Makron Frantsiya uygʻonish davrini vaʼda qildi

Olland yangi prezidentni alvon gilam ustida kutib olgan Image copyright AFP
Image caption Olland yangi prezidentni alvon gilam ustida kutib olgan

Parijning Yelisey saroyida Frantsiyaning 39 yoshli Prezidenti Emmanuel Makronning inauguratsiya marosimi boʻlib oʻtdi. Lavozimdan ketayotgan rahbar Fransua Olland vorisini saroy ostonasiga toʻshalgan alvon gilam ustida kutib olgan.

Marosim boshlanishidan oldin Makron va Olland yopiq uchrashuv oʻtkazgan. Unda Olland yangi rahbarga "yadro chamadoni" kodini bergan. Frantsiya dunyoda yadro quroliga ega oz sonli mamlakatlardan biri hisoblanadi.

Prezident vakolatini topshirish marosimi 65 daqiqa davom etgan. Shundan soʻng sobiq rahbarga aylangan Fransua Olland Yelisey saroyini oʻzining shaxsiy va odmi Peugeot avtomobilida tark etgan. Mashina eshigigacha u bilan Makron chiqqan. Toʻplangan odamlar sobiq Prezidentni olqishlar bilan kuzatib qoʻygan.

"Frantsiya buyuk uygʻonish boʻsagʻasida turibdi. Biz Frantsiya taqdirini 10 yil oldinga belgilab beruvchi bir davrda yashamoqdamiz. Kelgusi avlodlarimiz yashaydigan dunyoning qanday boʻldishini aynan biz belgilab berishimiz kerak", - degan yangi Prezident saroy oldida toʻplanganlarga qarata.

Yosh Prezident Yevropa Ittifoqini kuchaytirish va isloh qilish tarafdori hisoblanadi.

"EI yanada demokratik boʻlishi kerak, u mustaqilligimiz kafolatidir", - degan u.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02