Tolibon va IShID to‘qnashdi

ИШИД Image copyright video

Mintaqaviy tahlilchilarga ko'ra, Tolibon bu bilan Afg'onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari bilan bevosita chegaradosh va strategik jihatdan o'ta muhim shimoliy, shimoliy-sharqiy mintaqalarida IShID jangari guruhi kuchayishining oldini olmoqchi.

Bu hududlarda faqat o'z ta'sirini saqlab qolmoqchi, Afg'onistonda yagona eng yirik va qudratli janggari guruh sifatida qolmoqchi.

Xabar qisqa tafsilotlarini videolavhamizda ham tomosha qilishingiz mumkin.

"Afg'onistonning Balx viloyati O'zbekiston, Jauzjon va Faryob Turkmaniston, Qunduz esa, Tojikiston bilan bevosita chegaradosh joylashgan. Bu viloyatlar strategik joylashuvi jihatdan juda muhim. Buni Afg'oniston Tolibon harakati yaxshi biladi. Rossiya ham xuddi shu bois toliblar bilan aloqada. Chunki har ikki tomon ham bu hududlarda IShID guruhi faollashuvi va kuchayishiga qarshi", - deydi Pokistondan Tolibon masalalari bo'yicha mutaxassis Rahimulloh Yusufzay Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

Suhbatdoshimizga ko'ra, xuddi shu bois ham, hozir Afg'onistonning bu mintaqasida avvallari kuzatilmagan bir shaklda yangi ittifoqlar bo'y ko'rsatmoqda.

"Afg'onistondagi eng yirik janggari guruh - Tolibon harakati bo'ladi. Bu IShID bo'ladimi, O'zbekiston Islomiy harakati va yoki Pokistondagi boshqa bir janggari guruh, Tolibon ularning kuchayishi va o'z qudrati uchun tahdidga aylanishini istamaydi", - deya o'z so'zlarida davom etadi Rahimulloh Yusufzay.

Rasmiy Kreml ham so'nggi paytlarda "Afg'oniston Tolibon harakati bilan yaqinlashish harakatida" ekaniga oid xabarlarni takror va takror aynan Afg'onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqida IShID jangari guruhi faollashuvi bilan bog'liq xavotirlari bilan izohlagan.

Harakat bilan "muloqotda" ekanliklari sababini ham "IShIDga qarshi kurashda manfaatlari bir-biriga mos" ekani bilan tushuntirgan.

Ammo Afg'oniston Tolibon harakatiga, hatto, "qurol-yarog' etkazib berish"ga tushib qolganliklariga oid AQSh tomonining so'nggi yillarda takror va takror yangrab kelayotgan bayonotlarini izchil ravishda rad etib keladi.

Ta'kidlash joiz, ikki raqib guruh o'rtasidagi "shiddatli jang" Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stum Yaqin Sharqda deyarli parokanda bo'lib ulgurgan IShID guruhi Markaziy Osiyo davlatlarini ko'zlab, Afg'oniston shimoliga minglab jangarilarini sizdirish niyatida ekaniga oid ogohidan qisqa vaqt o'tmay kuzatilgan.

Jauzjon esa, general Abdulrashid Do'stumning ona viloyati bo'ladi.

Suhbatdoshimiz Rahimulloh Yusufzayning aytishicha, bu ikki guruh hozir an'anaviy ravishda Afg'oniston shimolida juda katta qudratga ega bo'lib kelgan Afg'oniston birinchi vitse-prezidentining o'ziga ham tahdidga aylanib borishmoqda.

Boshqa tomondan, qaqshatqich qurolli to'qnashuv Afg'oniston Tolibon harakatining bu yilgi bahorgi amaliyotiga oid bayonoti arafasida yuz bergan.

Tolibon

Image copyright courtesy

Harakat juma kungi bayonotida Afg'onistondagi o'z nazorati ostida bo'lgan hududlarni yanada kengaytirish, allaqachon o'z ixtiyorida bo'lgan mintaqalarni taraqqiy toptirishdan tashqari, u erlarda o'z siyosatini targ'ib etish istagini ham bayon qilgan. Bu yil o'zlarining ham harbiy va ham siyosiy jabhada ish olib borishlarini ta'kidlagan.

