Mirziyoyev Xitoyda '20 milliard dollarlik' shartnomalar imzolaydi

Image copyright Gov.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyga davlat tashrifini boshlagan.

Prezident matbuot kotibi Asad Xodjayevning jurnalistlarga maʼlum qilishicha, uch kunlik tashrif mobaynida umumiy qiymati 20 milliard AQSh dollariga teng 100 ga yaqin shartnomalarning imzolanishi kutiladi.

Bu oʻtgan yil dekabrida Oʻzbekiston Prezidenti etib saylangan Mirziyoyevning Xitoyga ilk tashrifidir.

Bundan avval u Turkmaniston, Qozogʻiston va Rossiyaga safar qilgan.

Payshanba kuni Mirziyoyev va rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyevalarni Pekin xalqaro aeroportida Xitoy rasmiylari kutib olishgan.

Bu Prezident Mirziyoyev rafiqasining davlat rahbariga xorijiy safarida ilk bor hamrohlik qilishi.

Tashrifning asosiy muzokaralari 12-13 may kunlariga belgilangan.

Qolgan kunlari Mirziyoyev Xitoy yetakchiligidagi "Bir kamar, bir yoʻl" xalqaro forumida ishtirok etadi.

Xomashyo bazasi

Xitoy Oʻzbekistonning yirik tashqi sarmoyadori va savdo sherigi hisoblanadi.

Oʻzbek rasmiylariga koʻra, soʻnggi yillarda Xitoy Oʻzbekistonga kiritgan sarmoyalar hajmi 8 milliard dollarga yetgan.

Buning asosiy qismi Oʻzbekistonning neft va gaz sohasiga kiritilgan.

Xitoy Oʻzbekistonni oʻzining surʼat bilan oʻsib borayotgan iqtisodi uchun muhim xomashyo manbai sifatida koʻradi.

Oʻzbekistonlik iqtisodchi Yuliy Yusupovning aytishicha, butun dunyoda xomashyo sohasiga sarmoya kiritayotgan Xitoy uchun Oʻzbekiston ham "istisno emas".

"Xitoy bizning bozorimiz ochilishi va xomashyo sohasiga sarmoya kiritishdan manfaaatdor", - deb aytgan oʻzbekistonlik iqtisodchi EurasiaNet nashri bilan suhbatda.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Xitoy texnologiyalariga koʻz tikkan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Xitoyga gaz eksporti hajmini oshirgan, ammo ikki davlat oʻrtasidagi gaz bitimi tafsilotlari ochiqlanmaydi.

Ramziy tashrif

Prezident Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi 2005 yil mayidagi Andijon voqealarining navbatdagi sanasiga toʻgʻri kelgan.

Inson haqlari tashkilotlari bundan 12 yil muqaddam Andijonda yuzlab namoyishchilarning oʻqqa tutilishini 1989 yilda Pekinning Tyananmen maydonida yuz bergan qirgʻindan keyingi "ikkinchi yirik ommaviy qatl" deb taʼriflashgan.

Payshanba kuni Birlashgan Millatlarning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn 2005 yil mayidagi Andijon voqealari qurbonlarini unutmaslik va bu voqealarga xolis baho berishga chaqirgan.

Oʻzbekistonga ilk bor safar qilgan BMT Oliy komissari 10 may kuni Prezident Mirziyoyev bilan oʻtgan uchrashuv chogʻida "mushtarak jihatlarni topishgani va bir qator aniq qadamlar borasida kelishuvga erishganliklari"ni aytgan.

Bi-bi-si Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02