Mirziyoyev Andijonni qayta ko'rib chiqadimi?

13 mayda mustaqil O'zbekiston tarixidagi eng mash'um kun - Andijon qirg'iniga 12 yil to'ldi.

2005 йил 13 май. Андижон, Бобур майдони Image copyright BBC UZBEK

Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyingi Andijon qirg'inining ilk sanasidir. 2005 yil 13 mayidan keyin ro'y bergan hodisalarni O'zbekiston hukumati "Akromiylar" diniy guruhining konstitutsiyaviy tuzumni ag'darish maqsadini ko'zlagan terrorchilik amallari deb atagan. Hukumatga ko'ra, Andijon hodisalarida 187 kishi halok bo'lgan, ularning aksari terrorchilar bo'lganlar. Guvohlar va xalqaro tashkilotlar esa hukumat kuchlari Andijon viloyat hokimligi yonidagi maydonda va maydondan olib chiqadigan ko'chalarda aksari qurolsiz tinch namoyish vakillarini otib o'ldirganlarini aytganlar. O'zbek-Qirg'iz chegarasiga etgan odamlarni ham O'zbek harbiylari o'q yomg'iri bilan kutib olganlar.

Videolarimizni BBC Uzbekning Youtube kanalida tomosha qiling

Xalqaro tashkilotlarga ko'ra, Andijonda kamida 500 inson o'ldirilgan. Qator G'arb davlatlari O'zbekiston hukumatini ko'pchiligini qurolsiz odamlar tashkil etgan namoyishchilarga qarshi haddan tashqari kuch ishlatishda ayblagan va voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv o'tkazishga chaqirgan. O'zbekiston hukumati mustaqil tekshiruv chaqiriqlarini rad etgan.

2005 йил 13 май. Андижон. Image copyright AFP Getty Images

Andijon qirg'inining 12 yilligi sanasi arafasida Toshkentga borgan BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy Komissari Zayd Raad Zayd al-Husaynni Prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Uchrashuv bir yarim soat davom etgani xabar qilindi. BMT Oliy Komissari Zayd Raad al-Husayn Andijon voqealari qurbonlarini unutmaslikka va bu voqealarga xolis baho berishga chaqirgan. Andijondagi "dahshatli voqealar qurbonlarining savollariga javob topilishi kerakligi"ni ta'kidlagan Inson haqlari oliy komissari. Xo'sh, Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin O'zbekiston hukumatining Andijon hodisalari borasida mavqei o'zgaradimi?

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov: Siyosiy tizimning Andijon borasida munosabati o'zgarmaydi. Shaxsan Shavkat Mirziyoyev uchun Andijon fenomeni, Andijon voqeasi va omili bir qancha o'lchamda ahamiyatli bo'lib qolaveradi. Birinchisi, tarixiy xotira sifatida. Chunki Shavkat Mirziyoyevning o'zining oldiga qo'ygan asosiy vazifasi siyosiy tizimning imidjini ijobiylashtirish, yaxshilashga qaratilgan. Ya'ni, u siyosiy tizimni fundamental o'zgartirmayapti, aksincha siyosiy tizimni isloh etishga harakat qilayapti. Ya'ni, bir tizimdan voz kechib, ikkkinchisiga o'tayotgani yo'q. Faqatgina avtoritar rejimning qattiq bir shaklidan mo''tadilroq, yumshoqroq formasiga o'tishga harakat qilyapti. Hali o'tgani yo'q, o'tishga harakat qilyapti. Chunki O'zbekistonda prezidentlik institutidan tashqari bir necha hokimiyat markazlari bor va ularning vetolari to'lalagicha hali kuchida turibdi. Ikkinchisi, Shavkat Mirziyoyev Andijon voqealari davrida O'zbekistonning bosh vaziri edi va O'zbekiston davlatchiligiga ko'ra ijroiya hokimiyatining aynan ijtimoiy, iqtisodiy sohaga eng katta mas'ul shaxsi bosh vazir hisoblanadi. Chunki prezident - davlat rahbari va prezidentlik uchta davlat organining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi institut hisoblanadi. Va Andijon hodisasi, Andijon voqeasi birinchi o'rinda ijtimoiy o'lchamga ega bo'lgan. Ikkinchi o'rinda diniy, mafkuraviy o'lchamga ega bo'lgan fenomen. Va Shavkat Mirziyoyev uchun Andijon voqeasining mas'uliyati to'laligicha Karimovga tushadi, deyish noto'g'ri. Albatta, 13 may kuni Karimov qaror qabul qildi va qurshov masalasida aynan Karimovning yondashuvi hal qiluvchi rol o'ynadi. Uchinchisi, Shavkat Mirziyoyev uchun Andijon voqeasi ijtimoiy bosim yoki ijtimoiy sarosima omili sifatida ham qoladi. Chunki 32 millionli O'zbekiston mana shunday kutilmagan ijtimoiy portlash, ijtimoiy bo'hronni yuzaga keltirishi mumkinligi xavotiri siyosiy tizim uchun realdir. O'zbekistonning kutilmaganda boshqa bir viloyatida, masalan, Farg'onada yoki misol uchun katta aholiga ega Samarqand viloyati yoki Qashqadaryoda mana shunday voqea va hodisa yuz bermaydi deb hech kim kafolat berolmaydi. Aksincha, O'zbekiston ham demografik, ham ijtimoiy, ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham geografik jihatlardan ijtimoiy portlashlarga, inqiloblarga o'ta moyil bo'lgan davlat hisoblanadi. Markaziy Osiyoda mana shunday o'ta moyil bo'lgan davlat uchta. Bular Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston. Qozog'istonning kvadrat kilometriga aholisining zichligi, yoki poytaxtining aholi zich joylardan juda ham uzoqligi yoki Turkmaniston aholisining siyrakligi inqiloblarning tahdidini ancha pasaytiradi. Buning ustiga bu ikki davlat neft va gazga juda ham boy. Demak, O'zbekiston hokimiyati uchun Andijon mana shu uchta o'lchamda o'zining ahamiyatini yo'qotmaydi. Va o'ylaymanki, Andijon masalasiga siyosiy tizimning yondashuvi o'zgarmaydi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
2005 йил 13 май куни Андижон марказидаги майдонда айтилган сўзлар

BBC: 2005 yil 13 may kuni Andijonning bosh maydonida so'z olib gapirgan insonlarning ovozlari saqlanib qolgan, ular adolatsizlik, nohaqlik va o'zlarining muammolariga hukumat quloq solmayotganidan shikoyat qilgan edilar. Bugun esa Prezident Mirziyoyev davlat xalqning arzu-dodiga quloq tutishi lozimligi haqida gapirayapti. Shu ma'noda Islom Karimovning hokimiyati xalqni inkor etgandi, degan bayonotni kutish mumkinmi yangi hokimiyatdan?

Kamoliddin Rabbimov: Andijon voqeasini siyosiy tizim, hokimiyat tan ololmaydi, chunki G'arb, butun demokratik davlatlar O'zbekiston hokimiyatini insoniyatga qarshi jinoyat yoki genotsidda aybladi. Siyosiy hokimiyatning bu masala borasidagi pozitsiyasi o'zgarmas, yopiq bo'lib qolaveradi. Lekin siyosiy tizim, ya'ni yangi hokimiyat vaziyatni yumshatishga qaratilgan hatti-harakatlarni olib boraveradi. Pirovard ustuvor vazifa shundan iboratki, bundan keyin imkon qadar Andijonga o'xshagan voqea va hodisalarni yuzaga keltirmaslik yoki mana shunday ijtimoiy bo'hronlar yuzaga keladigan bo'lsa, uni davlatchilik uchun, jamiyat uchun eng kam miqdordagi zarar bilan bartaraf etish, qurbonlarsiz hal qilish yondashuvi ustuvor yondashuv bo'lib qoladi.

2005 йил 13 май. Андижон. Image copyright BBC UZBEK

Inson huquqlari himoyachisi Umida Niyozova: Mening fikrimcha, Shavkat Mirziyoyevning Andijon masalasida pozitsiyasi Islom Karimovnikidan farqli bo'lmaydi. Bu degani, Andijon voqealari unutilishi kerak. Menimcha, u yerda bo'lgan qirg'in Mirziyoyev rahbarligi paytida ham gapirilmaydi va muhokama qilinmaydi. Chunki Andijon qirg'ini ro'y bergan paytda Mirziyoyevning o'zi ham bor edi. Albatta, u o'shanda Karimov soyasida yurgan mulozim edi, lekin Andijon qirg'ini masalasi ko'tariladigan bo'lsa, birinchi navbatda Karimov va uning atrofida bo'lgan mulozimlarning mas'uliyati haqida gapirish lozim bo'ladi. Shuning uchun, menimcha, Mirziyoyev xuddi Karimovga o'xshab Andijon hodisalarini unutishni istaydi va bu haqda hech qaerda gapirilmasa ham kerak.

BBC: 2005 yil 13 may kuni Andijonning bosh maydonida so'z olib gapirgan insonlarning ovozlari saqlanib qolgan, ular adolatsizlik, nohaqlik va o'zlarining muammolariga hukumat quloq solmayotganidan shikoyat qilgan edilar. Bugun esa Prezident Mirziyoyev davlat xalqning arzu-dodiga quloq tutishi lozimligi haqida gapirayapti. Shu ma'noda Islom Karimovning hokimiyati xalqni inkor etgandi, degan bayonotni kutish mumkinmi yangi hokimiyatdan?

2005 йил 13 май. Андижон. Image copyright BBC UZBEK

Umida Niyozova: Bugungi kundagi manzara shuki, Mirziyoyev chindan ham xalqning oldiga chiqib xalq dardini eshitmoqchi bo'layapti. U Prezident qabulxonalarini tashkil qilib, shaxsiy uning o'zining avtoritetini oshiradigan byurokratik tizimlarni barpo etdi. Albatta, bunday populistik qadamlar xalqqa juda yoqadi va hozircha biz xalqdan Mirziyoyevga nisbatan katta simpatiyani ko'rayapmiz. Nafaqat oddiy odamlar, balki muxolifat rahbarlari ham Mirziyoyevga ishonib umid bildirmoqdalar. Lekin Mirziyoyevning hokimiyatga kelganiga atigi 6 oy bo'ldi va biz bu ritorika haqiqiy o'zgarishlarni olib keladimi yoki yo'qligini ko'rish uchun yana biroz vaqt kutishimiz kerak bo'ladi. Chunki O'zbekistonda juda ko'p muammolar yig'ilib keldi va buni hamma gapirmoqda. Mirziyoyevning o'zi ham gapirmoqda. Va bu muammolarni echish uchun faqat ritorikaning o'zi yetarli emas. Haqiqiy islohotlar yuz berishi kerak, institutlar o'zgartirilishi kerak. Faqat xalq qabulxonalarining ochilgani muammolarni hal qilmaydi. Masalan, prokuratura, sud tizimi, parlament mustaqil bo'lishlari kerak. Korruptsiyani kamaytirish kerak. Bunday islohotlarni amalga oshirish uchun vaqt kerak. Bu islohotlar haqiqatan ham boshlanganini masalan men sezayotganim yo'q.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

.

Bu mavzuda batafsilroq