Tolibon joriy paytda Afg'oniston hududining 10 foiziga egalik qilsa, yana 20 foizidan ortiqrog'ida ularning hozirliklari borligi aytiladi.

Londondan Mudofaa masalalari bo'yicha harbiy tahlilchi Pol Rojers esa, Afg'oniston shimoli-sharqidagi kuni-kechagi ittifoqchilarning bugun nega raqibga aylanishgani sababini xuddi mana shu omil bilan izohlaydi.

"Amerika tomonining ishonishicha, hozir Afg'oniston hududining 57 foizigina afg'on hukumati nazorati ostida. Bor-yo'g'i o'tgan yil bu raqamlar 72 foizni tashkil etgan. Shunday ekan, toliblar hozir oshig'imiz olchi kelmoqda, degan bir o'yda. IShID jangarilari esa, xuddi shu manzarada Tolibon nazorati ostida bo'lgan hududlarga ko'z tikishmoqda. U erlarga kirib borish, toliblarni o'zlari bilan hisoblashishga majbur qilishmoqchi. Shunday qudratga ega bir kuch sifatida tan oldirishmoqchi. Bunga IShID guruhining o'tgan oy poytaxt Kobuldagi harbiy kasalxonaga qarshi uyushtirgan hujumi ham misol. Chunki oradan oy o'tib, Tolibon shimoliy Balx viloyatidagi harbiy bazani nishonga oldi. Bular barchasining afg'on hukumati qanchalik bosim ostida qolayotgan bir paytda kuzatilayotgan nazarda tutilsa, voqealarning so'nggi rivoji Afg'oniston shimoli-sharqida ham bugun bu ikki jangari guruh o'rtasida qudrat uchun talash boshlanganiga dalolat qiladi", - deydi tahlilchi Pol Rojers.

Uning aytishicha, bu kabi vaziyat Afg'onistonga chegaradosh barcha mintaqa davlatlari uchun birdek xavotirli bo'lmay qolmaydi.

"Hozir Afg'onistonda bo'lgan xorijiy ittifoq qo'shinlarining soni 13 mingdan ortadi va ulardan aksariyatini amerikalik harbiylar tashkil etishadi. Amerika katta ehtimol bilan Afg'onistondagi o'z harbiylari sonini oshirishga boradi. Ammo Tolibon harakati o'zining bu yilgi bahorgi amaliyotiga oid bayonotida kelasi bir necha oyning o'zidayoq xorijiy ittifoq qo'shinlarini nishonga olishga va'da qilgan. Ustiga ustak, siyosiy jabhada ham kurash olib borishini aytgan. Ya'ni, Tolibon bu bilan o'zlariga milliy birdamlik hukumati sari yo'l ochishda davom etmoqchi. Agar, o'z fuqarolarining ham toliblar saflarida jang qilishlari va bu to'qnashuvlarning shundoqqina biqinlarida kechayotgani nazarda tutilsa, mavjud holat Afg'onistonga bevosita chegaradosh mintaqa davlatlarining yaqqol xavotirlariga sabab bo'lmay qolmaydi", - deydi suhbatdoshimiz.

Ilk jang

Image copyright courtesy

O'tgan ikki yil ichida aynan Afg'oniston shimoli va shimoli-sharqida yaqin ittifoqchi sifatida ko'rilgan bu ikki janggari guruh o'rtasidagi dastlabki shiddatli jang kuni-kecha mamlakatning Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyatida kuzatilgan.

Mintaqadan olingan xabarlarga ko'ra, ikki kunlik qaqshatqich janglarda har ikki raqib tomon ham o'nlab jangarilarini boy berishgan.

Ammo, shunda ham, Jauzjon viloyati hokimi matbuot voizi Muhammad Rizo G'afuriyning Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, jangarilarining soni bir necha barobar kam ekaniga qaramay, IShID toliblarga jiddiy talofat etkazishga muvaffaq bo'lgan.

