O‘zbekistonda gaz bilan yuruvchi traktorlar ishlab chiqariladi

Gaz bilan yuruvchi traktorlar o'tgan yili taqdim qilingan Image copyright newholland.com
Image caption Gaz bilan yuruvchi traktorlar o'tgan yili taqdim qilingan

O'zbekiston kelgusi yildan boshlab metan gazi bilan yuruvchi traktorlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'ymoqchi. Shu vaqtgacha O'zbekistonda ko'plab yengil avtomobillar, avtobus va yuk mashinalari nisbatan arzon yonilg'i bo'lmish metan gaziga moslashtirilgan edi. Endi ushbu tajriba qishloq xo'jaligi vositasi bo'lmish traktorlarda ham keng qo'llaniladigan ko'rinadi.

Bu haqda podrobno.uz nashri "O'zagrotexsanoatxolding" aksiyadorlik jamiyati raisi Nodir Otajanovga tayanib xabar bermoqda. Traktorlarni Case New Holland shirkati ishlab chiqarishi aytilmoqda.

"Davlat rahbarining topshirig'i bilan dunyoda gazli dvigatellar ishlab chiqarishda yetakchi bo'lgan Case New Holland ishtirokida loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu traktorlarning Italiyada dala sharoitida ishlatish jarayonini biz ham kuzatdik", - degan u.

Siqilgan gaz yoki metan O'zbekistonda yuk mashinalari va avtobuslarda ishlatilib boshlanganiga ancha bo'ldi. Bu kabi yonilg'i turini ishlatishda yagona muammo yonilg'i baki sig'imi ekanligi aytiladi. Ya'ni mashinani harakatlantirish uchun benzindan farqli ravishda katta hajmda va og'ir gaz ballonlar talab qilinadi.

Nodir Otajonovning aytishicha, Case New Holland shirkati ushbu muammoga o'ziga xos yechim topgan. Gaz ballonlari traktordan ajralib ko'rinib turmaydi va u sinov vaqtida yaxshi samara ko'rsatgan.

"Menimyaa bu kabi traktorlar O'zbekistonda yaxshi qabul qilinadi. Gaz bilan yuruvchi texnikalarni yanagi yildan bozorga olib chiqishimiz mumkin. Biz 80 dan 110 ot kuchigacha ega traktorlarni gazga o'tkazishga jiddiy kirishganmiz", - degan xolding rahbari.

Ayni damda O'zbekistonda 40 ming traktor ishlatilayotgani aytiladi. Zavodda o'rnatilgan gaz ballonlar bilan yuruvchi traktorlar shu vaqtgacha yo'q.

Case New Holland ning gaz bilan yuruvchi traktorlari o'tgan yili namoyish qilingan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02