"Pejo Sitroyen" Jizzaxda "marshrutka"lar ishlab chiqaradi

Jizzaxda xalq orasida marshrutka nomi bilan mashhur minibaslar ishlab chiqariladi Image copyright citroen.co.uk
Image caption Jizzaxda xalq orasida marshrutka nomi bilan mashhur minibaslar ishlab chiqariladi

Frantsiyaning "Pejo Sitroyen" kompaniyasi Jizzaxda xalq orasida "marshrutka" nomi bilan mashhur yengil tijoriy avtomobillar ishlab chiqaradi. Yiliga odam va yuk tashishga moʻljallangan 16 ming dona minibas hamda pikap ishlab chiqarish rejalanmoqda.

Podrobno.uz saytining xabar berishicha, "Oʻzavtosanoat" va "Pejo Sitroyen" hamkorligida Jizzaxdagi erkin iqtisodiy hududda "Uzbekistan Peugeot Citroyon Automotive" korxonasi tashkil qilinadi.

Loyihaning umumiy sarmoyasi 130 million dollar, deyilmoqda.

Kelishuvga koʻra, "Pejo Sitroyen" yangi texnologiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish jarayoni bilan taʼminlaydi va xodimlarni oʻqitadi.

Koʻshma korxona oʻz oldiga birinchi yildayoq mashinalarning tarkibiy qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarishni 50 foizga yetkazishni oʻz oldiga maqsad qilgan. Bu ishga Oʻzbekistondagi "Oʻzavtosanoat"ga tegishli 30 atrofidagi yirik zavod va oʻrta hamda kichik biznesga oid 160 dan ortiq korxonalar jalb qilinadi.

Image copyright Sputnik
Image caption Minibaslar Oʻzbekistonga asosan Rossiyadan import qilingan

Bir yilda 16 ming dona ishlab chiqariladigan avtomobillar Oʻzbekiston ichida sotilishi bilan birga xorijga ham eksport qilinishi aytilmoqda.

"Oʻzavtosanoat" shirkati rahbari oʻrinbosari Rustam Yusupovning podrobno.uzga aytishicha, yengil tijoriy avtomobillar bozori Oʻzbekistonda oʻzlashtirilmagan yagona transport vositasi sifatida qolib kelayotgan edi. Yangi loyiha aholini ish bilan taʼminlash bilan birga Oʻzbekistonning ishlab chiqarish sanoatini yanada oʻsishiga sabab boʻladi.

Oʻzbekistonda shu vaqtgacha yengil tijoriy avtomobillar bozori asosan Rossiyada ishlab chiqariladigan "Gazel" rusumli mashinalar evaziga qoplanib kelinmoqda.

•BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02