Tadbirkorlar himoyachisi faqat Prezidentga bo‘ysinadi

тадбиркор

O'zbekistonda tadbirkorlarni himoya qilish uchun keng miqyosda vakolatga ega institut ta'sis qilinmoqda. Prezident huzurida ta'sis qilinayotgan vakil instituti to'g'ridan-to'g'ri Mirziyoyevga bo'ysinishi va tadbirkorlar huquqini himoya qilishda boshqa hokimiyat organlarining ta'siriga tushib qolmasligi aytilmoqda. Ayrim tadbirkorlar O'zbekistonda ko'plab qaror va farmonlar qabul qilinayotganiga qarmasdan ularning huquqlari birdek himoya qilinmayotganini aytishadi.

5 may kuni Mirziyoyev "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha vakili institutini ta'sis etish to'g'risida"gi farmonni imzolagan.

"Ushbu institut kelgusida tadbirkorlik subyektlari va davlat organlari o'rtasidagi samarali muloqotning yangi mexanizmlarini joriy qilishga, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan davlat himoyasining qo'shimcha kafolatlarini yaratishga xizmat qiladi", - deyiladi sharhda.

Vakil deb yuritilayotgan institut quyidagi vazifalarni bajaradi.

Tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha vazifalarni bajaradi. Sohadagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda ro'yobga chiqarilayotganligini o'rganadi.

Qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga ta'sirini baholaydi, tadbirkorlikning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularning rivojlanishini rag'batlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi.

Misli ko'rilmagan vakolatlar...

Farmonga yozilgan sharhda aytilishicha, ushbu institut bu vaqtgacha tadbirkorlar huquqini himoya qilish bo'yicha misli ko'rilmagan vakolatlarga ega bo'ladi. Vakil davlat organlari va biror mansabdor shaxsga tobe bo'lmagan holda faoliyat yuritadi. U faqat Prezidentga hisob berishi aytilmoqda.

"Qonun buzilishlarga o'z vaqtida barham berish uchun qat'iy choralarni ko'rishida, qonunbuzilishlarga yo'l qo'ygan barcha mansabdor shaxslar uchun jazoning muqarrarligi prinsipini ta'minlashida muhim poydevor bo'lib xizmat qiladi", - deyiladi farmon sharhida.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning, har xil asossiz tekshiruvlar o'tkazish yo'li bilan aralashuvlarning zudlik bilan barham berilishiga, ularning huquq va qonuniy manfaatlari buzilishining har qanday shaklining oldini olish uchun samarali choralar ko'rilishiga, tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini tiklash, shu jumladan, sud orqali tiklash mexanizmlaridan unumli foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qilishi aytilmoqda.

Kuzatuvchilar ushbu farmon O'zbekistonda tadbirkorlarni qo'llab quvvatlash yo'lida hukumat tomonidan chiqarilgan qonun hujjatlarining amalda ishlamayotganini ko'rsatib beorishini aytishadi.

Farmonda tadbirkorlik faoliyatiga aralashuvlar oldini olish va institutning faqat Prezidentga bo'ysinishi belgilab qo'yilishi O'zbekistonda mansabdor shaxslar tomonidan korrupsiyaning keng quloch yoyganidan nishona ekanligi aytiladi.

Prezident yana bitta oliy idora tuzish orqali orqali huquqlari toptalayotgan tadbirkorlarning manfaatlarini himoya qilishga o'ziga xos yo'l bilan yondashmoqda.

Biroq kuzatuvchilar O'zbekistonda sudlar turli organlar, mansabdor shaxslar hamda manfaatdor guruhlar ta'siridan mustaqil bo'lmas ekan, bu kabi choralar samara bermasligini aytishadi.

Prezident Mirziyoyevga murojaat qilgan tadbirkor Olim Sulaymonov firibgarlik, tuhmat qilganlik va uydirma gaplarni ommaviy axborot vositalariga tarqatishda ayblanib, uch yildan ko'proq muddatga qamoqqa hukm etildi.

O'zbekistonda oddiy mulk daxlsizligi huquqining namoyishkorona buzilayotgani hali bu sohada ko'plab ishlar qilinishi kerakligini anglatadi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМканалимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг

Bu mavzuda batafsilroq