Mirziyoyev Andijon borasida nega sukut saqlamoqda?

Yelena Urlayeva Image copyright Yelena Urlayeva
Image caption Rasmiylar bu yil Andijon qurbonlarini xotirlash marosimiga qarshilik koʻrsatishmagan

Oʻzbekistonlik bir guruh inson huquqlari faollari 2005 yil 13 mayidagi Andijon voqealarining navbatdagi sanasini Toshkentdagi "Jasorat" yodgorligi poyiga gul qoʻyish bilan xotirlashgan.

Oʻtgan yillardagidan farqli oʻlaroq, Oʻzbekiston rasmiylari bu safar kichik sondagi huquq faollarining Andijon qurbonlarini xotirlash marosimiga qarshilik koʻrsatishmagan.

Huquq himoyachisi Yelena Urlayeva hamda yana bir necha faollar Andijonda namoyishchilarni oʻqqa tutgan shaxslarni jazoga tortishni talab qilganlar.

Ayni sana arafasida Toshkentga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlarning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn 2005 yil mayidagi Andijon voqealari qurbonlarini unutmaslik va bu voqealarga xolis baho berishga chaqirgan.

Avvalroq Prezident Mirziyoyev bilan uchrashgan BMT mulozimining Andijon masalasini muhokama qilgani haqida maʼlumot yoʻq.

Andijon voqealarining navbatdagi sanasi Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi paytiga toʻgʻri kelgan.

Mirziyoyev na Bosh vazir lavozimini egallab turgan 2005 yil va na Prezident boʻlganidan buyon Andijon voqealari haqida hech qanday bayonot bermagan.

Xoʻsh, uning sukunati nimani anglatadi? Oʻzbekiston hukumati yuzlab insonlarning oʻlimiga sabab boʻlgan fojiali voqealar borasidagi mavqeini qayta koʻrib chiqishi mumkinmi? Andijon qirgʻini yuzasidan mustaqil tekshiruv oʻtkazish ehtimoli qanchalik?

Andijon qurbonlari uchun adolat tiklanadimi?

Biz bu savollarni Olma-Otadan britaniyalik tahlilchi Joanna Lillis bilan muhokama qildik.

Joanna Lillis: Oʻtgan hafta Birlashgan Millatlar Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarining Oʻzbekistonga tarixiy tashrifiga guvoh boʻldik. Bu ayni darajadagi BMT mulozimining mamlakatga ilk tashrifidir. Bu shubhasiz, Prezident Mirziyoyevning inson huquqlari borasida muloqotga tayyorligini koʻrsatadi. Bilasiz, bu kabi muloqot marhum prezident Islom Karimov davrida imkonsiz edi. Nazarimda, Mirziyoyev Oʻzbekistonning dunyoda inson haqlarini eng koʻp poymol etuvchi davlat sifatidagi imidjini oʻzgartirishni istaydi. Shuning uchun ham BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komisarini Oʻzbekistonga taklif qildi, deb oʻylayman. Mirziyoyevning shaxsan oʻzi Andijon voqealarining navbatdagi sanasi munosabati bilan hech qanday sharh bermaganiga ajablanmagan boʻlardim. Oʻzbek hukumati Andijon masalasining qanchalik ogʻriqli ekanini yaxshi biladi. Dunyo boʻylab inson huquqlari jamoatchiligi bu yil ham qurbonlarni xotirladi va voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv oʻtkazishga chaqirishda davom etmoqda. Ammo Mirziyoyev bu kabi tekshiruvga rozi boʻladi, deb oʻylamayman.

BBC: BMT Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn Toshkentdaligida Andijon voqealari yuzasidan mustaqil tekshiruv oʻtkazishga chaqirmadi. Nega?

Image copyright Official
Image caption Andijon voqealarining navbatdagi sanasi Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi paytiga toʻgʻri kelgan.

Joanna Lillis: Ehtimol, BMT Oliy komissari oʻz mezbonini noqulay ahvolga solishni istamagandir. Bu bir "real-politik" masalasi ham boʻlishi mumkin. Birlashgan Millatlar Oliy komissari Oʻzbekiston bilan inson huquqlari borasida muloqot oʻrnatmoqchi. Karimov davrida bu kabi muloqot oʻrnatishning imkoni boʻlmagan. Ehtimol, bu kabi chaqiriq hozirga bosqichda ana shu muloqotni boshlashni qiyinlashtiradi, deb oʻylagandir. Ammo albatta, huquq faollari Zayd Raad al-Husayn baralla gapirishi va Andijon yuzasidan mustaqil tergov oʻtkazish talabini takrorlashi kerak edi, deyishmoqda.

BBC: Andijon yuzasidan mustaqil tekshiruvning hozirgi oʻzbek elitasi uchun qanday ehtimoliy oqibatlari boʻlishi mumkin?

Joanna Lillis: Ayonki, Andijon voqealari davrida hokimiyatda boʻlgan odamlarning koʻpchiligi hanuz qudratda. Andijondagi namoyishni bostirish chogʻida asosiy rol oʻynagan xavfsizlik kuchlari - SNBning rahbari oʻzgargani yoʻq. Shuning uchun ham mustaqil tekshiruvga ruxsat berilishi ehtimoli juda kam. Prezident Mirziyoyev uchun bu kabi qadam juda katta tavakkal va xavf tashkil etishi mumkin. Oʻzbekistondagi boshqaruv tuzilmasi juda murakkab va shuning uchun ham ichkarida kechayotgan hokimiyat uchun kurashlar haqida uzil-kesil bir fikr aytish qiyin. Ammo shunga qaramay, Karimovning oʻlimi hukumatdagi qattiqqoʻl va islohot tarafdori boʻlgan kuchlar orasida kurashni yuzaga chiqargani hozirda ayon. Taxminimcha, Mirziyoyevning Andijon yuzasidan mustaqil tekshiruvga ruxsat berishi hukumatdagi qattiqqoʻllik tarafdorlarini gʻazabga keltiradi va hokimiyat uchun kurashning ochiq tus olishiga sabab boʻlishi mumkin. Mirziyoyev Prezident etib saylanganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq va hokimiyatda qolish uchun muvozanatni ushlab turishga majbur. Andijon masalasi uning uchun juda ham qaltis boʻlishi mumkin.

BBC: Mirziyoyevning oʻzi Andijon voqealari yuz bergan payt davlatdagi ikkinchi odam edi. Siz Andijon voqealarida uning shaxsiy masʼuliyati bor, deb hisoblaysizmi?

Joanna Lillis: Menimcha, ha. Shubhasiz, inson huquqlari tashkilotlari Andijondagi namoyishlar qonli bostirilgan payt bu kabi lavozimda boʻlgan har qanday shaxs javobgar deb aytishlari tayin. Mirziyoyev Bosh vazir edi va Andijonga oʻxshagan muhim bir masalada uning ishtirokisiz qaror olinganiga ishonish qiyin. Garchi xavfsizlik xizmati rahbari Karimovga koʻproq taʼsir koʻrsatish imkoniga ega boʻlgan esa-da. Menimcha, Andijondagi voqealar uchun oʻsha payt hukumatda boʻlgan barcha shaxslar javobgar.

Image copyright HRW
Image caption 2005 yil 13 mayida Andijonda hukumat kuchlarining namoyishchilarga qarata oʻt ochishi natijasida rasman 187 inson halok boʻlgan.

BBC: Sizningcha, Oʻzbekistondagi hokimiyat davomiyligi va Mirziyoyevning Karimovni ulugʻlayotganining oʻziyoq Andijon masalasini qayta koʻrib chiqish ehtimolini istisno qilmaydimi?

Joanna Lillis: Shubhasiz, bu juda muhim omil. Mirziyoyev birinchi kundanoq Karimov shaxsini ulugʻlash orqali oʻz hokimiyatini mustahkamlash va xalqni jipslashtirish maqsadida foydalanayotganini koʻramiz. Garchi u amalda har doim ham Karimov merosiga sadoqatini koʻrsatmayotgan boʻlsa ham. Shu maʼnoda Mirziyoyev boshqaruvi Oʻzbekistondagi hokimiyatning davomiyligi tamoyiligi qurilgani toʻgʻri. Islom Karimov olgan muhim qarorlarni savol ostiga olish Mirziyoyevning oʻzining hokimiyatini tahlika ostida qoldirishi mumkin. Bu Mirziyoyev uchun bir maʼnoda oʻz-oʻzini savol ostiga olish, degani.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02