Putin Shtirlitsga taqlid qilganmi?

Вячеслав Тихонов Штирлиц ролида Image copyright Alamy

G'arb agent 007 - Jeyms Bondga mehr qo'ygan zamonlarda SSSRning o'z suyukli josusi bo'lardi - Shtirlits. Va aynan Shtirlits Vladimir Putinni KGBga kirishiga turtki bergan bo'lishi mumkin.

Ushbu mavzuni o'rgangan Bi-bi-si muxbiri Dina Nyuman bu tasodifmidi yoki aslida ham shunday bo'lganmi, degan savolga javob izlaydi.

SSSRning Jeyms Bondga "javobi" boshqacha razvedkachi obrazi edi. Maks Otto van Shterlits SSSR uchun Ulug' Vatan urushi hisoblangan Ikkinchi Jahon Urushi yillarida Berlinda nemis fashistlari oliy qo'mondonligida faoliyat yuritgan sovet josusining nomi bo'lgan.

Shterlits "Bahorning o'n etti lahzasi" deb nomlangan teleserial qahramonidir. 12 qismdan iborat televizion badiiy film har yili 9-may - SSSRning G'alaba bayrami arafasida Sovet televideniesida namoyish etilardi.

Ilk bor "Bahorning o'n etti lahzasi" 1973 yili ko'rsatilgan, o'shandan buyon bu kinoni 50 milliondan 80 milliongacha tomoshabin tomosha qilgan deb ko'riladi.

"Har kechqurun ko'chalar bo'm-bo'sh bo'lib qolar, odamlar tezroq ishidan uyiga etib olib, oxirgi seriyada nima bo'lishini ko'rishga shoshilardilar", deb eslaydi teleserial qahramonlaridan biri Eleonora Shashkova.

"Bahorning o'n etti lahzasi" o'ziga tomoshabinni juda jalb qiladigan drama bo'lishidan ham tashqari "Sovuq Urush" zamoni mafkurasiga juda mos keladigan film edi. Unda Shterlits natsistlar bilan amerikaliklarning 1945 yildagi maxfiy tinchlik bitimini barbod etishga muvaffaq bo'ladi. Filmning boshqa yashirin maqsadi ham bor edi.

"Film bizning mamlakatimizda juda hurmat qilingan maxfiy agentlarning naqadar muhim odamlar ekanini namoyish etadi. U urushdan keyingi avlodga vatanparvarlik tuyg'ularini singdirgan", deydi Shashkova xonim.

Aslida bu filmni tasvirga olishga KGBning o'sha paytdagi rahbari Yuriy Andropov ko'rsatma bergan. Oradan o'n yilcha o'tib SSSR rahbari bo'lgan Andropov bunday kino bilan o'qimishli yoshlarni KGBga ishga jalb etishni xohlagan.

Telefilm birinchi marta efirga uzatilishidan oldin Andropovning o'zi shaxsan ma'qullagan, tasvirga olish jarayonini esa uning birinchi o'rinbosari nazoratga olgan, KGBning ikki xodimi konsultantlar sifatida tasvirga olishda ko'maklashgan.

Vladimir Putin hech qachon Shtirlits yoki boshqa odam o'zining josus bo'lishiga ilhomlantirgani haqida gapirmagan. Biroq ilk bor film namoyish etilganida u 21 yoshda bo'lgan va oradan ikki yil o'tib KGB safiga qo'shilgan.

Vaqti kelib Putin xuddi Shterlits kabi Germaniyaga ishga yuborilgan.

Agar Jeyms Bond araqxo'r piyonista bo'lsa, Shterlits - xuddi Putin kabi ichkilikni xush ko'rmaydi.

Filmda Shterlits aksar vaqtini yolg'izlikda, sigaret chekib, qahva ichib, derazadan tashqariga qarab xayol suradi.

Ammo 1963 yili SSSRga qochib o'tgan Britaniya josusi Kim Filbi, Shterlits haqida, bunchalik ko'p o'z fikr-xayollariga berilgan josus ko'p o'tmay ishidan ajralishi mumkinligini aytgan.

1991 yili KGBdagi ishini tashlab Leningrad shahri hokimi o'rinbosari lavozimida ishlab yurgan Vladimir Putin ilk bor televizion hujjatli filmda bundan oldin razvedkachi bo'lganini tan olgan.

Bu hujjatli filmda "Bahorning o'n etti lahzasi" serialidan parchalar ham namoyish etiladi.

Berlin ko'chalarida mashina haydab ketayotgan Shtirlits o'rnini Sankt-Peterburg ko'chasida "Volga" haydab ketayotgan Putin almashtiradi.

Putin mashinasini haydab borarkan, kadr ortidan "Bahorning o'n etti lahzasi" musiqasi o'ynab turiladi.

Image copyright Getty Images

Bu hujjatli filmda Rossiyaning bo'lajak prezidenti "mamlakat yana totalitarizmga qaytishi" xavfi mavjudligidan ogohlantiradi.

Putin shunday deydi: "Lekin xavf huquqni muhofaza qilish organlarida yoki davlat xavfsizlik xizmati yoki politsiyada emas - hatto armiyada ham emas. Xavf bizning dunyoqarashimizda. Biz hammamiz, ayrim paytlar mening o'zim ham shunday deb o'ylayman: agar bir temir qo'l kelib tartib-intizomni joyiga qo'ysa, hayot osonroq, qulayroq va xavfsizroq bo'lardi. Aslida esa bu qulayligimiz uzoqqa cho'zilmaydi, ko'p o'tmay temir qo'l hammamizning bo'g'zimizdan oladi".

Oradan bir necha yil o'tib, 1990 yillardagi tartibsizliklar zamonida chindan ham ko'p rossiyaliklar qonun va tartib ishlashishini, hatto ayrimlar esa temir panja qaytishini ham xohlab qolgan edi.

Omma fikrini o'rganish natijalariga ko'ra, rossiyaliklar keyingi prezidentning yosh, etnik rus bo'lishini, sobiq xavfsizlik xizmati xodimi va spirtli ichimlik ichmaydigan odam bo'lishini xohlab qolgandilar o'shanda.

Image copyright Alamy
Image caption "Баҳорнинг ўн етти лаҳзаси"да Штирлиц ролини машҳур рус актёри Вячеслав Тихонов ижро этган

"Liberallarga bo'lgan ishonchini yo'qotgan mamlakat o'z Shtirlitsini izlay boshlagandi", deb yozadi "Ekonomist" jurnalining Rossiya va Sharqiy Evropa bo'yicha muharriri Arkadiy Ostrovskiy "Rossiya ishg'oli" deb nomlangan kitobida.

Bu kitobda yozilishicha, 1999 yili "Kommersant" ro'znomasi so'rov o'tkazgan va rossiyaliklardan keyingi prezidentning qaysi film qahramoniga o'xshashini xohlashlari haqida so'ragan. Urushdagi harbiy qo'mondon Marshal Jukovdan keyin Shtirlits ikkinchi qahramon bo'lgan. Haftalik "Kommersant" gazetasining muqovasida Shterlitsning fotosurati berilgan va tagiga "Prezident-2000" deb yozib qo'yilgan edi.

Va 2000 yil martida vaqtincha prezident vazifasini bajarib kelgan Putin to'laqonli prezidentga aylandi.

Image copyright AFP
Image caption 2006 йил Германияга борганида Путин Дрезден шаҳридаги қаҳвахонага кирганди

Vladimir Putinning bugungi ehtiyojlari nimadan iborat ekanini tushunishni istagan har bir kishi chorak asr oldin Sharqiy Germaniyadagi dramatik tunda Putin boshidan nimalar o'tganini bilishi lozim, deb yozadi Bi-bi-si muxbiri Kris Boul

Eleonora Shashkova "Bahorning o'n etti lahzasi"da Shtirlitsning xotini rolini o'ynagan. Qizig'i, filmda er-xotin birga bo'lmaydilar. Faqat bir mashhur sahna bor - ayolini Rossiyadan Berlinga olib borishadi va u bir erkak bilan birga qahvaxonaga kiradi.

Shtirlits allaqachon qahvaxonada o'tirar va ular ba'zan-ba'zan bir-birlariga nazar tashlaydilar.

Tomoshabinlar avval Shtirlitsning ko'zlarini ko'radilar, keyin esa ayolining nigohi. Bir necha daqiqadan keyin ayol o'rnidan turadi va ohista qahvaxonadan chiqib ketadi.

2007 yili dekabrida Eleonora Shashkova 70 yoshlik yubileyini nishonladi. Bu paytda Putin Rossiyani allaqachon etti yildan buyon boshqarardi. Shashkova xonimga Sovet kinosi tarixida ko'rilmagan maxsus sovg'a hadya qilishgan. Bu Eleonorna Shashkovaga Rossiya Federal Xavfsizlik xizmatidan xorijiy josusning rafiqasi rolini o'ynagani uchun minnatdorlik tuhfasi edi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq