizimni qo'lida ushlab turganlarning ta'siri kamayishi kerak va bu narsa kurashni talab qiladi. O'ylashimcha, kelgusi 3-4 yil mobaynida biz eski tizim tarafdorlari va islohotchilar o'rtasida kurashning guvohi bo'lamiz. Bizning vazifamiz esa O'zbekistonga qaytib sarmoya kiritishni boshlashdan iborat. Biz mahalliy banklarga kredit liniyalarini yo'lga qo'yish uchun O'zbekistonda ofisimizni ochishimiz lozim. U erda ikki kishi bir necha yil davomida bir kvartirada ishlab kelishdi. O'zbekiston iqtisodiyotida ulkan diversifikatsiyani amalga oshirish lozim. O'zbekiston iqtisodiyoti butun mintaqa uchun juda muhim ekonomika hisoblanadi. O'zbekistonning Tojikiston, Qirg'iziston va Qozog'iston bilan munosabatlarini yaxshilayotgani bizni ham xursand qilmoqda. Aloqalar yaxshi tomonga o'zgarmoqda. Men umid qilamanki. kelajakda bizning o'zimiz yoki YTTB Osiyo Taraqqiyot banki bilan yoki boshqa banklar bilan chegaraosha loyihalarini ham hayotga tatbiq etamiz. Men O'zbekiston kelajagi borasida nekbinman", dedi janob Chakrabarti.

2003 yil mayidagi Toshkentdagi ETTBning yillik anjumani ko'pchilikning yodida qolgan.

Image copyright BBC UZBEK

YTTB yillik sammiti oldidan fuqarolik jamiyati va inson huquqlari faollari O'zbekiston hukumatidan muxolifat va o'zgacha fikrlovchilarga nisbatan bosim va tazyiqlarni to'xtatish, so'z erkinligiga yo'l berish, qiynoqlarni to'xtatish va bozor iqtisodi islohotlari va'dasini olish talabini qo'ydilar.

O'zbekiston hukumati bu islohotlarni amalga oshirish majburiyatini olmasa, EBRR yillik anjumanini Toshkentda o'tkazishdan voz kechishga chaqirdilar.

Bankning yillik anjumani arafasida Navoiy ko'chasidagi tramvay liniyasi olib tashlangan, birozdan keyin yana qayta yo'lga qo'yilgandi.

O'shanda ETTB boshqaruvi raisasi, Britaniyaning Taraqqiyot bo'yicha vaziri Kleyr Short "Eski Jo'va" bozoriga narx-navoni o'rganish uchun borgan, bozorda kartoshka-piyozlarning narx ko'rsatkichlari haqiqiy bahosidan bir necha baravar pasaytirib yozib qo'yilganidan Short xonimning o'zim ham xabardor bo'lgan edi.

O'z ma'ruzasida Kleyr Short, "O'zbekistonda diniy e'tiqodni cheklash, qiynoqlarni qo'llash va sud hokimiyatining fuqarolarning manfaat va huquqlarini himoya qilishga noqobilligi borasida jiddiy xavotirlar bor", deb aytgan.

Bu so'zlar marhum prezident Karimovning g'azabini keltirgan, u qulog'idagi tarjima quloqchinini ham olib qo'ygan edi.

YTTB O'zbekistonda siyosiy va iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga chaqirgan edi.

Yevropa banki oxirgi marta 2007 yili O'zbekistondagi "Hamkorbank"ka kredit ajratgan, shundan so'ng hamkorlik muzlatilgan edi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02