Islomiy O'yinlar: 'Maqsad-oltin'

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Исломий Ўйинлар: 'Мақсад - олтин'

Erkin kurash bo'yicha jahon, Osiyo chempionatlari va Rio Olimpiadasi sovrindori Ixtiyor Navro'zovning Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, O'zbekiston ilk bor ishtirok etajak bu yilgi "Islom birdamlik o'yinlari"dan faqat g'alaba bilan qaytish umididalar.

"To'g'risini aytsam, hammamiz bu o'yinlarda birinchi bor ishtirok etayapmiz. "Islom birdamlik o'yinlari" bu - kichkina bir Olimpiada-da. Katta bir musobaqa, katta bir bayram. Shuning uchun ham oson bo'lmaydi. Ammo bor kuchimizni sarflaymiz. Hayajon bor, qo'rquv bor, albatta".

"Men o'ylaymanki, Xudo xohlasa, har bitta sportchimiz qo'lidan kelgancha harakat qilib, jonini berib, har doim bayrog'imizni baland ko'tarishga harakat qiladi", - deydi bu nomdor erkin kurashchi suhbatdoshimiz.

Ozarbayjon poytaxti Boku mezbonlik qilajak IV "Islom birdamlik o'yinlari" 12 may kuni rasman ochiladi va o'n kun davom etadi.

Bu yilgi o'yinlarda birinchi bor Islomiy Hamkorlik Tashkilotiga a'zo barcha 57 davlat vakillari ishtirok etishadi.

Ja'mi 3500 nafar ishtirokchi 20 nafar sport turi bo'yicha o'yinlarning sovrinli o'rinlari uchun kurash olib borishadi.

Bu - O'zbekiston terma jamoasining "Islom birdamlik o'yinlari"dagi ilk ishtiroki bo'ladi.

Ammo, shunga qaramay, O'zbekiston o'yinlarda katta sondagi - 100 dan ortiq sportchisi bilan ishtirok etmoqchi.

Boks, dzyudo, taekvondo, erkin, yunon-rum kurashi, og'ir atletika, badiiy va sport gimnastikasi doxil sportning 15 turi bo'yicha g'oliblik uchun bellashmoqchi.

Bokuga Dmitriy Shokin, Oksana Chusovitina, Ixtiyor Navro'zov, Doniyor Soliev kabi Olimpiya, Paralimpiya O'yinlari, jahon, Osiyo chempionati sovrindorlari va ishtirokchilarini yubormoqchi.

Bu - O'zbekiston terma jamoasining 2016 yilgi Rio Yozgi Olimpiadasi ortidan buncha katta sportchisi bilan ishtirok etayotgan birinchi xalqaro turnir bo'ladi.

Rio Yozgi Olimpiadasini esa, O'zbekiston dunyoning aksariyat aholisi musulmon davlatlari orasida eng yaxshi natija bilan yakunlagan.

O'yinlarning to'rtta oltin, ikkita kumush va ettita bronzadan iborat 13 medalini qo'lga kiritgandi.

Toshkentdan nomdor erkin kurashchi suhbatdoshimiz Ixtiyor Navro'zov ham o'yinlarning oltin medaliga umid qilayotganini yashirmaydi.

"Hamma vaqt sportchiga omad kulib boqishi kerak. Mehnatning tagida, baribir, omad ham yotadi. Xudo xohlasa, maqsadim - maksimum harakat qilib, oltin olish", - deydi u.

Ustiga ustak, bu yilgi "Islom birdamlik o'yinlari" poytaxt Toshkent mezbonlik qilgan va to'qqiz bokschisining barchasi birdek oltin medali olib, Osiyoda o'ziga xos rekord o'rnatgan qit'a chempionatidan sanoqli kunlar o'tib bo'lib o'tadi.

O'zbekistonning bu galgi o'yinlarda ishtirok etish rejasida ekaniga oid rasmiy xabarlar esa, Islom Hamkorlik Tashkilotining Toshkent mezbonlik qilgan 43-sessiyasidan sanoqli oylar o'tib o'rtaga chiqmoqda.

