"O'zbek terrorchilari haqida ma'lumot Feysbukda e'lon qilinadi"

O'zbekiston Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov Image copyright BBC UZBEK

O'zbekiston Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizovning aytishicha, yaqin orada "barcha terrorchilar va jinoyatchilar haqida ma'lumot Internet ijtimoiy tarmoqlari, xususan, Feysbukda e'lon qilinadi.

Vazir Abdusalom Azizov ushbu choralarni O'zbekiston Ichki ishlar vazirligining "yana bir qadami" deb aytgan.

"Toki bu odamlarga boshqa mamlakatda boshpana, ish berayotgan har bir fuqaro bu kishining kimligini bilib olsin. O'ylaymanki, biz ushbu qadamga boramiz", deb aytgan Ichki ishlar vaziri.

2 may kuni Toshkentdagi Xalqaro Press-klubda Ichki ishlar vazirligi rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilingan.

Ichki ishlar vaziri va o'rinbosarlari jurnalistlarni qiziqtirgan qator savollarga javob qaytarganlar.

Xususan, vazir Abdusalom Azizov, O'zbekistonda "militsiya" degan atama yo'q, deb aytgan.

Image copyright BBC UZBEK
Image caption Xalqaro Press-klubda Ichki ishlar vazirligi rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil qilingan.

"Bu atama allaqachon o'tmishda qolib ketgan va hozirda O'zbekistonda faqatgina "ichki ishlar organlari" va "ichki ishlar organlari xodimi" degan atamalar mavjud", deb aytgan vazir janobla

Mustaqil O'zbekiston 25 yil mobaynida Ichki ishlar organlari va bu tizim xodimlarining qonuniy maqomini belgilab bergan yuridik hujjatsiz faoliyat yuritib keldilar.

So'nggi 5-10 yil davomida mahalliy faollar militsiya yoki politsiya haqidagi qonunni qabul qilish lozimligi, O'zbekiston militsiyasi hali SSSR zamonida qabul qilingan Nizom asosida faoliyat yuritib kelayotgani, bu esa militsiya xodimlarining o'zlari uchun ham ko'plab muammolarni yuzaga keltirayotgani haqida bong urib keldilar.

Mamlakat rahbariyati bir necha bor Ichki ishlar haqida qonun tayyorlayotganini aytib keldi.

Nihoyat, 2016 yilning sentyabr oyida O'zbekistonning "Ichki ishlar organlari to'g'risida"gi qonun qabul qilindi.

Qonun ijrosi 2017 yilning 17 martidan boshlandi.

2018 yil boshidan O'zbekiston Ichki ishlar idoralarida tergov uchun maxsus xonalar tashkil etishga qaror qilindi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02