Qozog‘iston Georgiy tasmasi ramzlarini yo‘qotmoqda

Chimkent shahrida ta'mirdan so'ng o'rnatilgan Georgiy tasmasi ramzi olib tashlangan Image copyright Go13.kz
Image caption Chimkent shahrida ta'mirdan so'ng o'rnatilgan Georgiy tasmasi ramzi olib tashlangan

9 may arafasida Qozog'iston shaharlarida Georgiy tasmasi tushirilgan ramzlarning milliy naqshli ramzlarga almashtirilayotgani kuzatilmoqda. Qozog'istonda so'nggi yillargacha Georgiy tasmasi butun malakat bo'ylab keng qo'llanilib kelingan. Ammo Ukraining Qrimi Rossiya tomonidan anneksiya qilingach ushbu tasmaga nisbatan hukumatdagilarning ham qarashi o'zgargan.

Facebook da tarqalgan rasmlardan ma'lum bo'lishicha, Olma ota shahri markazida joylashgan binoga o'rnatilgan Georgiy tasmasining yirik ramzi olib tashlangan. Uning o'rniga qozoq naqshlari tushirilgan ko'k tasma va o'roq hamda bolg'a tasvirlangan orden o'rnatishgan.

Image copyright Go13.kz
Image caption Georgiy tasmasi o'rniga nima o'rnatilishi noma'lum

Xuddi shunday jarayon Chimkent shahrida ham bo'layotganini ko'rish mumkin. Shahardagi Shuhrat yodgorligiga o'rnatilgan yirik Georgiy tasmasi olib tashlanayotgani aks etgan suratlar tarqalgan.

Surat muallifi go13.kz saytining yozishicha, Rossiyada G'alaba kuni ramszi sifatida qabul qilingan tasmani olib tashlash 9 mayga uch kun qolganda amalga oshgan.

Ishchilar bu kimning topshirig'i ekanligi va uning o'rniga nima qo'yilishi borasidagi savollarni ochiq qoldirishgan.

Qozog'istonda 9 may g'alaba kuni sifatida nishonlanadi.

Yaqin yillargacha bu yerda yo'l-yo'l norinj va qora ranglardan tashkil topgan Georgiy tasmasi keng qo'llanilgan. Tasmaning yirik shakli hokimiyat mablag'lari asosida shahar bo'ylab o'rnatilardi.

Image copyright facebook
Image caption Georgiy tasmasini olish Olma otada ham kuzatilgan

Biroq Rossiya tomonidan Ukrainaning Qrim o'lkasi qo'shib olingach mamlakat ichida ushbu tasmaga qarshilar ko'paydi.

Ularga ko'ra, Sovetlar davrida qo'llanilmagan Georgiy tasmasini Rossiya imperiya g'oyalarini targ'ib qilish yo'lida vosita qilib olgan.

Norozilikning ommaviy tus olishi natijasida 2015 yilga kelib Qozog'istonda milliy naqshlar aks etgan ko'k tasma chiqardi.

9 may arafasida Georgiy tasmasi bilan birga milliy ko'k tasma ham ishlatila boshlandi.

Biroq bu yil hukumat Georgiy tasmasi ishlatilishini maksimal darajada kamaytirishga bel bog'lagan ko'rinadi.

Qozog'istonda o'tishi kerak bo'lgan "O'lmas polk" marshida ham o'zga davlatlarning siyosiy ramzlarini ishlatish taqiqlanishi ko'rsatilgan.

Kuzatuvchilar o'zga davlatning siyosiy ramzi deganda aynan Georgiy lentasi nazarda tutilayotganini aytishadi.

Georgiy tasmasi tarafdorlari uning Rossiya imperiyasiga aloqasi yo'qligini, balki Gvardiya lentasi nomi ostida sovet davrida ham qo'llanilganini aytishadi.

Tasmaning Rossiya tomonidan Georgiy nomi bilan atalishi uning taqiqlanishiga asos bo'lmasligini ta'kidlashadi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМканалимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг