Oʻzbek telekanallarini tomosha qilmoqchimisiz?

Axborot teledasturi Image copyright Mtrk.uz
Image caption Oxirgi vaqtda "Axborot" informatsion dasturida jamiyatdagi kamchiliklar haqida gapirila boshlandi.

Oʻzaro suhbatlarda oʻzbekistonliklarning "men Oʻzbekiston telekanallarini koʻrmayman" degan gaplarini koʻp eshitish mumkin edi.

Buning asosiy sababi, davlat telekanallari va radiostantsiyalarida kuchli tsenzura oʻrnatilgani, telekanallar va radiostantsiyalar bugungi oʻzbekistonliklar uchun qiziq, ularni oʻylantirgan dolzarb mavzularni yoritmay kelgani, deyish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan Oʻzbekiston teleradio kompaniyasi faoliyatini takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan maxsus komissiya teletomoshabinlarning fikrlarini oʻrganmoqda.

Xabarlarga koʻra, maxsus komissiya Oʻzbekiston davlat telekanallari, radiostantsiyalari faoliyati haqidagi har qanday kamchilik, har bir fikr va taklifni oʻrganib chiqadi.

Oʻrganishlar mobaynida xorijiy telekanallar tajribasidan foydalanish ham koʻzda tutilgan.

Bundan keyin Oʻzbekistonda teleradiokompaniya faoliyatini takomillashtirish kontseptsiyasini qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Prezident Mirziyoyev shu yil fevralida Milliy Teleradiokompaniya raisini oʻzgartirdi.

30 mart kuni boʻlib oʻtgan majlisda u davlat teleradiokanallarining faoliyatini tanqid qildi.

"Ura-urachilik zamoni oʻtdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam koʻrsatuvlarni sogʻinib kutishi kerak. "Axborot" koʻrsatuvini oʻzgartirishimiz kerak", deb aytgan Prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor orqali oʻtkazgan majlisida.

Oʻzbekiston Milliy Teleradiokompaniyasining tarkibiga "Ozbekiston", "Yoshlar", "Toshkent", "Srort", "Madaniyat va ma`rifat", "Dunyo bo`ylab", "Mahalla", "Bolajon", "Diyor", "Kinoteatr", "Navo", "Oilaviy" telekanallari, "Oʻzbekiston", "Yoshlar", "Toshkent", "Sport", "Mahalla" radiokanallari va 14 ta Qoraqalpogʻiston va viloyatlar teleradiokompaniyalari kiradi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq