VICHga chalingan Mavluda: 'Bu yukni qanday tashiyapman?'

VICHga chalingani haqida bilganida Mavluda 16 yoshda bo'lgan. Hozir u 20 yoshda.

U virusni o'z eridan yuqtirgandi.

O'shanda u o'zini hayoti nihoya topgandek his qilgan, ammo hozir kasalliklaridan xabar topganlarga dastak beradi.

O'tgan bir necha yil asnosida Tojikistonda VICHga chalingan ayollar soni ortgan. Ko'pda ular Rossiyaga borib ishlab kelayotgan mehnat muhojirlarining ayollaridir.

Tojikistonda VICHning tarqalishi jiddiy muammo bo'lib qolmoqda. Ayniqsa, mamlakat katta sondagi mehnat muhojirlari yetishtirib berishi nazarda tutilsa...

Respublika SPIDga qarshi kurash markazi ma'lumotiga ko'ra, mamlakat bo'ylab VICH va SPID bilan og'rigan 8 504 kishi ro'yxatga olingan. Ular jumlasiga ayni kasallik tufayli allaqachon vafot etgan 2 ming kishi ham kiradi.

1980 yillarning VICH virusi haqidagi qo'rqinchli afsonalari tojik jamiyatida hali hamon keng tarqalgan.

30 yildan ortiq vaqt ichida SPIDga qarshi kurash yo'lida erishilgan yutuqlar, mazkur xastalik qanday yuqishi va rivojlanishi borasidagi tushuntirishlarga qaramay, ko'plab tojikistonliklar hali ham VICH haqidagi afsonalarga ishonadilar va virusni yuqtirganlar hayotini jahannamga aylantirishadi.

Mavludaning hikoyasi

Image copyright Science Photo Library
Image caption VICH virusi yuqqan hujayra

Ota-onam meni 16 yoshimda turmushga berishdi. Mendan hech kim rozilik ham so'rab o'tirgani yo'q. Erimni ilk bor to'y kuni ko'rd

Maktabni bitirib, o'qishni davom ettirmoqchi, oliygohga kirmoqchi edim. Ammo ota-onam 9 sinfni tugatganimdan keyin hujjatlarimni olishdi. Ularni ko'ndirishga urinishlarim befoyda bo'ldi va men ota-onamning ixtiyorlariga qarshi borolmadim.

Erimning oilasi dindor edi. Ular ko'p yillar Rossiya yashashgan, u yerning fuqaroligini olishgandi. To'ydan so'ng men hijobga kirdim, erimning oldiga Rossiyaga ketdim. O'shanda u 25 yoshga kirgandi.

U yerda mening ota-onam ham ishlashardi. Ushbu ma'lumotli odamlar o'z vatanlaridan ish topa olmay, muhojirlikka ketishga majbur bo'lishgandi.

Ular erimning oilasi bilan o'sha yerda tanishishgan va to'yni ham kelishib olishgandi.

Men oilada yolg'iz qizman, ota-onam meni himoya qila oladigan va sevadigan yaxshi insonga berishni orzu qilishgan. Biroq hayot ular rejalagani kabi bo'lib chiqmadi.

16 yoshda men VICH nima, SPID nima, u insonga qanday yuqadi, mutlaqo bilmasdim. Faqat ushbu kasallik bilan og'riganlar hayotdan ko'z yumishlaridan xabardor edim.

Virus bir kun mening hayotimga ham daxl qila olishini esa tasavvur qila olmasdim.

To'ydan bir necha oy o'tgach, o'zimni yomon his qila boshladim. Onam meni shifokorga olib bordi. Bergan dori-davolar foyda qilmadi. Meni shamollash, qanaqadir ayollar kasalliklari, charchoqqa qarshi davolashdi. Ammo biror bir shifokor menga VICH uchun tekshiruvdan o'tishni maslahat bermadi.

16 yosh, hijobli, dindor bir oilaning qizi bu holga tushishi mumkinligi hech kimning xayoliga ham kelmasdi.

Biroz vaqt o'tib, men homilador bo'ldim. Shunda meni analizlar topshirishga jo'natishdi. Keyin tibbiyot markazidan qo'ng'iroq qilib, SPIDga chalinganimni aytishdi. Aynan SPID deyishdi.

Qanchalar dahshatga tushganimni ta'riflash qiyin. O'zimga kelib, erimning ota-onasiga aytishga shoshildim. Qaynotam xotirjamlik bilan hech qanday qo'rqinchli narsa yo'qligi, hozir har ikki odamdan biri ayni xastalikni tashishi haqida aytdi.

O'shanda faqat erim emas, balki butun oila uning VICHga chalinganidan boxabar bo'lganini bildim. Va hech kim na meni va na ota-onamni bu haqda ogohlantirmagan. Keyin men uning giyohvand qabul qilgani, VICHga qarshi davolanganidan xabar topdim. To'ydan keyingina u muolajani to'xtatgan ekan. Mening nima uchun u doim dori ichishi haqida so'rashim mumkinligidan qochib, buni istamagan ekan.

U mening darmonsizligim sababini ham bilgan va churq etmagan. Men homilador bo'lganimdan keyin ham sukut saqlagan. Bu hayotimning eng dahshatli davri edi.

Uch marta o'zimni o'ldirishga urindim. Ruhshunosga uzoq vaqt davolandim. Erim va uning oilasi virusni yuqtirganimdan keyin ajralmasligimga ishonishgan.

Men esa bunday yolg'onni kechira olmadim. Iltijolar, so'rovlarga qaramay, biz ajrashdik. Men vatanimga qaytdim. Yolg'on va hayotimni barbod qilganlarini kechirishim qiyin edi.

Bir necha oy o'tib, o'g'lim tug'ildi. Tug'ruqxonada u bir haftadan ortiq yashamasligini aytishdi. Ammo o'g'lim 8 oy yashadi.

Men o'g'limning o'lishini bilardim. Meni bunga ruhan tayyorlashardi. Ammo o'limga, ayniqsa, bolangizni o'limiga hozir bo'lishingiz imkonsiz.

Og'ir kunlarimda ota-onam, oilam dastak bo'lishdi. Ular meni kollejga kirish istagimni qo'llab-quvvatlashdi. Xuddi shunday kunlarni boshlaridan kechirganlar menga tirgak bo'lishdi.

Tojikistonda VICHga chalinganlarga juda boshqacha ko'z bilan qarashadi. Ular tom ma'noda o'z hollariga tashlab qo'yiladi. Ko'plar nafaqat xastalarni tushunmaydilar, tushunishni ham istashmaydi.

Kollejga kirganimdan keyin men Ta'lim vazirligidan maktub oldim. Unda mening byudjet asosidagi fakultetda o'qishim sababi keltirilgandi.

Kollej direktori menga ochiqdan-ochiq tahdid qildi. U boshqa talabalarga virus yuqtirishim mumkinligidan qo'rqqandi.

Men unga bunday narsa bo'lishi mumkin emasligini tushuntirishga urindim. Davolanayotganim, dorilar qabul qilayotganim, men sog'lom insonlar uchun mutlaqo xavfsiz ekanimni aytdim. Ammo u eshitishni ham istamadi.

U hatto meni kabinetiga qo'ymadi. Holatimni hammaga aytish bilan tahdid qila boshladi.

Men, albatta, uni huquqlarimni poymol qilayotgani uchun jinoiy javobgarlikka torta olardim, ammo tushunib yetganim shu bo'ldiki, keyin talabalar va o'qituvchilar menga qarshi zaharli bir kampaniyani boshlashlari mumkin edi.

Men axir hammaga qarshi kurasha olmayman, har kuni har bir kishini gunohsizligim va hech kimga xavf emasligimga ishontira olmayman.

Men boshqa joyga o'qishga kirdim. VICH va SPID haqida yetarli ma'lumotlar borligiga qaramay, odamlar bu kasallik haqida deyarli hech narsa bilishmaydi.

Vaqt o'tgach, men do'stlarimga VICH bilan og'rishimni oshkor qildim. Odamlar bunga tayyor bo'lganlaridan keyingina aytdim. Ammo ular dahshatga tushdilar.

Aksariyat holatlarda VICHga chalinganlarni aynan boshqalarda ko'ra bu muammodan ko'proq ma'lumoti bor bo'lgan shaxslar ajratib qo'yishadi.

Bir kun rentgenga tushishimga to'g'ri keldi. Tibbiy daftarchamni ko'rgan shifokor meni kabinetidan quvib soldi.

Boshida onam ham men ovqat yeydigan idishlarni ajratishga urinardi. Menga doim bitta idish berilayotganini payqay boshladim. Hatto, onam ham kasalim boshqalarga yuqishidan qo'rqardi.

Bu meni juda xafa qildi. Axir meni turmushga bergan ular emas edimi?

Men gunohsiz gunohkorga aylanib qolgandim.

VICH bilan yashayotganlarning aksari yaxshi ta'lim olmagan odamlar. Ular orasida migrantlar, giyohvandlarning xotinlari, shifokorlar xatosi tufayli bu dardga chalinganlar bor. Ular juda qo'rqib yashaydilar.

Men turmushga chiqdim. Turmush o'rtog'im ham VICHni yuqtirgan. Farzand kutyapmiz. Umid qilamizki, u sog'lom tug'iladi.

Men oliy ma'lumotli bo'lmoqchiman, davlat organlariga ishga kirib, keyin VICH haqida odamlarning qarashlarini o'zgartirmoqchiman. Qoliplarni sindirish kerak bu masalada...

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02