Mirziyoyev Rossiyadagi migrantlarni qadrlay boshladimi?

Tahlilchilarga koʻra, Oʻzbekistonning yangi rahbariyati muhojirlar masalasiga pragmatik yondoshib, ularning davlat gʻaznasiga qoʻshayotgan hissasini tan ola boshlagan.
Image caption Tahlilchilarga koʻra, Oʻzbekistonning yangi rahbariyati muhojirlar masalasiga pragmatik yondoshib, ularning davlat gʻaznasiga qoʻshayotgan hissasini tan ola boshlagan.

Oʻzbekiston Mehnat vazirligi qoshidagi tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlik oʻzbekistonliklar uchun Rossiyada mavjud boʻlgan qator ish oʻrinlarini eʼlon qildi.

Shu kunlarda Oʻzbekistonga tashrif buyurgan rossiyalik rasmiylar esa oʻzbekistonlik mehnat muhojirlariga huquqiy yordam koʻrsatishni vaʼda qilib ketishdi.

Rossiyadagi mehnat muhojirlarini "dangasalar" deya tamgʻalagan Islom Karimovdan farqli oʻlaroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev maʼmuriyati mehnat muhojirlariga oʻzgacha eʼtibor bilan yondoshmoqda.

Aftidan Oʻzbekiston hukumati Rossiyada ishlayotgan mehnat muhojirlarining oʻz vatanida qolgan yaqinlariga pul yuborish orqali mamlakat gʻaznasiga kiritayotgan milliardlab dollarlik hissasini qadrlay boshladi.

"Saranjom-sarishtalik"

Oʻzbekiston Mehnat vazirligi qoshidagi tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha agentlikning eʼlonida haydovchi, boʻyoqchi, suvoqchi, tikuvchi va boshqa qator kasb-hunarlar egalari uchun ish joylari bor.

Agentlikning Facebookdagi "Foreign Employment Migration Agency" nomli sahifasida haydovchilar uchun 43.000-60.000 rubl, boʻyoqchi va suvoqchilar uchun 40.000-45.000 rubl, shlifovshchik va slesarlar uchun 15.000-22.000 rubl, tikuvchilar uchun 20.000-40.000 rubl qiymatida maosh belgilangani aytiladi.

Ish oʻrinlariga nomzodlarning baʼzilaridan rus tilini yaxshi bilish, boshqalaridan esa faqat yozish va oʻqishni bilish, hamda intizomlilik va saranjom-sarishtalik talab qilinadi.

Ish oʻrinlari Moskva shahri va viloyati, Vologda va Astraxan shaharlarida ekani aytiladi.

Maxsus yordam

Eʼlon berilishidan bir necha kun avval Oʻzbekiston Mehnat vazirligida Rossiyaning mehnat muhojirlariga huquqiy yordam koʻrsatish uyushmasi vitse-prezidenti Yuliya Slutskaya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston hukumati rasmiylari bilan oʻtgan mazkur uchrashuvda mehnat muhojirlarining huquqlari va manfaatlarini himoyalash yoʻlidagi qonun-qoidalarni ishlab chiqishga kelishildi.

Slutskayaning aytishicha, uning uyushmasi yaqin kelajakda 3000 oʻzbekistonlikni Rossiyada ish bilan taʼminlashga tayyor.

U, xususan, gʻisht teruvchi, betonchi, svarkachi, boʻyoqchi, plitkachi, slesar, elektrchi, hamda avtobus, tramvay va trolleybus, taksi va yuk mashinalari haydovchilariga talaba borligini bildirdi.

Ayni uchrashuvda Fargʻona shahrida muhojirlarga Rossiyaga otlanishdan avval patent olish, tibbiy tekshiruvlar va boshqa hujjatlarni tayyorlashda yordam koʻrsatuvchi maxsus markaz ochilishi ham bildirildi.

Pragmatik yondoshuv

Shavkat Mirziyoyev joriy yil aprelida Rossiyaga qilgan safari chogʻida "Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik ish faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini jalb etish" nomli hukumatlararo kelishuvga imzo chekkandi.

Kelishuv imzolanishi ortidan muhojirlarni ish bilan taʼminlash, hamda ularga yuridik va ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha amaliy choralar ishlab chiqila boshlangani aytilgan.

Rasmiy koʻrsatkichlarga koʻra, 2015 yilda Rossiyada ishlab yashab kelayotgan oʻzbekistonliklarning oʻz vatanidagi yaqinlariga yuborayotgan moliyaviy koʻmagi Oʻzbekiston Yalpi ichki mahsulotining 4,65 foiziga teng boʻlgan. Bu koʻrsatkich 2013 yilda 11,6 foiz edi.

Tahlilchilarga koʻra, Oʻzbekistonning yangi rahbariyati muhojirlar masalasiga pragmatik yondoshib, ularning davlat gʻaznasiga qoʻshayotgan hissasini tan ola boshlagan.

Rossiyada ishlayotgan oʻzbekistonliklar soni millionlar bilan hisoblansa-da, shu vaqtgacha Oʻzbekistonning Rossiyadagi vakolatxonalari ularga huquqiy va ijtimoiy koʻmak koʻrsatishdan oʻzlarini olib qochganlar.

Elchixona va konsulliklarga yangi maʼmuriyat bu borada qanday yangi koʻrsatmalar bergani hozircha nomaʼlum.

Rossiya oʻtkazilgan oxirgi soʻrovlarga binoan, mamlakatda mehnat qobiliyatiga ega boʻlgan fuqarolar soni 2007 yildan beri pasayib kelmoqda. Bu koʻrsatkich oʻrtacha hisobda yiliga 1 million kishi ekani aytilar ekan, 2025 yilga borib Rossiyadagi mehnat qobiliyatiga ega boʻlgan odamlar soni yana 7 millionga kamayishi aytiladi.

Ayni damda migrant ishchilarning Rossiya byudjetiga ham qoʻshayotgan hissasi soʻrovlar yordamida yoritildi. Xususan, 2016 yilda xorijlik ishchilarning faqat oylik patent toʻlovlarining oʻzi qariyb 45 milliard rublni tashkil qilgan.

Mazkur toʻlovlarning 82 foizi aynan oʻzbeklar va tojiklardan tushishi aniqlandi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02