Oʻzbek imomi: Diniy idora rahbarlari yangilansin

67 yoshli Usmonxon Alimov 2006 yili muftiy boʻlgan Image copyright Muslim.uz
Image caption 67 yoshli Usmonxon Alimov 2006 yili muftiy boʻlgan

Toshkentdagi imomlardan biri Shermurod Togʻay Oʻzbekiston Musulmonlar diniy idorasida rahbarlar ketib oʻrniga yosh, millati va dini uchun qaygʻuradigan yangilari kelishi kerakligini aytmoqda. Unga koʻra, hozirgi rahbarlar dindorlarning dardini eshitmaydi va ular bilan ochiq muloqot qilmaydi.

Erk.uz saytida Shermurod Togʻay nomidan yozilgan "Eski daraxtlarni kesing" nomli maqolada aytilishicha, yangi Prezident Shavkat Mirziyoyev eski hokimiyat tizimidagi eski rahbarlarni olib oʻrniga shijoatli yangi rahbarlarni qoʻymoqda va bu samarasini bermoqda.

Image copyright facebook
Image caption Shermurod Togʻay Facebook da ancha faol

Imomning aytishicha, xuddi mana shu tajribani diniy sohada qoʻllash kerak.

"Sababi hali bironta diniy rahbarlarimiz masjidma-masjid yurib, xalq, namozxonlar bilan ochiq muloqat oʻtkazmadi. Ularning dardini tinglamadi. Sababi noloyiq imomlarni xalq boʻshatishini talab qilishlaridan choʻchishmoqda. Hali ham buyruq bozlik, dardiga mubtalomiz", - deb yozadi Shermurod Togʻay.

Uning aytishicha, Oʻzbekistondagi musulmonlarga yosh, iqtidorli vatani yurti,millati va dini uchun qaygʻuradigan, kechayu kunduz oʻtirib ishlaydigan, qabuliga borsangiz soatlab kuttirmaydigan, osmondan kibr bilan nopisand qaramaydigan, el dardini tinglaydiganlar, oʻzi qaror qabul qilishga salohiyatli, ilmli iqtidorli diniy rahbarlar kerak.

Shermuroj Togʻay "gapi tasirsiz, taqvosiz, ikki yuzlamachi, koʻz boʻyamachi, qatʼiyatsizlardan voz kechish kerak", degan. Ammo bu jusmlalar bilan kimni nazarda tutganini aniq yozmagan.

Imom unga ayrimlar sirlarimizni ochmang deyotganini ham aytgan.

Oʻzbekiston musulmonlar diniy idorasiga 67 yoshli Usmonxon Alimov rahbarlik qiladi. U 2006 yili muftiy lavozimiga tayinlangan.

•BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq