O'tgan ikki kun ichida beshinchi zilzila

Харита Image copyright courtesy

Bu kabi ustma-ust er qimirlashini asosan O'zbekiston va Tojikiston poytaxti aholisi sezishgan.

O'zbekistondagi qator internet nashrlarining yozishlaricha, zilzila Toshkent viloyati va Farg'ona vodiysini ham titratib o'tgan.

O'tgan 49 soat ichida yuz bergan beshinchi zilzila Evropa-O'rtaerdengizi seysmik markazi tomonidan qayd etilgan.

Markaz rasmiy veb sahifasidagi ma'lumotdan ayon bo'lishicha, navbatdagi er silkinishi kuchi 5,9 ballni tashkil etgan.

Zilzila Tojikiston va O'zbekiston sharqida sezilgan.

Seysmologlarga ko'ra, er silkinishi markazi bu gal O'zbekistonning Namangan shahridan 164 kilometr uzoqlikka to'g'ri kelgan.

Qisqa vaqtning ichida ketma-ket kuzatilayotgan zilzilalar bu ikki qo'shni mamlakat aholisini tashvishga solmay qo'ymagan.

Ular "o'z tajribalari"ni turli ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida ham o'rtoqlashishga tushib ketishgan.

Internet foydalanuvchilari "er yaxshigina silkingani"ni yozisharkan, ularning orasida "bo'ldi-da, endi", deguvchilari ham ozmuncha bo'lmagan.

Tojikiston Favqulodda vaziyatlar bo'yicha vazirligining rasman bildirishicha, yangi zilzila kuchiga qaramay, hozircha talafotlar va vayronagarchiliklarga oid xabar olishmagan.

3 may kuni tong sahar ham mintaqa qo'shaloq er silkinishiga sahna bo'lgan. Ularning kuchi 5,7-5,9 ballni tashkil etgan.

Zilzila markazi esa, Tojikiston poytaxti Dushanbedan 257 kilometr, Qorakenja shahridan 26 kilometr uzoqlikka to'g'ri kelgan.

Natijada Tojikistonning ayrim qishloqlaridagi bir necha uyga ziyon etgani aytilgan, insoniy talafotlar kuzatilmagan.

Buning ortidan yuz bergan zilzila esa, 4 may kuni mahalliy vaqt bilan tun paytiga to'g'ri kelgan.

Bu gal er silkinishi kuchi 5 ballni tashkil qilgan, markazi esa, Dushanbe shimoli-sharqidan 263 kilometr uzoqlikka to'g'ri kelgan.

Uning ortidan takroriysi ham yuz bergan, seysmologlar uning kuchini 5,2 ball, deya qayd etishgan.

O'tgan ikki yil ichida esa, mintaqada seysmik faollik ortgani kuzatiladi.

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari va ungi qo'shni qator mintaqa davlatlari sahna bo'layotgan bu kabi er silkinishlari ko'pchilikning qo'rquv va tashvishlariga ham sabab bo'lmay qolmagan.

Ammo avvalroq Toshkentdagi Zilzilashunoslik instituti mutaxassislari xavotirlarga o'rin yo'qligini aytishgan.

O'zbekiston hududida yirik talofatlarga olib keladigan zilzilalar yuz berishi kutilmayotganini bildirishgandi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02