Zayd Raad al-Husayn: 'Andijon qurbonlari unutilmasligi kerak'

Image copyright UN
Image caption Zayd Raad al-Husayn Andijon voqealarini "dahshatli" deb taʼriflagan.

Oʻzbekistonga safar qilgan Birlashgan Millatlarning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn 2005 yil mayidagi Andijon voqealari qurbonlarini unutmaslik va bu voqealarga xolis baho berishga chaqirgan.

Toshkentdagi matbuot anjumanida gapirgan BMT mulozimi Andijondagi "dahshatli voqealar qurbonlarining savollariga javob topilishi kerakligi"ni taʼkidlagan."Shanba kuni Andijondagi dahshatli voqealarga oʻn uch yil toʻladi. Oldinga qarab yurish muhim boʻlgani holda, oʻtgan voqealarga baho berish, qurbonlarni unutmaslik va ularning savollariga javob topish ham shunchalik muhim", - deb aytgan Zayd Raad al-Husayn.

U Andijondagi voqealarga aniq tavsif bermagan va qonli voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv oʻtkazishga chaqirmagan.

Xalqaro inson haqlari tashkilotlari 2005 yil 13 mayida Andijonda yuz bergan voqealarni "qirgʻin" deb tasvirlaganlar.

BMT, AQSh va Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston hukumatining aksariyati qurolsiz namoyishchilarga qarshi haddan tashqari kuch ishlatganini qoralagan va voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv olib borishga chaqirgan.

Oʻzbekiston hukumati ushbu chaqiriqlarni rad etgan.

Rasmiylarga koʻra, Andijonda aksariyati terrorchilardan iborat 187 kishi halok boʻlgan.

Marhum Prezident Islom Karimov hukumati voqealarda Akromiylar diniy guruhini ayblagan.

Karimov davrida rasmiy Toshkent BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarining mamlakatga tashrifiga izn bermagan.

Zayd Raad al-Husayn chorshanba kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgan.

U bir yarim soat davom etgan uchrashuv chogʻida "mushtarak jihatlarni topishgani va bir qator aniq qadamlar borasida kelishuvga erishganliklari"ni aytgan.

Mirziyoyevning islohotlar dasturi, jumladan, adliya tizimidagi oʻzgarishlar va diniy ekstremizmni jilovlash haqida fikr bildirarkan, BMT mulozimi bu jarayonda shaxs erkinliklarining inobatga olinishi muhimligini urgʻulagan.

"Boshqa mamlakatlarda ham boʻlgani kabi, men radikallashuv xavfini faqat qattiqqoʻl xavfsizlik choralari va repressiv siyosat bilan jilovlab boʻlmasligini taʼkidladim. Bu kabi choralar ekstremistlar saflariga yangi tarafdorlar yollashni qulaylashtiradi", - deb aytgan Zayd Raad al-Husayn.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02