"Axborot" naqd pul muammosi haqida gapirdi

Axborot teledasturi Image copyright Mtrk.uz
Image caption Охирги вақтда "Ахборот" информацион дастурида жамиятдаги камчиликлар ҳақида гапирила бошланди.

Oddiy o'zbekistonliklar orasida "Jannatdan reportaj" deb olgan "Axborot" yangiliklar televizion dasturining mavjud muammolarni yoritishni boshlagani ko'pchilikni quvontirmoqda.

Zukko xalq O'zbekistondagi real hayot va davlat telekanallari, radiostantsiyalari hamda matbaa nashrlari yoritayotgan mavzular orasidagi farqni allaqachon ilg'agan, "Axborot" teledasturini "Jannatdan reportaj" deb ataganiga ham 20 yildan ortib qoldi.

Sababi, asosiy davlat telekanallari bo'lgan "O'zbekiston" va "Yoshlar"da tashkil etilganlaridan buyon har bir kadr, har bir aytilgan va yozilgan so'z qattiq tsenzura qilingan, odamlarni qiynagan muammolar eng oxirgi marta 1992 yil boshlarida televizorda gapirilishiga ruxsat berilgan edi.

Taniqli jurnalist Jahongir Muhammad televidenie rahbarligidan iste'fo berishiga 16 yanvardagi Toshkent Vuzgorodogidagi talabalar noroziligi haqidagi lavhaning efirga uzatishga ruxsat berilmaganini aytgan edi.

Keyingi yillarda esa jamiyatdagi o'tkir muammolar mavjudligi haqida gapirish u yoqda tursin, teleradiokompaniyaning "Paxtakor" metrosidagi binosiga yaqin ko'chadagi nochor ahvolni ko'rsatish ham butkul taqiqlangan edi.

"Axborot" yoki "Davr" informatsion dasturlari hali kunduzi yozib olinar, qayta-qayta tsenzorlarning "prosmotr"idan o'tkazilardi.

"Devon"dan(prezident ma'muriyatidan) farmon yoki qaror kelib qolsa, informatsion ko'rsatuv boshlanishi qayta videotasmaga yozilib matn suxandonga o'qitilardi.

Bugunga kelib 32 millionli xalqning aksari istiqomat qilayotgan uylarning haqiqiy ahvoli "Axborot" dasturida ko'rsatilayotgani ham o'zbekistonliklarni, ham O'zbekistondagi matbuot erkinligini kuzatayotgan tashkilotlarni xursand qilayapti.

Yanvar oyi oxirida Prezident Shavkat Mirziyoev Xiva tumanidagi Chodra qishlog'iga bordi va davlat telekanallari ilk bor O'zbekistonning aksar qishloqlaridagi haqiqiy sharoit qanday ekanini namoyish etdi.

Marhum prezident Islom Karimov rahbarligi yillarida faqat bir kishi ko'rishi uchun namunali uy, yangi bino, hashamatli ko'rinishlar tashkil qilinar, telekanallar tasvirga olib bo'lganidan keyin uy ichidagi jihozlar yana qayta olib chiqib ketilgan hollar ko'p bo'lgan.

8 may kuni "Axborot" informatsion dasturi xalq qabulxonalari faoliyati haqida bir necha syujet namoyish etdi, ulardan birida o'z maoshini naqd pulda ololmagan kishi ortida Prezident Mirziyoevning rahbarlarning xalq dardu-tashvishi bilan yashashlari lozimligi haqidagi chaqirig'i ko'rsatildi.

Xalq qabulxonasiga murojaatdan keyin Buxoro viloyati yashovchisi muammosi bir soatda hal bo'lganini aytdi.

Demakki, matbuotning muammoni ko'tarib chiqayotgani muammo hal bo'lishiga ko'maklashmoqda.

Ammo shuni ham eslatish kerakki, ko'p yillar davomida xalq arzu-dodi bitilgan hujjatlarni "futbol qilishga" o'rganib qolgan amaldorlar bir kunda xalq g'amxo'rlariga aylanib qolganlari yo'q.

Ular o'sha yillari bu borada "ko'p tajriba orttirganlar".

Xususan, Prezident Virtual Qabulxonasiga qilingan shikoyat hal bo'ldi, deb Toshkentga hisobot yozib yuborib, arizachiga bosim o'tkazish yoki "mening muammom hal bo'ldi", degan mazmunda qog'oz yozishga majburlash hollari bugun ham kuzatilmoqda.

Yangicha ishlashga jurnalistlarning yuragi "o't bo'lib yonyapti" deb ham bo'lmaydi.

Prezident Mirziyoev Milliy Teleradiokompaniya raisini o'zgartirdi.

"Axborot" ko'rsatuviga tahririyat alohida direktsiya bo'lgan yillari rahbarlik qilgan Bobur Alixonov qaytgani xabar qilindi.

Shundan keyin "Axborot"dagi xorij xabarlari faqat baxtsiz hodisalar jamlanmasidan iborat bo'lmay qoldi.

"Ura-urachilik zamoni o'tdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam ko'rsatuvlarni sog'inib kutishi kerak. «Axborot» ko'rsatuvini o'zgartirishimiz kerak", deb aytgan Prezident Shavkat Mirziyoev 30 mart kuni videoselektor orqali o'tkazgan majlisida.

O'zbekistonliklar chindan ham "Axborot"ning o'zlarining dardu-tashvishlarini butun O'zbekistonga ko'rsatadigan, buning ortidan esa muammolari hal bo'ladigan sog'inchli ko'rsatuv bo'lishini xohlashadi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq