Video: "O'zbekiston borasida G'arbning ko'ngli to'q bo'lsin"

Ўзбекистон Сенати раисининг биринчи ўринбосари, Европа Тикланиш ва Тараққиёт банкининг Ўзбекистон бошқаруви раиси Содиқ Сафоев. Image copyright EBRD
Image caption Ўзбекистон Сенати раисининг биринчи ўринбосари, Европа Тикланиш ва Тараққиёт банкининг Ўзбекистон бошқаруви раиси Содиқ Сафоев.

Kiprda o'tayotgan Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining yillik anjumanida O'zbekiston Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev ishtirok etmoqda.

Bu yetti yillik tanaffusdan so'ng O'zbekistonning yana YTTB bilan hamkorligi qayta tiklangani natijasidir.

Sodiq Safoev Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining O'zbekiston boshqaruvi raisi lavozimini ham egallagan va u O'zbekiston hamkorlikning yangi sahifasini boshlayotganini aytgan.

"Xabaringiz bor, O'zbekiston prezidentlik qudratini o'tkazish jarayonini boshidan kechirdi - bu mushkul bo'ldi. Shunga qaramasdan, bugun biz davlat juda tartibli, shaffof va qonuniy yo'lni bosib o'tdi, deya olamiz. Prezidentlik saylovi yana bir bora O'zbek davlatchiligining egiluvchanligini, demokratik institutlar faoliyat yuritayotganini namoyish etdi. Bugun O'zbekiston barqaror mamlakat va G'arbning O'zbekistonda barqaror, izchil taraqqiyot davom etishiga ko'ngli to'q bo'lsin", deb aytgan Sodiq Safoyev.

O'zbekiston Senati raisi o'rinbosari O'zbekistonning yangi hokimiyati mamlakatni isloh etish maqsadida besh ustundan iborat strategik dasturni qabul qilganini aytgan va birinchi yo'nalish yaxshi boshqaruvni nazarda tutishini bildirgan.

"Bu yanada ochiqlik, ko'proq hisobdorlik, hokimiyatning detsentralizatsiyasi, ko'proq elektron hukumat, korruptsiyani bartaraf etish, ko'proq tekshirish va tizim muvozanatini saqlashga intilish, vakolatlarni ijroiya hokimiyatidan adliya va qonun chiqaruvchi organlarga o'tkazish, deganidir. Men, senator, bugun YTTB uchrashuvida qatnashayotganim O'zbek parlamenti besh yil oldingi davrga qaraganda butkul boshqacha rol o'ynayotganini namoyish etadi", deb aytgan Sodiq Safoyev.

"Ikkinchi ustun adliya tizimi islohotlariga bog'liq. Bu qonunchilik tizimini yaxshilash, prokurorlar, huquqni muhofaza qilish organlari jazolovchi emas, inson huquqlarini himoya qiluvchilar bo'lishlariga ishonch hosil qilish deganidir. Bu yo'lda biz ko'p ishlarni amalga oshirmoqdamiz", degan janob Safoyev.

Nikosiyada janob Safoev O'zbekistonning yangi hukumati iqtisodiy islohotlarga alohida e'tibor qaratayotgani, valyuta tizimini isloh qilish, kichik va o'rta biznesning O'zbekiston Yalpi Ichki mahsulotidagi ulushini orttirish, xususiylashtirish va boshqa yo'nalishlarda o'zgarishlarga qo'l urganini aytgan.

Sodiq Safoyevning aytishicha, O'zbek hukumati 8 yo'nalishni ustuvor yo'nalishlar deb ko'rmoqda. Bular to'qimachilik, neft va gaz, sayyohlik, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, logistika kabilardir.

"Yaqinda men Gruziya, Ozarbayjondan qaytdim. O'zbekiston Prezidenti Qozog'iston va Turkmanistonga safar qildi. Keyingi hafta Xitoyga, "Bir qutb, Bir yo'l" xalqaro anjumanida ishtirok etish uchun borayapti. Hamma joyda kun tartibimizdagi asosiy nuqtalar transport bo'lib, yangi Ipak Yo'li bizni Gruziya bandargohlariga, O'rta er dengizi, Ko'rfaz va Hind okeaniga olib chiqishini xohlayapmiz", dedi O'zbekiston Senati raisi birinchi o'rinbosari Sodiq Safoev.

O'zbekiston Senati raisining birinchi o'rinbosari, Evropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining O'zbekiston boshqaruvi raisi Sodiq Safoyevning Nikosiyada aytgan so'zlarini BBC UZBEKning Youtubedagi kanalida tomosha qiling

O'zbekiston bilan Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining hamkorligi 2007 yildan muzlatib qo'yilgan edi.

2017 yilning mart oyida YTTB rahbarligidagi hay'at Toshkentga tashrif buyurdi.

16 mart kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev YTTB Prezidenti Suma Chakrabartini qabul qildi.

O'zbekiston hukumati bilan YTTB o'rtasida tabiatni muhofaza qilish loyihasida hamkorlik bo'yicha memorandum imzolangan.

Yevropa banki O'zbekistonga sarmoyalarni keskin ko'paytirishni xohlayotganini aytdi bank Prezidenti Suma Chakrabarti.

"O'zbekistondagi o'zgarishlar vaqt talab qiladi"

O'zbekiston bilan hamkorlik boshlangan 1993 yildan buyon YTTB 54 loyihaga jami 500 million AQSh dollaridan ziyod mablag' yo'naltirgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq