O‘zbekistonda gaz ta’minoti xususiy shirkatlarga o‘tadi

Mahalliy jurnalistlar gaz muammosi haqida tez-tez yozib turishadi Image copyright rtoshpulat.blogspot.co.uk
Image caption Mahalliy jurnalistlar gaz muammosi haqida tez-tez yozib turishadi

O'zbekistonda aholini tabiiy va siqilgan gaz bilan ta'minlash ishlari xususiy operatorlar qo'liga o'tadi. Ushbu loyiha tajriba tariqasida iyun oyida 14 tumanda sinab ko'rila boshlanadi. Bu borada 20 aprel kuni Prezident qarori chiqqan.

"Gaz ta'minoti tizimiga bozor mexanizmlarini kiritish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorda aytilishicha, iyun oyidan boshlab xususiy opretorlarga tanlov asosida ma'lum tumanlarni gaz bilan ta'minlash vakolati beriladi.

Natijada xususiy shirkatlar gaz taqsimoti tarmoqlari va tabiiy gaz sotish vazifalarini bajaradi. Shu vaqtgacha bu ish bilan davlat tashkilotlari shug'ullanib kelgan.

Tajriba sifatida Toshkent shahri, Qoraqalpog'iston Respublikasi va 12 viloyatdan bittadan 14 tuman tanlab olingan.

Gaz ta'minoti bilan shug'ullanishni istovchi xususiy operatorlar ishchilari sonidan qat'iy nazar yagona soliq to'lovini to'lashi shart. Tabiiy va siqilgan gaz sotishdan kelgan pullar to'g'ridan to'g'ri "O'ztransgaz" shirkati hisob raqamiga tushadi. Xususiy operatorlar faqat gaz sotish bilan shug'ullanadi va ularda gazni ishlatish huquqi bo'lmaydi.

1 iyundan boshlab qarzdorlik sabab gaz tarmog'idan uzib qo'yilgan mijozlar uni qayta ulatish uchun eng kam ish haqqining 2 barobari (qariyb 300 ming so'm) miqdorida jarima to'lashiga to'g'ri keladi.

1 oktyabrdan boshlab esa, gaz hisoblagichi bo'lmagan iste'molchi tabiiy gaz uchun ikki karra qimmat narxda pul to'laydi.

O'zbekistonda gaz ta'minoti so'nggi yillarda katta muammoga aylangan.

Qarzdorlikka barham beriladimi?

O'zbek mulozimlari aholiga gaz va elektr yetib bormasligi muammosini qarzdorlik bilan izohlab kelishadi.

Birgina Samarqand viloyatida 1 yanvargacha aholining gazdan qarzdorligi 601 milliard so'mga (Markaziy Bank kursi bo'yicha 176 yarim million dollar) yetgani aytiladi.

Mutasaddilar qarzdorlikka barham berish uchun yillar davomida turli uslublarni qo'llab kurashib keladi.

Bunga javobgar shaxslar ishdan olinib, turli muddatga qamoq jazosiga hukm qilinadi.

Ko'plab pul yig'uvchilarning javobgarlikka tortilishi ortidan bu sohada kadrlar yetishmasligi muammosi paydo bo'lganligi aytiladi.

Gaz va elektr o'lchovini aniqlash uchun zamonaviy hisoblagichlar o'rnatilgan va ular ma'lum muddatda tekshirishdan o'tkazilib turiladi.

Lekin ushbu chora-tadbirlar va javobgarlikka tortishlarga qaramasdan qarzdorlik borasida muammo yechimini topmasdan kelmoqda.

Kuzatuvchilar gaz va elektrdan aholining katta miqdorda qarzdorligini kambag'allik, korrupsiya va monopoliyaga bog'lashadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda gaz va elektr taqchilligi muammosi muntazam ravishda qayta-qayta muhokama mavzusiga aylangan.

Yozayotganlarning aytishicha, kompaniyalarning aholidan pulni ololmasligi kasriga pulni o'z vaqtida to'laydigan qatlam ham qolayapti. Pul yig'uvchilar esa boyishda davom etmoqda.

"Svet va gazni pulini yig'ishni xususiy qo'lga berish kerak. Ana, to'g'rimdagi domda gazchi: shishib ketganidan 4-moshinasi - Lasettiga sig'mayapti uje. Kimdir nuqta qo'yishi kerak".

Fikr bildiruvchilarga ko'ra, davlat qarzdorlarning qarzidan to'liq kechishi va bundan keyingi pul yig'ishlarni xususiy qo'llarga topshirishi vaziyatni o'zgartirishi mumkin.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq