Boks: Bahodir Jalolov to'qqizinchi Osiyo chempioni

Шаҳрам Гиясов Image copyright Reuters

Shahram Giyasov ortidan, hozirgina yakunlangan final jangi natijasiga muvofiq, o'zbekistonlik so'nggi - to'qqizinchi bokschi Bahodir Jalolov ham bu yilgi Osiyo chempionatining oltin medalini qo'lga kiritdi.

U havaskor boksning eng og'ir vazn toifasida Osiyo chempionligi uchun final jangida qozog'istonlik ashaddiy raqibi - Qamshibek Konkabaevni ochkolar hisobiga mag'lub etdi.

Bahodir Jalolovning bu yutug'i bilan boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi hisobidagi medallar soni 9 taga etdi.

O'zbekistonlik bokschilar bu yilgi qit'a birinchiligini mutlaq oltin medallar bilan yakunlashdi.

Shahram Giyasovda ham oltin

Hozirgina yakunlangan final jangi ortidan, o'zbekistonlik so'nggi Rio Yozgi Olimpiadasi sovrindori Shahram Giyasov O'zbekiston terma jamoasi hisobiga sakkizinchi oltin medalini keltirdi.

U -69 kg vazn toifasida qit'a birinchiligi uchun qozog'istonlik bokschi Ablaixon Jusupovga qarshi final jangini o'tkazdi.

Jang Shahram Giyasovning yaqqol ustunligi bilan kechdi va o'zbekistonlik bokschi hakamlarning yakdil qarori bilan final jangi g'olibi, deb e'lon qilindi.

So'nggi Yozgi Olimpiada O'yinlarining kumush medali sovrindori bo'lgan Shahram o'z bokschilik karerasida ilk bor Osiyo chempionligini qo'lga kiritdi.

U Rio Yozgi Olimpiadasida erishgan yutug'i va bokschilik mahorati uchun O'yinlar ortidan Osiyo Boks Konfederatsiyasi tomonidan qit'ada "Yilning topildig'i", deb ham e'tirof etilgan.

Yana birozdan so'ng o'zbekistonlik so'nggi bokschi - Bahodir Jalolov ringga chiqadi.

U Osiyo chempionligi final jangida qozog'istonlik bokschi Qamshibek Konkabaevga qarshi ringga tushadi.

Iqboljon Xoldorov ham Osiyo chempioni

Hozirgina yakunlangan navbatdagi final jangi ortidan, Iqboljon Xoldorov Toshkent mezbonlik qilayotgan bu yilgi Osiyo chempionatining oltin medalini qo'lga kiritgan ettinchi o'zbekistonlik bokschi bo'ldi.

Bungacha Hasanboy Do'smatov va Jasurbek Latipov ham bu kabi sharafga noyil bo'lishgandi.

U Osiyo chempionligi uchun final jangini mo'g'ulistonlik raqibi Chinzorig Batarsuxga qarshi o'tkazdi.

64 kg vazn toifasida qit'a g'olibligi uchun jang ayovsiz kechdi.

Ammo bu vazn toifasida ham g'alaba o'zbekistonlik bokschiga nasib etdi.

Hakamlarning yakdil qarori bilan Iqboljon ochkolar hisobiga jang g'olibi, deb topildi.

Bugun yana ikki nafar o'zbekistonlik bokschi: Shahram Giyasov va Bahodir Jalolovning chiqishi rejalangan.

Qolgan ikki jang natijasini ham biz bilan birga kuzating.

Jasurbek Latipovda ham oltin

Hasanboy Do'smatov ortidan, havaskor boks bo'yicha jahon chempionatlarining bronza va kumush medallari sovrindori Jasurbek Latipov ham Osiyo chempioniga aylandi.

Jasurbek hozirgina yakunlangan final jangi ortidan bu yilgi qit'a birinchiligining oltin medalini qo'lga kiritgan oltinchi o'zbekistonlik bokschi bo'ldi.

U -52 kg vazn toifasida Osiyo chempionligi uchun kurashda janubiy koreyalik raqibi In Kyu Kimni ochkolar hisobida mag'lub etdi.

O'ta qizg'in kurash ostida to'liq uch raund davom etgan final jangida Jasurbekning qo'li baland keldi.

O'zbekiston terma jamoasi hisobidagi 6 ta oltin medali bilan medallar jadvalining yaqqol peshqadamiga aylandi.

Bugun yana uch nafar o'zbekistonlik bokschining chiqishi rejalangan.

Yakuniy final janglarini biz bilan birga kuzatib boring.

Hasanboy yana Osiyo chempioni

Image copyright AFP

AIBA tasnifida amaldagi "jahonning eng kuchli bokschisi", Rio Olimpiadasi va Osiyo chempioni Hasanboy Do'smatov hozirgina yakunlangan final jangi ortidan, bu yilgi qit'a chempionligini ham qo'lga kiritgan o'zbekistonlik beshinchi bokschi bo'ldi.

Hasanboy Do'smatov Toshkent mezbonlik qilayotgan bu yilgi Osiyo chempionatining oltin medali uchun mo'g'ulistonlik raqibi Gan Erdene Ganxuyangga qarshi ringga ko'tarildi.

