Rossiyada bolasidan ayrilayotgan migrantlar

Tojik migrantlarning farzandi Umarali ota-onasidan olib qoʻyilishidan bir necha kun oʻtib oʻlgan
Image caption Tojik migrantlarning farzandi Umarali ota-onasidan olib qoʻyilishidan bir necha kun oʻtib oʻlgan

Rossiyada hukumat politsiya koʻmagida "Voyaga yetmaganlar huquqlarining buzilishi va qarovsizlik profilaktikasi tizimi asosi toʻgʻrisida"gi federal qonunga asosan bolalarni oʻz ota-onalaridan ajratib olishi mumkin.

Bu kabi hollarga oʻzbekistonlik muhojirlar ham uchramoqda.

"Rossiyada bir kunda oʻrtacha 159 nafar bolalar oilasidan olib qoʻyiladi. Ulardan 25 nafari toʻla yetimlardir", - deydi Rossiya Federal Kengashi aʼzosi Yelena Mizulina.

Aksar hollarda bola tortib olinishining asosiy sababi qilib oiladagi iqtisodiy nochorlik koʻrsatiladi.

"Oiladan bolaning olib qoʻyilishi borasida koʻrib chiqilgan hollarda uyning taʼmirlanmagani, yomon maishiy sharoit, mebellarning yoʻqligi va yetishmasligi, muzlatkichda oziq ovqatlarning yetishmasligi, aniqrogʻi kambagʻallik sabab boʻlgan", - deydi Ota-onalar qoʻmitasi va jamiyati uyushmalari rahbari Olga Letkova tashkilotning matbuot anjumanida.

Oilada bolaning oʻsishi va tarbiyasiga jiddiy taʼsir qiluvchi omillar, xususan, ota-onaning farzand oʻstirishga noqobilligi, noloyiqligi yoki farzandiga nisbatan shafqatsizlarcha munosabati ham bolaning vasiylik idoralari tomonidan olinishiga asos boʻladi.

Ota-onalaridan tortib olingan bolalar avvaliga shifoxona, keyin esa bolalar uylariga joylashtiriladi. Bu harakatlar koʻp hollarda keng jamoatchilik tomonidan keskin tanqid va qarshiliklarga sabab boʻlmoqda.

Omsklik Zuxra Bakiyevaning besh farzandidan toʻrt nafari, orlovlik Gromovlar oilasining 8 nafar farzandi tortib olinganligi kabi oʻnlab voqealar Rossiya hayotida uchrab turibdi.

Umarali 2,3,4... davom etmoqda

Ikki yil avval Sankt-Peterburgda politsiya xodimlari tomonidan ota-onasidan olib qoʻyilishi ortidan shifoxonada vafot etgan toʻrt oylik goʻdak Umarali Nazarov fojeasi matbuotda keng yoritildi.

Tojik migrantlarning farzandi Umaralinikiga oʻxshash qismat turli koʻrinishlarda boshqa goʻdaklarning ham boshiga tushmoqda.

Rossiyaga ishlashga kelgan muhojirlarning ijara uylari politsiya tomonidan tekshirilganda hujjatlari nosoz migrantlar politsiya idorasiga olib ketilsa, ularning farzandlari shifoxona yoki bolalar uylariga topshirilmoqda.

Oʻz ismini ochiqlamagan fargʻonalik migrant ayol shunday holning qurboni boʻldi.

"Uyimizni politsiya bosganida bolam bilan uxlab yotgandik. Hujjat tekshirish boshlandi. Shoshganimdan bolamning hujjatlarini topa olmay qoldim. Uyimizdagilarning hammasini politsiyaga olib ketishdi. Bolamni qoʻlimdan yigʻlatib tortib olishdi. Ertasi kuni sud boʻlib bizni qoʻyib yuborishdi, bolamni qayerdaligini aytishmadi. Ikki xafta Moskvaning har bitta bolalar uyini borib koʻrib, zoʻrgʻa topdim. Yaxshiyamki, bolamning xujjatlari joyida edi, zoʻrgʻa qaytarib ololdim", - deydi u.

Tula viloyatida mehnat qilayotgan termizlik Rohatoy Choriyeva esa ikki yildan beri toʻrt yoshli qizchasini topa olmayotganini aytadi.

Uning aytishicha, politsiya tekshiruvlarining birida olib qoʻyilgan qizcha bolalar uyiga berib yuborilgan. U yerda qizchaning ism-sharifi oʻzgartirilib, rus oilasiga asrandi qilib berilgan. Asrab olganlarning kimligi sir saqlanadi.

"Elchixonaga yordam soʻrab bordim, hujjatlarimga yordam berishdi, ammo bolamni qaytarib ololmayapman. Qizimni olib qoʻyishganida uning hamma hujjatlari bor edi. Yugurmagan joyimiz qolmadi. Uni topmagunimcha uyga ketmayman", - deydi u.

Choriyevaning aytishicha, bolaning davlat qaramogʻiga olinishiga uning onasining hujjatlari joyida emasligi sabab qilib aytilgan.

Qonunchi kattalar - jabrlangan bolalar

Rossiyalik ekspertlar amaldagi qonunlar juda chalkashligini taʼkidlashmoqda.

Rossiya hukumati esa oiladan bolani olib qoʻyish borasida masalasini qayta koʻrib chiqayotganini bildirmoqda.

Oila kodeksining 77-bandida bolaning hayoti va salomatligiga taʼsir qiladigan har qanday bevosita xavf boʻlsa, bolaning vasiylik idoralari tomonidan olib qoʻyilishi yozilgan.

"Demak, bu mezonga koʻra xavf ota-ona emas, uchinchi shaxs, yoki hatto tabiiy ofat tomonidan boʻlsa ham, bolani ota-onasidan olib qoʻyish mumkin ekan-da," - deya savol soʻraydi Jamoatchilik kengashi aʼzosi Lyudmila Vinogradova.

Shu yilning yanvarь oyida oʻzbekistonlik Nilufar Mamasaidovaning bir yoshli qizchasi politsiya xodimi tomonidan olib qoʻyilgan kezlarda hukumat eʼtibori mazkur muammoga qaratildi.

Olib qoʻyilgan bolalarni oilasiga qaytarish jarayoni ham mujmal ekani ommaga ayon boʻldi.

Senator Mizulina esa bolalarni oilasidan noqonuniy tortib olgan politsiya xodimlarini javobgarlikka tortishni taklif qildi.

Noqonuniy tortib olingan bolalarni ota-onasiga qaytarish ham vaqt talab qilayotgani taʼkidlanmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02