'Islom Karimov deb ataladi, yaxshilanadi'

Тошкент халқаро аэропорти Image copyright courtesy

Toshkent xalqaro aeroportiga O'zbekiston marhum prezidenti Islom Karimov nomi berilgan.

Unda oliy darajada xizmat ko'rsatilishini ta'minlashga qaror qilingan.

Bu haqdagi farmoyish prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 4 may kuni rasman imzolangan.

O'zbekistonning yangi rahbari Toshkent xalqaro aeroportida oliy darajada xizmat ko'rsatilishini ta'minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va taqdim etishlari uchun mas'ul idoralarga bir oy muhlat bergan.

O'z farmoyishi ijrosini nazorat etish mas'uliyatini esa, mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov zimmasiga yuklagan.

O'zbekistonni chorak asrdan ko'proq vaqt davomida boshqargan Islom Karimov o'tgan yil 2 sentyabr kuni insult oqibatida 78 yoshida vafot etgan.

U o'zining ona shahri Samarqandda dafn etilgan.

Shu yil yanvar oyi oxirida O'zbekistonning yangi prezidenti Islom Karimov nomini abadiylashtirish to'g'risidagi farmoyishga imzo chekkan.

Mazkur farmoyishda O'zbekiston poytaxtidagi Oqsaroy Islom Karimov nomidagi fond va yodgorlik majmuasiga aylantirilishi, Samarqandda maqbara, Toshkent va Qarshida marhum prezident haykallarining qayd rostlashi ham ko'zda tutilgan.

O'zbekiston marhum prezidenti nomini qay tariqa abadiylashtirish mavzusi uning o'limi ortidan ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida ham eng ko'p muhokama etilgan mavzulardan biriga aylangan.

Toshkent xalqaro aeroportiga uning nomini berish taklifi ushbu muhokamalar chog'ida eng ko'p ilgari surilgan takliflardan biri bo'lgandi.

O'zbekistonni chorak asrdan ko'proq vaqt mobaynida boshqargan Islom Karimov qattiqqo'l va ziddiyatli rahbar sifatida ko'riladi.

Uning tuzumi siyosiy muxoliflarga toqatsizligi va inson haqlarini qo'pol ravishda poymol etishi bilan nom chiqargan.

Ammo mamlakat ichkarisida Karimov O'zbekistonni mustaqillik sari olib borgan va barqarorlikni ta'minlagan rahbar sifatida e'tirof etiladi.

Bor-yo'g'i o'tgan yil oxirida Toshkent xalqaro aeroporti jahondagi eng yomon beshtasidan bittasi, deb topilgan.

Bu kabi xulosaga The Guide to Sleeping in Airports sayti kelgan.

Ularning xulosasi 26 mingdan ziyod yo'lovchining fikriga tayangan.

So'rov ishtirokchilari qulayligi, tozaligi, binolari, mashg'ul bo'lish imkoniyatlari, taomlar tanlovi, xavfsizligi va yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish darajasiga qarab, dunyo aeroportlariga baho berishgandi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02