Qit'a chempionligi uchun jang to'liq uch raund va o'ta shiddatli kechdi.

Tomonlarning qarama-qarshi zarbalari ostida kechgan final jangida hakamlar yakdillik bilan ustunlikni Hasanboy Do'smatovga berishdi.

Eslatib o'tish joiz, Hasanboy -49 kg vazn toifasida 2015 yilgi Osiyo chempionatining ham g'olibi bo'ladi.

Bugun yana to'rt nafar o'zbekistonlik bokschining chiqishi rejalangan.

6 may kungi final janglarida o'zbekistonlik to'rt nafar bokschining barchasi Osiyo chempionligini qo'lga kiritishgan.

Yakuniy final janglarini biz bilan birga kuzatib boring.

AIBA tasnifida amaldagi "jahonning eng kuchli bokschisi", Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do'smatovning otasi Ma'rufjon aka Hayitboev Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida o'g'li qatori bugun final janggi uchun ringga ko'tarilajak o'zbekistonlik qolgan bokschilarga xuddi shunday tilak bildirdi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
'Ҳаммаси олтин олсин, омадини берсин'

Yana qisqa fursatlardan so'ng o'zbekistonlik qolgan besh nafar bokschi Osiyo chempionligi uchun ringga ko'tarilishadi, o'zlarining final janglarini o'tkazishadi.

Yakshanba kungi final janglari ortidan, O'zbekiston poytaxti Toshkent mezbonlik qilayotgan 29-Osiyo chempionati o'z nihoyasiga etadi.

Bu yilgi qit'a birinchiligida O'zbekistonni ja'mi 10 nafar bokschisi namoyon etgan, ulardan 9 tasi final bosqichiga chiqqan.

6 may kuni ringga ko'tarilgan to'rt nafar o'zbekistonlik bokschining barchasi o'zlarining final janglarini g'alaba bilan yakunlashgan, Osiyo chempionligini qo'lga kiritishgan.

Murodjon Ahmadalievning ortidan, Elnur Abduraimov, Isroil Madrimov va Bektemir Meliqo'zievlar bu yilgi qit'a birinchiligining oltin medallarini qo'lga kiritishgan.

7 may kuniga rejalangan final janglarida esa:

14:30 - Hasanboy Do'smatov - Gan Erdene Ganxuyang (Mo'g'uliston)

15:15 - Jasurbek Latipov - In Kyu Kim (Janubiy Koreya)

16:00 - Chinzorig Batarsux (Mo'g'uliston) - Iqboljon Xoldorov

18:30 - Shahram G'iyosov - Ablaixon Jusupov (Qozog'iston)

19:15 - Bahodir Jalolov - Qamshibek Konkabaev (Qozog'iston)

lar ringga ko'tarilishadi.

Bugungi final janglarini ham Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan birga kuzatib boring.

Osiyo chempionati bahslari esa, poytaxt Toshkentdagi "O'zbekiston" sport majmuasida bo'lib o'tmoqda.

Ammo, ta'kidlash joiz, o'zbekistonlik 10 nafar bokschining barchasi shu yil kuz oyida Germaniya mezbonlik qilajak jahon chempionatiga allaqachon yo'llanmani qo'lga kiritib bo'lishgan.

Toshkent mezbonlik qilayotgan Osiyo chempionatida esa, qit'aning 28 davlatidan 179 nafar bokschi g'oliblik uchun kurash olib borishgandi.

Boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi esa, medallar jadvali peshqadamligiga asosiy da'vogarlardan biri sifatida ko'riladi.

Bugungi final janglari arafasida ham boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi hisobidagi 4 oltin medali bilan medallar jadvalida ilg'orlik qilmoqda. Ham mintaqada va ham qit'ada peshqadamlik qilmoqda.

1 oltin, 1 kumush va 4 bronza medallari bilan qo'shni Qozog'iston jadvalda O'zbekistondan keyin ikkinchi o'rinni egallab turibdi.

Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonning hisoblarida esa, bittadan bronza medallari bor.

Yuqori uchlikni hozircha Hindiston to'ldirib turibdi.

Ularning hisobida bu yilgi Osiyo chempionatining 2 tadan kumush va bronza medallari bor.

O'zbekiston Bangkok mezbonlik qilgan boks bo'yicha 2015 yilgi Osiyo chempionatini 2 ta oltini doxil ja'mi 8 ta medal bilan yakunlagan.

O'sha yili medallar jadvalida qo'shni Qozog'istondan keyin 2-o'rinni egallab, yuqori uchlikdan joy olgan.

Toshkent shahri bungacha 1995 va 1999 yillarda qit'aning eng kuchli bokschilari ishtirokidagi Osiyo chempionatlariga mezbonlik qilgan.

O'zbekistonda yana 2015 yilgi o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionati, shuningdek, WSB butunjahon boks seriyasi va AIBA Pro Boxing loyihasi turnirining bir necha janglari o'tkazilgan.

Boks bo'yicha bu yilgi Osiyo chempionati 30 aprel kuni rasman ochilgan va bugun 7 may kuni rasman poyoniga etadi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.