To'la militsionerlar bo'shatilmoqda

Милиция ходимлари Image copyright Getty Images

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi ishga kirishgan, vazni og'irlikdan azob chekayotgan o'n nafar militsiya xodimini ishdan chetlatgan.

Yana yuzlabini tezda ozish, aks-holda, o'z vazifalarini topshirib qo'yishlariga to'g'ri kelishi bilan ogohlantirgan.

Bu haqda Bi-bi-si Rus Xizmatining Dushanbedagi muxbiri Anora Sarkorova xabar bergan.

Tojikiston Ichki ishlar vaziriligi matbuot voizi Umarjon Emomali bu xususda izoh berishdan bosh tortmagan.

Uning so'zlariga ko'ra, bu militsiya xodimlarini birdaniga xizmat vazifasidan chetlatishmagan.

Avval ogohlantirishgan, ammo ular aytilgan muhlatda ozishning uddasidan chiqishmagan.

Tojikiston Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzodaning aytishicha, ortiqcha vazn militsiya xodimlarining faoliyatiga to'g'ridan-to'g'ri ta'sir qiladi. Ularning mehnat samaradorligini pasaytiradi.

Vazir Ramazon Rahimzodaga ko'ra, militsiya xodimlarining vazni bilan bog'liq muammo faqat so'nggi yillarga kelib dolzarblik kasb etgan.

Ortiqcha vaznga egalarining soni ko'payib ketgan va shu bois ham, vazirlik ayni muammo bilan " qizg'in kurashish"ga kirishgan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rahbariyati nazdida tojik militsioneri yaxshi ishlash barobarida, chiroyli ko'rinishi ham kerak.

Muxbirimizga ko'ra, hatto, bu vazirlik qoshida huquq-tartibot xodimlarining bo'yi va vaznini nazorat etib boruvchi maxsus hay'at ham tashkil etilgan.

Ammo, shunda ham, vazir Ramazon Rahimzodaga ko'ra, vaznidan tashqari faoliyati bilan bog'liq qolgan ko'rsatkichlari risoladagidek bo'lsa, bu militsiya xodimi o'z vazifasini davom etdirish imkoniyatiga ham ega.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi so'nggi yillarda o'zining g'ayriodatiy buyruqlari bilan tilga tushib ulgurgan.

Vazirlik yaqinda barcha militsiya xodimlarining oyida kamida ikki marta teatrga tushishlarini shart qilib qo'ygandi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02