Mirziyoyev Andijonni qayta koʻrib chiqadimi?

13 mayda mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi eng mashʼum kun - Andijon qirgʻiniga 12 yil toʻldi.

2005 yil 13 may. Andijon, Bobur maydoni Image copyright BBC UZBEK

Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyingi Andijon qirgʻinining ilk sanasidir. 2005 yil 13 mayidan keyin roʻy bergan hodisalarni Oʻzbekiston hukumati "Akromiylar" diniy guruhining konstitutsiyaviy tuzumni agʻdarish maqsadini koʻzlagan terrorchilik amallari deb atagan. Hukumatga koʻra, Andijon hodisalarida 187 kishi halok boʻlgan, ularning aksari terrorchilar boʻlganlar. Guvohlar va xalqaro tashkilotlar esa hukumat kuchlari Andijon viloyat hokimligi yonidagi maydonda va maydondan olib chiqadigan koʻchalarda aksari qurolsiz tinch namoyish vakillarini otib oʻldirganlarini aytganlar. Oʻzbek-Qirgʻiz chegarasiga yetgan odamlarni ham Oʻzbek harbiylari oʻq yomgʻiri bilan kutib olganlar.

Videolarimizni BBC Uzbekning Youtube kanalida tomosha qiling

Xalqaro tashkilotlarga koʻra, Andijonda kamida 500 inson oʻldirilgan. Qator Gʻarb davlatlari Oʻzbekiston hukumatini koʻpchiligini qurolsiz odamlar tashkil etgan namoyishchilarga qarshi haddan tashqari kuch ishlatishda ayblagan va voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv oʻtkazishga chaqirgan. Oʻzbekiston hukumati mustaqil tekshiruv chaqiriqlarini rad etgan.

2005 yil 13 may. Andijon Image copyright AFP Getty Images

Andijon qirgʻinining 12 yilligi sanasi arafasida Toshkentga borgan BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy Komissari Zayd Raad Zayd al-Husaynni Prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Uchrashuv bir yarim soat davom etgani xabar qilindi. BMT Oliy Komissari Zayd Raad al-Husayn Andijon voqealari qurbonlarini unutmaslikka va bu voqealarga xolis baho berishga chaqirgan. Andijondagi "dahshatli voqealar qurbonlarining savollariga javob topilishi kerakligi"ni taʼkidlagan Inson haqlari oliy komissari. Xoʻsh, Prezident Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin Oʻzbekiston hukumatining Andijon hodisalari borasida mavqei oʻzgaradimi?

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov: Siyosiy tizimning Andijon borasida munosabati oʻzgarmaydi. Shaxsan Shavkat Mirziyoyev uchun Andijon fenomeni, Andijon voqeasi va omili bir qancha oʻlchamda ahamiyatli boʻlib qolaveradi. Birinchisi, tarixiy xotira sifatida. Chunki Shavkat Mirziyoyevning oʻzining oldiga qoʻygan asosiy vazifasi siyosiy tizimning imidjini ijobiylashtirish, yaxshilashga qaratilgan. Yaʼni, u siyosiy tizimni fundamental oʻzgartirmayapti, aksincha siyosiy tizimni isloh etishga harakat qilayapti. Yaʼni, bir tizimdan voz kechib, ikkkinchisiga oʻtayotgani yoʻq. Faqatgina avtoritar rejimning qattiq bir shaklidan moʻʼtadilroq, yumshoqroq formasiga oʻtishga harakat qilyapti. Hali oʻtgani yoʻq, oʻtishga harakat qilyapti. Chunki Oʻzbekistonda prezidentlik institutidan tashqari bir necha hokimiyat markazlari bor va ularning vetolalari toʻlalagicha hali kuchida turibdi. Ikkinchisi, Shavkat Mirziyoyev Andijon voqealari davrida Oʻzbekistonning bosh vaziri edi va Oʻzbekiston davlatchiligiga koʻra ijroiya hokimiyatining aynan ijtimoiy, iqtisodiy sohaga eng katta masʼul shaxsi bosh vazir hisoblanadi. Chunki prezident - davlat rahbari va prezidentlik uchta davlat organining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi institut hisoblanadi. Va Andijon hodisasi, Andijon voqeasi birinchi oʻrinda ijtimoiy oʻlchamga ega boʻlgan. Ikkinchi oʻrinda diniy, mafkuraviy oʻlchamga ega boʻlgan fenomen. Va Shavkat Mirziyoyev uchun Andijon voqeasining masʼuliyati toʻlaligicha Karimovga tushadi, deyish notoʻgʻri. Albatta, 13 may kuni Karimov qaror qabul qildi va qurshov masalasida aynan Karimovning yondashuvi hal qiluvchi rolь oʻynadi. Uchinchisi, Shavkat Mirziyoyev uchun Andijon voqeasi ijtimoiy bosim yoki ijtimoiy sarosima omili sifatida ham qoladi. Chunki 32 millionli Oʻzbekiston mana shunday kutilmagan ijtimoiy portlash, ijtimoiy boʻhronni yuzaga keltirishi mumkinligi xavotiri siyosiy tizim uchun realdir. Oʻzbekistonning kutilmaganda boshqa bir viloyatida, masalan, Fargʻonada yoki misol uchun katta aholiga ega Samarqand viloyati yoki Qashqadaryoda mana shunday voqea va hodisa yuz bermaydi deb hech kim kafolat berolmaydi. Aksincha, Oʻzbekiston ham demografik, ham ijtimoiy, ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham geografik jihatlardan ijtimoiy portlashlarga, inqiloblarga oʻta moyil boʻlgan davlat hisoblanadi. Markaziy Osiyoda mana shunday oʻta moyil boʻlgan davlat uchta. Bular Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston. Qozogʻistonning kvadrat kilometriga aholisining zichligi, yoki poytaxtining aholi zich joylardan juda ham uzoqligi yoki Turkmaniston aholisining siyrakligi inqiloblarning tahdidini ancha pasaytiradi. Buning ustiga bu ikki davlat neftь va gazga juda ham boy. Demak, Oʻzbekiston hokimiyati uchun Andijon mana shu uchta oʻlchamda oʻzining ahamiyatini yoʻqotmaydi. Va oʻylaymanki, Andijon masalasiga siyosiy tizimning yondashuvi oʻzgarmaydi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
2005 yil 13 may kuni Andijon markazidagi maydonda aytilgan soʻzlar

BBC: 2005 yil 13 may kuni Andijonning bosh maydonida soʻz olib gapirgan insonlarning ovozlari saqlanib qolgan, ular adolatsizlik, nohaqlik va oʻzlarining muammolariga hukumat quloq solmayotganidan shikoyat qilgan edilar. Bugun esa Prezident Mirziyoyev davlat xalqning arzu-dodiga quloq tutishi lozimligi haqida gapirayapti. Shu maʼnoda Islom Karimovning hokimiyati xalqni inkor etgandi, degan bayonotni kutish mumkinmi yangi hokimiyatdan?

Kamoliddin Rabbimov: Andijon voqeasini siyosiy tizim, hokimiyat tan ololmaydi, chunki Gʻarb, butun demokratik davlatlar Oʻzbekiston hokimiyatini insoniyatga qarshi jinoyat yoki genotsidda aybladi. Siyosiy hokimiyatning bu masala borasidagi pozitsiyasi oʻzgarmas, yopiq boʻlib qolaveradi. Lekin siyosiy tizim, yaʼni yangi hokimiyat vaziyatni yumshatishga qaratilgan hatti-harakatlarni olib boraveradi. Pirovard ustuvor vazifa shundan iboratki, bundan keyin imkon qadar Andijonga oʻxshagan voqea va hodisalarni yuzaga keltirmaslik yoki mana shunday ijtimoiy boʻhronlar yuzaga keladigan boʻlsa, uni davlatchilik uchun, jamiyat uchun eng kam miqdordagi zarar bilan bartaraf etish, qurbonlarsiz hal qilish yondashuvi ustuvor yondashuv boʻlib qoladi.

2005 yil 13 may. Andijon Image copyright BBC UZBEK

Inson huquqlari himoyachisi Umida Niyozova: Mening fikrimcha, Shavkat Mirziyoyevning Andijon masalasida pozitsiyasi Islom Karimovnikidan farqli boʻlmaydi. Bu degani, Andijon voqealari unutilishi kerak. Menimcha, u yerda boʻlgan qirgʻin Mirziyoyev rahbarligi paytida ham gapirilmaydi va muhokama qilinmaydi. Chunki Andijon qirgʻini roʻy bergan paytda Mirziyoyevning oʻzi ham bor edi. Albatta, u oʻshanda Karimov soyasida yurgan mulozim edi, lekin Andijon qirgʻini masalasi koʻtariladigan boʻlsa, birinchi navbatda Karimov va uning atrofida boʻlgan mulozimlarning masʼuliyati haqida gapirish lozim boʻladi. Shuning uchun, menimcha, Mirziyoyev xuddi Karimovga oʻxshab Andijon hodisalarini unutishni istaydi va bu haqda hech qayerda gapirilmasa ham kerak.

BBC: 2005 yil 13 may kuni Andijonning bosh maydonida soʻz olib gapirgan insonlarning ovozlari saqlanib qolgan, ular adolatsizlik, nohaqlik va oʻzlarining muammolariga hukumat quloq solmayotganidan shikoyat qilgan edilar. Bugun esa Prezident Mirziyoyev davlat xalqning arzu-dodiga quloq tutishi lozimligi haqida gapirayapti. Shu maʼnoda Islom Karimovning hokimiyati xalqni inkor etgandi, degan bayonotni kutish mumkinmi yangi hokimiyatdan?

2005 yil 13 may. Andijon. Image copyright BBC UZBEK

Umida Niyozova: Bugungi kundagi manzara shuki, Mirziyoyev chindan ham xalqning oldiga chiqib xalq dardini eshitmoqchi boʻlayapti. U Prezident qabulxonalarini tashkil qilib, shaxsiy uning oʻzining avtoritetini oshiradigan byurokratik tizimlarni barpo etdi. Albatta, bunday populistik qadamlar xalqqa juda yoqadi va hozircha biz xalqdan Mirziyoyevga nisbatan katta simpatiyani koʻrayapmiz. Nafaqat oddiy odamlar, balki muxolifat rahbarlari ham Mirziyoyevga ishonib umid bildirmoqdalar. Lekin Mirziyoyevning hokimiyatga kelganiga atigi 6 oy boʻldi va biz bu ritorika haqiqiy oʻzgarishlarni olib keladimi yoki yoʻqligini koʻrish uchun yana biroz vaqt kutishimiz kerak boʻladi. Chunki Oʻzbekistonda juda koʻp muammolar yigʻilib keldi va buni hamma gapirmoqda. Mirziyoyevning oʻzi ham gapirmoqda. Va bu muammolarni yechish uchun faqat ritorikaning oʻzi yetarli emas. Haqiqiy islohotlar yuz berishi kerak, institutlar oʻzgartirilishi kerak. Faqat xalq qabulxonalarining ochilgani muammolarni hal qilmaydi. Masalan, prokuratura, sud tizimi, parlament mustaqil boʻlishlari kerak. Korruptsiyani kamaytirish kerak. Bunday islohotlarni amalga oshirish uchun vaqt kerak. Bu islohotlar haqiqatan ham boshlanganini masalan men sezayotganim yoʻq.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

.

Bu mavzuda batafsilroq