Oʻzbek IIBsining qonunbuzarlar "reytingi"

Ichki ishlar bosh boshqarmasi saytidagi maqola norasmiy, hazilomuz rusumda bitilgan. Image copyright Guvd.uz
Image caption Ichki ishlar bosh boshqarmasi saytidagi maqola norasmiy, hazilomuz rusumda bitilgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi oʻzining guvd.uz saytida oʻtgan bir hafta davomida poytaxtda yoʻl harakati qoidalarini buzgan mashinalar reytingini eʼlon qildi.

Poytaxt uchun nisbatan yangi boʻlgan nazorat kameralariga tushib qolgan mashinalarning ilk beshtaligiga Toshkentdagi korxonalarga tegishli toʻrtta mashina va poytaxt hokimiyatining bitta mashinasi kirdi.

Ichki ishlar bosh boshqarmasi saytidagi maqola norasmiy, hazilomuz rusumda bitilgan.

"Reyting"da poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan "Gold Air Travel" masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli "Malibu" rusumli, davlat raqam belgisi 01 216 WDA boʻlgan transport vositasi haydovchisi "GʻOLIB" deb topildi. U oʻz boshqaruvidagi avtomashinada koʻp emas, oz emas - jami 17 marotaba yoʻl harakati qoidalarini buzishga "jazm" etdi", - deb yozadi IIB.

"Tabiiyki, qoidabuzarliklar uchun jarimalar miqdori ham "salmoqli" boʻldi - 8 million 87 ming 850 soʻm!" - deya qoʻshimcha qiladi boshqarma.

Ikkinchi oʻrinni Yunusobod tumanidagi "Bilol Myagkaya krovlya" korxonasiga tegishli "Lasetti" rusumli mashina egallagan. Uning qoidabuzarligi 13 marta nazorat kameralariga tushgan.

"Manzilga judayam oshiqqan, shekilli, 11 marta tezlikni belgilangan meʼyordan oshirgan, 2 marta svetoforning taqiqlovchi ishorasiga boʻysunishni "xohlamagan". Umumiy jarima miqdori esa 2 million 845 ming 725 soʻmni tashkil etgan", - deb yozadi IIB.

"Toshkent shahar hokimligining Maʼmuriy binolardan foydalanish direktsiyasiga tegishli "Epika" rusumli avtoulov haydovchisiga ham sovrinli oʻrin "nasib" etdi", - deydi boshqarma.

Hokimiyat mashinasiga, oʻz navbatida 2,845,725 soʻm jarima solingan.

Toʻrtinchi oʻrinda - "Orange taxi" masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli "Neksiya", beshinchi oʻrinda esa Sergeli tumanida joylashgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi "Global Building Machinery" korxonasining "Malibu" rusumli mashinasi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02