Mirziyoyev va Erdoʻgʻon Xitoyda uchrashdilar

Bu ikki davlat rahbarlarining ilk uchrashuvi emas Image copyright tccb.gov.tr
Image caption Bu ikki davlat rahbarlarining ilk uchrashuvi emas

Xitoyda boʻlib oʻtgan "Bir qutb, bir yoʻl" xalqaro forumi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻon bilan uchrashdi.

Erdoʻgʻon Oʻzbekiston bilan munosabatlarni ikki mamlakatning ham manfaatlariga asoslangan holda yuqori darajaga olib chiqishga tayyor ekanini izhor qildi.

Ayni damda Mirziyoyev Oʻzbekiston va Turkiya munosabatlari siyosat, tijorat va savdo, sarmoyalar, turizm va boshqa sohalarda katta salohiyatga ega ekani va hali bu salohiyat ishga solinmaganini taʼkidladi.

Bu ikki davlat rahbarlarining ilk uchrashuvi emas.

Oʻtgan yil noyabrida Erdoʻgʻon Samarqandga tashrif buyurishi va marhum prezident Islom Karimovning qabrini ziyorat qilishi ortidan ikki tomon qator ehtimoliy kelishuvlarni muhokama qilishgandi.

Unda alohida eʼtibor sarmoyalarni oshirish, xususan Oʻzbekistondagi turizm tizimi, toʻqimachilik, teri, farmatsevtika, qurilish va qishloq xoʻjalik sohalariga berilishiga kelishilgan.

Ayni damda Turkiya poytaxti Anqarada boʻlib oʻtgan "Turkiya va Oʻzbekistonning iqtisodiy aloqalari" nomli anjumanda Turkiya ilm-fan, sanoat va texnologiyalar vaziri muovini Hasan Chelik oʻz hukumati ikki mamlakat oʻrtasidagi ayirboshlash koʻlamini "kelgusi yillarda" 2-3 marotaba oshirishga bel bogʻlaganini aytgan.

Oʻzbekiston mustaqilligi yillari boshlarida mustahkamlangan turk-oʻzbek munosabatlari 1990-yillar oxirlariga kelib sovugandi. Xususan, turk litseylari yopilgan va ularni bitirib Turkiya tahsil olishga ketgan oʻzbekistonlik talabalarning baʼzilari "nurchilar" oqimiga aʼzolikda shubhalanib, ularga qarshi jinoiy ishlar ochilgan.

Islom Karimov prezidentligining oxirgi yillarida Oʻzbekistonda turk tadbirkorlariga qarshi kampaniya olib borilgan va ularning shirkatlariga reydlar oʻtkazilgandi.

Turkiya taniqli oʻzbekistonlik muxolif siyosatchi Muhammad Solihga yashash ruxsatini bergan. Ayni damda vizasiz tizim tufayli Turkiyada oʻng minglab oʻzbekistonliklar, xususan siyosiy qochqinlar va mehnat muhojirlari yashab kelmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02