Suhbatdoshimizga ko'ra, Jauzjonning, yillarki, ikki eng beqaror tumani - Darzob va Qo'sh-Tepada kechgan bu "shiddatli janglar"da 100 tacha IShID jangarisiga 500 ga yaqin tolib qarshi chiqqan.

Uning so'zlaridan ayon bo'lishicha, har ikki janggari guruh ham bu jang uchun Afg'onistonning shimoliy va shimoliy-sharqiylari qolib, hatto, g'arbiy viloyatlaridan ham o'z jangarilarini mazkur hududga keltirishgan.

"Ikki kunlik o'zaro janglarda ja'mi 91 nafar jangari o'lgan bo'lsa, shundan 76 tasi toliblarning hisobiga to'g'ri keladi. Ularning orasida Tolibonning ikki tuman uchun tayin etgan hokimi va qator qo'mondonlari ham bor. Bundan tashqari, IShID jangarilari toliblarning ayrim tuman hokimlari muovinlari va bir nechta yuqori martabali qo'mondonlarini asir olishga ham muvaffaq bo'lishgan. O'zlari esa, ikki qo'mondonlari doxil bor-yo'g'i 15 nafar jangarilarini boy berishgan", - deydi Muhammadrizo G'afuriy.

Suhbatdoshimizning aytishicha, bu asirlar hanuz IShID jangarilarining qo'lida qolmoqda.

Hududdagi vaziyat hanuz o'ta hassos, hatto, hozir ham tomonlar yangi jangga shay, deydi u.

Jauzjon viloyat hokimi matbuot voizining aytishicha, har ikki raqib taraf o'rtasidagi qaqshatqich qurolli to'qnashuvga ham IShID jangarilari tomonidan toliblar yiqqan katta miqdordagi o'lponning tortib olinishi va ular giyohvand moddalar kontrabandachilari etakchilaridan birining o'ldirilishi sabab bo'lgan.

Muhammad Rizo G'afuriyning aytishicha, ham IShID va ham Tolibonning ta'siri katta bo'lgani bois, jang maydoni o'laroq har ikkovlon ham Jauzjon viloyatining bu ikki tumanini tanlashgan.

Ammo Afg'onistonning butun shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalari nazarda tutilganda ham, oxirgi paytlarda, ayniqsa, Darzob tumanida IShID jangarilarining faollashib borayotganiga oid xavotirlar kuchaygan.

Shu yil boshida, hatto, ularga qarshi kurashish uchun o'nlab afg'on ayollari qo'llariga qurol olishga majbur bo'lishgani, IShID guruhining o'z zindonini tashkil qilib, mahalliy aholi ustidan mahkamalar o'tkazishgacha borayotganiga oid xabarlar ham olingan.

Jauzjon viloyati hokimi matbuot voizi Muhammadrizo G'afuriyning aytishicha, bu ikki jangari guruh Shibirg'on shahridan Darzob va Qo'sh-Tepaga eltuvchi yo'llarni ham to'sib qo'yishgan.

"Shu bois ham vaziyatni tinchitish uchun afg'on harbiylarining u erlarga quruqlik orqali etib borishlari imkonsiz", - derkan, suhbatdoshimiz, "havodan ko'mak so'rab, o'zlarining markaziy afg'on hukumatiga murojaat qilishgani, ammo Afg'onistonning boshqa qator shimoliy viloyatlarida ham harbiy amaliyotlar borayotgani bois, hozircha ko'mak borasidagi so'rovlari bejavob qolayotgani"ni ham qo'shimcha qiladi.

Darzob va Qo'sh-Tepa

Image copyright courtesy

Agar, orada Jauzjon viloyati hokimi matbuot voizi Muhamadrizo G'afuriy bilan qilgan suhbatlarimiz tafsilotlariga tayanilsa, IShID so'nggi paytlarda toliblar hisobidan o'z saflarini kengaytirib, ham Darzob va ham Qo'sh-Tepada yanada faollashish harakatida.

Unga ko'ra, bu masalada IShID guruhiga O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolari ko'mak berishmoqda.

Birgina o'tgan yilning o'zida bu ikki tumanga harakatga a'zo 55 oila kelib o'rnashishgan. Ammo ularning qaerdan o'tib kelishgani ma'lum emas, deydi matbuot voizi.

Uning so'zlaridan ma'lum bo'lishicha, bu jangarilar Tolibon va IShID o'rtasida vositachilik qilishmoqda, IShID ga toliblar hisobidan o'ziga yangi jangarilar yollashiga ko'mak qilishmoqda.

Jauzjon - Afg'onistonning IShID jangari guruhining Markaziy Osiyo bilan bevosita chegaradosh bir viloyati uchun tayin etgan hokimi ilk bor qo'lga olingan viloyat bo'ladi.

Hodisa o'tgan yil avgust oyida yuz bergan, hibsga olingan hokim Mavlaviy Boz Muhammad Jauzjonning aynan Darzob va Qo'sh-Tepasida IShID jangari guruhining faoliyatini yoyish istagida bo'lgani aytilgandi.

Xuddi o'sha yilning oktyabr oyida esa, IShID jangarilari bor-yo'g'i bir necha kunning o'zida o'nga yaqin tinch fuqaroni o'ldirishgan, qurbonlar orasida keksalardan tashqari, ayollarning ham borliklari aytilgan.

Hatto, afg'onistonlik mas'ullarning o'zlari ham, G'arb boshchiligidagi katta sondagi xorijiy ittifoq qo'shinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarligi ortidan, bu kabi holatga guvoh bo'lishmaganini e'tirof etish darajasiga borishgandi.

Ammo orada kechgan vaqt davomida IShID jangari guruhi o'zlariga qarshi yangrayotgan bu kabi bayonotlarning birortasiga rasman munosabat bildirishmagan. Shu paytgacha Jauzjondagi qotilliklarga ham mas'uliyatni hech bir shaklda o'z zimmalariga olib chiqishmagan.

Afg'oniston birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Do'stumning yaqinda qilgan bayonotiga tayanilsa esa, O'zbekiston Islomiy harakati marhum hamasoschisi va rahbari Tohir Yo'ldoshning o'g'li ham qator jangarilari bilan aynan Jauzjon viloyatining Darzob tumaniga o'tgan.

O'g'lining IShID guruhi nomi ostida Afg'onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy viloyatlarida faollashish harakatida ekaniga oid xabarlar otasi - Tohir Yo'ldosh o'limidan qariyb o'n yilcha o'tib o'rtaga chiqqan.

Shimollik mas'ullar O'zbekiston Islomiy harakati marhum rahbarining o'g'li Saripul va Jauzjon viloyati o'rtasidagi mintaqalarda katta moliyaviy imkoniyat bilan faoliyat boshlaganidan jiddiy tashvishlarini izhor etish darajasiga ham borishgandi.

General Abdulrashid Do'stum esa, mavjud voqe'lik Afg'oniston shimolida IShIDga qarshi kurash masalasiga jiddiy e'tibor qaratish lozimligini taqozo etishini aytgandi.

IShID jangarilari

Image copyright video

Hozir Afg'onistonning Turkmanistonga bevosita chegaradosh Jauzjon viloyatining birgina bu ikki eng beqaror tumanidagi IShID jangilarining soni o'nlab ekani taxmin etiladi.

Jauzjondagi IShID jangarilariga asli darzoblik, yoshi 30 lardan oshgan, Tolibon harakatining sobiq nufuzli qo'mondonlaridan biri - Qori Hikmat ismli shaxsning boshchilik qilishi aytiladi.

"Qori Hikmat hozir IShID jangari guruhining Afg'oniston shimolidagi asosiy qo'mondonlaridan biri bo'ladi. U joriy paytda Afg'onistonning ikki shimoliy viloyati - Jauzjon va Faryobda faol. Bu hududlarda afg'on hukumati uchun tahdidga ham aylanib ulgurgan. Aynan saflarini Qori Hikmat tark etgani bois, bu erlarda toliblarning so'nggi yillarda qayta kuchayib borayotgan ta'siri zaiflashgan. Shu bois ham, hozir toliblar Qori Hikmatga qarshi chiqishmoqchi. Ular egallab turgan hududlarni qo'lga kiritishmoqchi, saflaridagi jangarilarni o'zlariga qaytarishmoqchi", - deydi Pokistondan Rahimulloh Yusufzay.

Londondan xalqaro harbiy tahlilchi suhbatdoshimiz Pol Rojers Afg'oniston Tolibon harakati tomonidan yaqinda e'lon qilingan va ilk bor lideri Hibatulloh Oxunzodaning ovozi zabt etilgan videolavhada yangragan da'vatlarni ham qisman mavjud voqe'likka bog'laydi.

Unda Hibatulloh Oxunzoda o'z jangarilariga "kofirlarning do'stlariga shafqat qilmaslik", "musulmonlarga nisbatan esa, o'ta shafqatli bo'lishlari"ni maslahat bergandi.

"Hozir Afg'oniston shimolida oddiy toliblar va IShID guruhiga aloqador unsurlar o'rtasida jiddiy nifoq mavjud. Bu unsurlar esa, Afg'oniston Tolibon harakatidan hafsalalari pir bo'lgan, avvalgisidan ko'ra yanada radikallashgan sobiq toliblardir. Jauzjonda ikki tomon o'rtasida yaqinda kechgan va taraflar o'nlab jangarilarini boy bergan jang bunga bir misol. Tolibon lideri esa, o'zining bu chiqishi bilan ichki nifoqlar o'zlariga ta'sir qilmagani, bu yilgi bahorgi amaliyotlari chog'ida afg'on hukumat kuchlariga qarshi turish uchun katta sondagi toliblar hanuz birdam ekanliklarini ko'rsatmoqchi bo'ldi. Buning bundan boshqa izohi yo'q", - deydi Pol Rojers.

Yaqin Sharqdagi IShID guruhi o'zining mintaqadagi ilk tarmog'iga 2015 yilning boshida Pokistonda asos solgan.

Ammo o'tgan yil boshida Afg'onistonning Pokistonga bevosita chegaradosh sharqiy Nangarxor viloyatini o'zining Yaqin Sharqdagi xalifatining viloyati, deya e'lon qilgan.

G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining 2014 yilgi ommaviy safarbarliklari ortidan kechgan o'tgan ikki yil ichida Afg'onistonga har tomondan sizib kirishga muvaffaq bo'lgan, O'zbekiston Islomiy Harakati a'zolari va sobiq toliblar hisobidan o'ziga yuzlab yangi jangarilar yollashga muvaffaq bo'lgan.

IShID guruhi mintaqadagi ilk tarmog'ining dastlabki ikki lideri etib ham Afg'oniston va Pokiston Tolibon harakatining o'z vaqtida marhum Mulla Muhammad Umarga yaqin bo'lgan ikki sobiq yuqori martabali qo'mondonini tayin etgan.

Boshqa tomondan, IShID guruhining ham Afg'oniston va ham Pokistonda faollashuvi Tolibon saflarida ilk bor parchalanish yuz bergan bir paytga to'g'ri kelgan.

Ayrim mintaqaviy tahlilchilar nazdlarida, o'z qadamini Afg'onistonga qo'ya olishida Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga aynan, so'nggi yillarga kelib, Tolibon harakati saflarida kuzatilayotgan tarqoqliklar yaxshigina qo'l kelgan.

Ammo, shunda ham, Tolibon harakati rahbariyatining IShIDning mintaqada faollashish sa'y-harakatlariga qarshi mavqei keskin bo'lgan.

Harakat rahbariyati xuddi o'sha yilning o'zida IShID guruhi va Yaqin Sharqdagi islomiy xalifati xalifi Abu Bakr al-Bag'dodiyga ochiq maktub bilan chiqqan, ularni Afg'onistondan uzoqroq turishga da'vat qilgandi.

Tolibon butun harakat nomidan ekanini bildirgan maktubida o'sha paytda dunyodagi eng qudratlisi bo'lgan bu jangari guruhdan "o'zlari va Afg'onistonning ichki ishlariga aralashmasligi"ni so'ragan.

O'z navbatida, harakat IShID guruhini Afg'onistondan ortiq jangari yollamaslikka ham da'vat qilgan.

Buning ortidan esa, guruhni, agar, o'z da'vatlariga quloq tutmasa, qarshi javob berishga majbur bo'lishlari bilan ham ogohlantirgan.

Qaqshatqich janglar

Image copyright courtesy

O'tgan ikki yil vaqt oralig'ida Afg'onistondagi IShID guruhi jangarilarining an'anaviy ravishda Tolibon harakatining tayanch nuqtalari sifatida ko'rib kelingan hududlarga ko'z tikkani, toliblar bilan qaqshatqich janglarga kirishib ketgani ham ayon bo'lgan.

Xabarlarda raqib tomonlarning bu janglarda o'nlab jangarilarini ham boy berishgani aytilgan.

Bu kabi holat Afg'onistonning qator sharqiy, g'arbiy va janubiy viloyatlarida deyarli bir vaqtning o'zida kuzatilgan.

Xalqaro harbiy tahlilchilar bahosida anchayin diplomatik tilda bitilgan bu maktubda Tolibon harakati "Afg'onistondagi amerikalik ishg'olchilar va ularning qullariga qarshi jihod yagona bayroq, yagona rahbariyat va yakto qo'mondonlik ostida bo'lishi shart"ligini ham urg'ulagan.

Bunga shar'an faqat o'zlari haqli ekanliklari va Afg'onistonda o'zlariga hamohang ravishda yana bir boshqa guruhning faoliyat yuritishiga hojat ko'rmasliklarini ham bayon qilgan.

Xalqaro harbiy tahlilchilar bu maktubi bilan liderlari qolgan toliblarni IShID saflariga o'tishdan qaytarishni ham maqsad qilganini aytishgandi.

Tolibon harakati esa, so'nggi o'n yilliklarda mintaqada etakchi jihodchi guruh bo'lib kelgan.

Harakat millatchi g'oyaga ega, asosini ham mahalliy pashtun qavmiga mansub jangarilar tashkil etishadi.

Har ikki Tolibon harakati ham shu paytgacha e'tiborlarini faqat Afg'oniston va Pokistonga qaratib kelishgan, u erda o'z islomiy xalifaliklarini barpo etishni maqsad qilishgan.

Lekin rahbariyatining xuddi ana shu da'vati manzarasida ham, toliblarning 2001 yildan buyon Afg'onistonda erishishga muvaffaq bo'lgan eng yirik yutuqlari ham aynan IShID jangarilari boshchiligida mamlakat shimoli-sharqida uyushtirgan yirik hujumlari hisobiga to'g'ri kelgan.

Toliblar, mahalliy afg'on mas'ullari nazdlarida, yuzlab IShID jangarilari boshchiligi ostida Afg'onistonning Tojikistonga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatiga keng ko'lamli, muvofiqlashtirilgan hujumlar uyushtirishning uddasidan chiqishgan, muayyan muddat bo'lsin, takroran markazi Qunduz shahrini bosib olishga muvaffaq ham bo'lishgan.

O'zbekiston Islomiy harakati

Image copyright video

Yaqin-yaqingacha Afg'oniston va mintaqadagi eng yirik janggari guruhlar sanaluvchi Tolibon harakati, "al-Qoida" va "Haqqoniy" tarmog'ining yaqin ittifoqchisi sanalgan O'zbekiston Islomi harakati esa, 2015 yilda Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga bay'at keltirgan, lideri Usmon G'oziy esa, xuddi o'sha yili o'zlarining to'lig'icha Afg'onistonga qaytganliklarini bayon qilgandi.

Afg'onistonda Tolibon tuzumining qulatilishi bilan yakun topgan AQSh boshchiligidagi ittifoq qo'shinlarining 2001 yilgi harbiy amaliyotlari ortidan kechgan 14 yil davomida guruh asosan Pokistonning qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasidan boshpana topib kelgan.

IShIDga bay'at keltirib, uning Afg'onistondagi Xuroson qanotiga qo'shilishidan so'ng O'zbekiston Islomiy harakati Afg'onistonning, ayniqsa, janubiy Zobul va sharqiy G'azniy viloyatlarida anchayin faol bo'lgan.

Harakat shov-shuvli odam o'g'irlash hollariga qo'l urgan, ulardan birining boshini tanasidan juda etgani aks etgan videolavhasini oshkor qilishi ortidan, shundoqqina Markaziy Osiyoning biqinidagi Afg'onistonga Yaqin Sharqdagi IShID guruhining shafqatsiz jang olib borish usullari kirib kelayotganiga oid jiddiy xavotirlarga ham asos bergandi.

Buning ortidan, afg'on hukumati ularga qarshi keng ko'lamli qator harbiy amaliyotlarga qo'l urgan, orada Afg'onistonning ayni shu ikki sharqiy viloyatida O'zbekiston Islomiy harakati va Tolibon o'rtasida qaqshatqich janglar kechganiga oid xabarlar ham olingan.

Buning ortidan "The Long War Journal" nashrida liderining mintaqadagi an'anaviy ittifoqchilaridan voz kechish qarori uning tarafdorlari uchun halokatli bo'lgani haqida maqola ham chop etilgan.

"Aynan toliblar bilan janubiy Zobul viloyatida kechgan janglarda ular mag'lubiyatga uchragan, G'oziyning aksariyat izdoshlari o'ldirilgan, o'zining taqdiri esa, noma'lum: ayrim gap-so'zlarga ko'ra, u janglar mahali o'ldirilgan va yoki asirga olingan", deb yozgandi nashr.

O'shandan buyon harakat lideri Usmon G'oziyning taqdiri noma'lumligicha qolgan, ammo guruhning ingliz va arab tillarida bitilgan o'tgan yilgi bayonoti tafsilotlaridan lideri Usmon G'oziyning aynan IShIDga bay'at keltirish qarori ortidan, 2015 yil harakat saflarida parchalanish yuz bergani anglashilgan.

O'zbekiston Islomiy harakati saflaridan yana Tolibon va "al-Qoida"ga tarafdorlik qiluvchi o'zagi ajralib chiqqani, ularning hanuz Afg'onistonda faol ekanliklari ham ma'lum bo'lgandi.

Ammo o'zini qayta boshdan O'zbekiston Islomiy harakati, deb nomlagan bu guruh xuddi shu bayonotida yangi liderining nomini ochiqlamagan, "xavfsizlik nuqtai nazaridan" bunday ish tutishganini bildirish bilan kifoyalangandi, xolos.

Pokistondan suhbatdoshimiz Rahimulloh Yusufzayning aytishicha, O'zbekiston Islomiy harakatining Zobuldagi Tolibon bilan kechgan o'sha qaqshatqich janglardan omon qolgan a'zolari hozirga kelib Afg'oniston shimolidan boshpana topishga muvaffaq bo'lishgan va ular aynan Qori Hikmat va boshqa IShID qo'mondonlarining himoyasi ostida.

"Afg'oniston Tolibon harakati esa, voqealarning bu kabi rivojidan xavotirda. Shu bois ham, toliblar ularga qarshi jang olib borish, mag'lub etishga harakat qiladi. Tolibon IShID va O'zbekiston Islomiy harakatining Afg'onistonda ma'lum bir hudud nazoratini qo'lga kiritib, o'zlariga tahdid solishlarini istamaydi", - deydi u.

Suhbatdoshimizga ko'ra, o'tgan 15 yil davomida G'arb boshchiligidagi ittifoq kuchlariga qarshi jang olib borib kelayotgani bois, Afg'oniston Tolibon harakati o'zining qudrati borasida yuqori fikrda va xuddi bois ham, joriy bosqichda nazoratni hech kimga berib qo'yish niyati yo'q.

Uning aytishicha, Tolibon harakati joriy paytda Afg'onistondagi eng kuchli jangari guruh bo'ladi va bu ikkovlonga bas kelaman, desa, etarli darajada jangarisiga ega, xohlagan paytda istagan sondagi jangarisini ularga qarshi tashlashga qodir.

"Ammo Tolibon olib borayotgan jang yirikroq. Ya'ni, toliblar bir vaqtning o'zida ham afg'on hukumati va ham xorijiy ittifoq qo'shinlariga qarshi jang olib borishadi. Shu bois ham, Tolibon barcha zahirasini IShID va O'zbekiston Islomiy harakatiga qarshi sarflashga bormaydi", - deydi bu suhbatdoshimiz.

Qudratli Tolibon

Image copyright Afghan Islamic Press

Rahimulloh Yusufzayga ko'ra, "qudratli Tolibon ham Markaziy Osiyo, ham Rossiya va ham Xitoyning foydasiga bo'lad

"Chunki Tolibon IShID yoki O'zbekiston Islomiy harakati bilan yagona ittifoqqa kirishgan taqdirda, bu davlatlar uchun rostmana tahdidga aylanadi. Ya'ni, ularni qo'llab, boshpana berib, mintaqa davlatlariga qarshi Afg'oniston tuprog'idan foydalanishlariga izn beradi. Shu bois ham, Rossiya va Xitoy Tolibon bilan yaxshi munosabatda bo'lmoqchi, IShID va O'zbekiston Islomiy harakatiga qarshi kurashda u bilan ittifoqchilikka bormoqchi...Ular o'rtasida bugun kuzatilayotgan yaqinlikning asosiy omili ham xuddi ana shunda", - deydi suhbatdoshimiz.

Ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko'ra esa, aynan Yaqin Sharqdagi bu guruhning Afg'onistondagi faollashuvi oxirgi paytlarda Tolibon harakatining tinchlik muzokaralariga anchayin moyillik ko'rsatayotgani voqe'ligi ortida turgan asosiy omil ham bo'lishi mumkin.

So'nggi paytlarda aynan Rossiya va Xitoy afg'on mojarosiga tinch yo'l bilan echim topish sa'y-harakatiga tushib qolishgan, bu yo'lda Afg'oniston Tolibon harakati bilan muloqotlar olib borishayotganini ham hech kimdan sir tutmay qo'yishgan.

Rasmiy Pentagonning Afg'onistondagi harbiylari sonini keskin oshirish qarori hali-hanuz noayon qolayotgan bir manzarada, AQSh yangi Mudofaa vaziri Jeyms Mettis ham sulhu madora haqida so'z yuritib qolgan.

Jeyms Mettis kuni-kecha Afg'oniston poytaxtida bergan ilk rasmiy matbuot anjumanida Tolibon mamlakat siyosiy hayotida ishtirok etmoqchi bo'lsa, zo'ravonliklardan tiyilib, terrorchilikka "yo'q", deyishi shartligini bayon qilgandi.

Afg'oniston Tolibon harakati saflarida ham afg'on hukumati bilan tinchlik muzokaralariga moyil unsurlar borligi nishonalari ko'zga tashlangan.

Ammo, Londondan Mudofaa masalalari bo'yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojersning aytishicha, etakchisi o'zlarining afg'on hukumatiga qarshi kurashda hanuz yakdil ekanliklariga ishora qiluvchi so'nggi videochiqishi bilan bular barchasini yo'qqa chiqarishga harakat qilgan.

Joriy paytda Afg'onistondagi Tolibon jangarilarining soni kamida 40 ming atrofida chamalansa, afg'on va Amerika kuchlarining so'nggi paytlarda olib borgan ustma-ust harbiy amaliyotlari ortidan, IShID guruhi a'zolarining soni bir ming atrofiga tushib qolgani aytiladi.

Ammo bu raqamlarni mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni yo'qligi ham e'tirof etiladi.

Afg'onistondan olingan eng so'nggi xabarlarga ko'ra esa, Jauzjondagi oxirgi vaziyat manzarasida poytaxt Kobulda Turkmaniston tomoni bilan qo'shma xavfsizlik qo'mitasining to'rtinchi yig'ini ham bo'lib o'tgan.

Ayon bo'lishicha, mazkur yig'in chog'ida ham xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirish, o'zaro chegara xavfsizligini yanada mustahkamlash masalasiga asosiy e'tibor qaratilgan.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.