O'tgan yil oktyabr oyida bo'lib o'tgan ana shu yig'inda Islom Hamkorlik Tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining raisligi Quvaytdan O'zbekistonga o'tishi aytilgan.

O'zbekiston joriy yilga rejalangan navbatdagi majlisiga qadar bu kengashga raislik qilishi ma'lum bo'lgandi.

Islom Hamkorlik Tashkiloti 1969 yilda tashkil etilgan bo'lsa, O'zbekiston unga 1996 yilda a'zo bo'lib kirgan.

O'sha paytda O'zbekiston muvaqqat prezidenti bo'lgan Shavkat Mirziyoev majlisni rasman ochib berarkan, tashkilotga a'zo davlatlarni Islom dini qadriyatlarini himoya qilish va musulmon dunyosi mutafakkirlarining yutuqlarini ko'proq targ'ib etishga ham chaqirgandi.

Mezbon Boku

Image copyright Getty Images

Boku - aksariyat aholisi musulmon bo'lgan sobiq Sho'ro davlatlari poytaxtlari orasidan "Islom birdamlik o'yinlari"ga mezbonlik qilayotgan birinchi shahar bo'ladi.

2005 yilda yo'lga qo'yilgan ilk o'yinlarni Saudiya Arabistoni qabul qilib olgan.

Eron va Arab davlatlari o'rtasidagi kelishmovchiliklar bois, Tehron mezbonlik qilishi kerak bo'lgan 2009 yildagisi bekor qilingan.

Oradan to'rt yil o'tib bo'lib o'tgan III "Islom birdamlik o'yinlari" esa, Indoneziyaning Pekanbaru shahrida kechgan.

Ozarbayjondan olingan xabarlarga ko'ra, rasmiy Boku o'zlari ilk bor mezbonlik qilayotgan o'yinlarning imkon qadar silliq kechishi istagida.

Ayon bo'lishicha, xuddi shu bois ham, hozir Bokuda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, jamoatchilik joylari va diplomatik vakolatxonalar tashqarisiga qo'shimcha militsiya xodimlari safarbar etilishgan.

O'yinlar jarayonida aholisi 2 milliondan ortuvchi bu shaharda sportchi, jurnalist va muxlislarning harakatlanishlarini engillashtirish uchun maxsus chora-tadbirlarga ham qo'l urilgan, yo'llarda "Boku 2017" yo'nalishi ochilgan.

Neftga boy Ozarbayjon so'nggi yillarda bu kabi nufuzli xalqaro turnirlarga imkon qadar ko'proq mezbonlik qilish sa'y-harakatiga tushib qolgan.

2015 yilda ilk Evropa O'yinlari ham aynan Bokuda bo'lib o'tgan.

Rasman uning bir milliard dollardan ortiqroqqa tushgani aytilganda ham, o'sha paytda bu raqamlar yaxshigina tanqidlarga sabab bo'lmay qolmagan.

Evropa O'yinlari arafasida qator nufuzli xalqaro inson haqlarini saqlash tashkilotlari unga hozirliklar jarayonida ko'plab huquqbuzarliklarga yo'l qo'yilganidan shikoyat etib ham chiqishgan.

Rasmiy Boku esa, bu kabi xalqaro miqyosdagi musobaqalarga mezbonlik qilish bilan alal-oqibat Yozgi Olimpiada O'yinlariga mezbonlik qilish huquqini qo'lga kiritmoqchi.

IV "Islom birdamlik o'yinlari"ning rasmiy ochilish tantanalari 12 mayga rejalangan esa-da, bugun - 8 may kuni start olgan futbol bo'yicha guruh bosqich saralash bellashuvlari bilan mazkur turnir allaqachon boshlanib ketgan.

Bu tadbir borishi va nazoratiga Islom birdamlik sportlari federatsiyasi mas'ul ko'riladi.

O'zbekiston ilk bor ishtirok etayotgan bu galgi o'yinlarni Bi-bi-si O'zbek Xizmati bilan birga kuzatib boring.

Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02