O'zbekistonda kamida to'qqizta kumush medal

Ҳасанбой Дўсматов Image copyright Reuters

Hozirgina o'zining yarim final jangini yakunlagan Bahodir Jalolov Toshkent mezbonlik qilayotgan bu yilgi Osiyo chempionatining final bosqichiga chiqqan o'zbekistonlik to'qqizinchi bokschi bo'ldi.

Bahodir hali birinchi raunddayoq final jangi uchun yo'llanma taqdirini o'z foydasiga hal qildi.

Shu bilan qit'a birinchiligida o'zbekistonlik bokschilar ishtirokidagi yarim final janglari o'z nihoyasiga etdi.

Bu yilgi Osiyo chempionatida O'zbekistonni ja'mi 10 nafar bokschisi namoyon etgan bo'lsa, ulardan to'qqiz nafari finalga chiqdi.

Ular bu kabi yutuqlari bilan qit'a birinchiligining kamida kumush medallarini o'zlariga naqd qilishdi, Osiyo chempionligi uchun kurashish huquqini saqlab qolishdi.

Eslatib o'tish joiz, o'zbekistonlik bu bokschilar hali yarim finalga chiqish bilan bu yilgi jahon chempionatiga ham yo'llanmani qo'lga kiritishgan.

-91 kg vazn toifasida o'zbekistonlik o'ninchi bokschi Sanjar Tursunovda ham hali bunday imkoniyat bor.

Sanjar, agar, ertaga eronlik bokschi Salar Gulaminni mag'lub etsa, jahon chempionligi uchun kurash huquqini qo'lga kiritadi.

Osiyo chempionligi uchun final janglari 6-7 may kunlari o'tkaziladi.

Shu bilan 30 aprel kuni O'zbekiston poytaxti Toshkentda rasman ochilgan bu yilgi qit'a birinchiligi o'z poyoniga etadi.

Hozirgina yakunlangan navbatdagi yarim final jangi ortidan, Rio Olimpiadasi sovrindori Shahram Giyasov bu yilgi qit'a birinchiligining finaliga chiqqan sakkizinchi o'zbekistonlik bokschi bo'ldi.

Shahram Giyasov final bosqichiga yo'llanma uchun eronlik raqibi Sajjad Kozimzodaposhtiriga qarshi ringga ko'tarildi.

O'zbekistonlik bokschi ishtirokidagi bugun hisobidan sakkizinchi yarim final jangi to'liq uch raund davom etdi. Shiddatli kechdi.

Yakunida hakamlarning yakdil qarori bilan g'alaba Shahram Giyasov hisobiga yozildi.

Yana birozdan keyin o'zbekistonlik so'nggi bokschi - Bahodir Jalolov Osiyo chempionligi uchun kurashish huquqini saqlab qolish uchun ringga tushadi.

Biroz avval yakunlangan navbatdagi yarim final jangi ortidan, Iqboljon Xoldorov bu yilgi qit'a birinchiligining finaliga chiqqan ettinchi o'zbekistonlik bokschiga aylandi.

Image copyright Gazeta.uz

Undan avval yarim final jangida qozongan g'alabasi ortidan, Rio Olimpiadasi va Osiyo chempioni Hasanboy Do'smatov bu yilgi qit'a birinchiligining finaliga chiqqan oltinchi o'zbekistonlik bokschi bo'lgand

Hasanboy Do'smatov -49 kg vazn toifasida final yo'llanmasi uchun jangni hindistonlik raqibi Amitga qarshi o'tkazdi.

To'liq uch raund davom etgan yarim final jangi ortidan, Hasanboy Do'smatov hakamlarning yakdil qarori bilan g'olib, deya e'lon qilindi.

Uning g'alabasi ortidan, bu yilgi Osiyo chempionatining final bosqichiga chiqib, o'zlariga kamida kumush medallarni naqd qilgan o'zbekistonlik bokschilarning soni oltitaga etdi.

Jasurbek Latipov, Murodjon Ahmadaliev va Elnur Abduraimov ortidan, Bektemir Meliqo'ziev va Isroil Madrimov ham bu yilgi qit'a birinchiligining finaliga chiqishdi.

Rio Olimpiadasi, yoshlar o'rtasidagi so'nggi jahon chempionatining kumush medali sohibi, amaldagi Osiyo chempioni Bektemir Meliqo'ziev o'zining yarim final jangini xitoylik bokschi Jyabin Xuanga qarshi o'tkazdi va birinchi raunddayoq final yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

Isroil Madrimov esa, bu kabi huquqni qo'lga kiritgan boshqa bir o'zbekistonlik bokschi bo'ldi.

Isroil final uchun bo'lgan jangda qozog'istonlik raqibi Abilxan Amanqulni mag'lub etishning uddasidan chiqdi.

U o'zining bu yutug'i bilan qolgan to'rt jamoadoshi kabi bu yilgi Osiyo birinchiligining kamida kumush medalini o'ziga naqd qildi.

Bu ikkovlondan oldin ringga chiqqan jahon va Osiyo chempionatlari sovrindori Elnur Abduraimov bu yilgi qit'a birinchiligining finaliga chiqqan o'zbekistonlik uchinchi bokschi bo'ldi.

Elnur Abduraimov -60 kg vazn toifasida o'zining yarim final jangini xitoylik raqibi Jun Shanga qarshi o'tkazdi.

O'zbekistonlik so'nggi jahon va Osiyo chempionatining bronza medali sovrindori hakamlarning yakdid qarori bilan to'liq uch raund davom etgan jangni o'z foydasiga hal qildi.

Bundan sal avval Rio Olimpiadasi, jahon va Osiyo chempionatlari sovrindori Murodjon Ahmadaliev Toshkent mezbonlik qilayotgan qit'a birinchiligining final bosqichiga chiqqan o'zbekistonlik ikkinchi bokschi bo'ldi.

U o'zining yarim final jangini janubiy koreyalik bokschi Yonxun Xanga qarshi o'tkazdi, raqibini nokautga uchratdi va muddatidan ilgari g'alaba qozondi.

Hakam ikkinchi raund o'rtasidayoq jangni to'xtatdi, janubiy koreyalik bokschi jamlog'i Murodjon Ahmadalievning ustma-ust bergan og'ir zarbalari ortidan, o'z mag'lubiyatlarini tan oldi.

Murodjon Ahmadaliev bundan avval o'tkazgan ikki jangini ham shu tariqa o'z foydasiga hal qilgan, dastlabki ikki raqibini ham bugungisiga o'xshab nokautga uchratgandi.

U Rio Olimpiadasi bronza medali, so'nggi jahon va Osiyo chempionatlarining kumush medali sovrindori bo'lgan bokschi sanaladi.

Jasurbek Latipov o'zbekistonlik bokschilar orasidan birinchi bo'lib yarim final janglarini boshlab bergan va bu yilgi Osiyo chempionatining final bosqichiga chiqqan o'zbekistonlik birinchi bokschi bo'lgandi.

U biroz avval yakunlangan yarim final jangida -52 kg vazn toifasida qozog'istonlik raqibi Azamat Isaqulovni ochkolar hisobiga mag'lub etdi.

O'zbekistonlik bokschi ishtirokidagi dastlabki yarim final jangida 3:2 hisobi qayd etildi.

Osiyo chempionligi uchun bo'lajak final jangida esa, u Janubiy Koreya yoki filippinlik bokschiga qarshi jang o'tkazadi.

Bu yilgi Osiyo chempionatida O'zbekistonni ja'mi 10 nafar bokschisi namoyon etgan.

Ulardan to'qqiz nafari o'zlariga qit'a birinchiligining yarim finaliga yo'llanmani naqd qilishgan.

Bu bokschilarning barchasi o'zlarining yarim final janglarini bugun o'tkazishadi:

14:00. Jasurbek Latipov (O'zbekiston) - Azamat Isakulov (Qozog'iston)

14:30. Murodjon Ahmadaliev (O'zbekiston) - Yonxun Xan (Janubiy Koreya)

15:15. Elnur Abduraimov (O'zbekiston) - Jun Shan (Xitoy)

15:45. Isroil Madrimov (O'zbekiston) - Abilxan Amankul (Qozog'iston)

16:00. Bektemir Meliqo'ziev (O'zbekiston) - Jyabin Xuan (Xitoy)

18:00. Hasanboy Do'smatov (O'zbekiston) - Amit (Hindiston)

18:40. Iqboljon Xoldorov (O'zbekiston) - Bekdaulet Ibragimov (Qozog'iston)

19:00. Shaxram G'iyosov (O'zbekiston) - Sajjad Kozimzodaposhtiri (Eron)

19:30. Bahodir Jalolov (O'zbekiston) - Muhammad Mulaes (Suriya)

Ammo, yarim final jangi natijasi qanday bo'lishidan qat'inazar, ularning barchasi o'zlariga bu yilgi Osiyo chempionatining bronza medallarini naqd qilishgan.

Bundan tashqari, shu yil oyida Germaniya mezbonlik qilajak boks bo'yicha jahon chempionatiga ham yo'llanmani qo'lga kiritishgan.

O'zbekistonlik qolgan bokschilar ishtirokidagi yarim final janglarini ham Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan birga kuzatib boring.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.