WannaCry virusining yangilari tarqaldi

Frankfurt vokzalidagi poyezdlar jadvali ekrani Image copyright AFP Getty Images
Image caption Xakerlarning tovon puli toʻlash talabi yozilgan matn Frankfurt vokzalidagi poyezdlar jadvali ekranida paydo boʻlgan.

Kompyuter tizimini shikastlab tovon talab qilayotgan WannaCry virusining yangi ikkita turi 14 maydan tarqala boshlagani kuzatilgan.

Kiberxuruj shiddati sekinlashdi, biroq xavotir hamon saqlanmoqda, demoqdalar rasmiylar.

Dunyoning 150 mamlakatida xakerlik hujumidan zarar koʻrgan kompyuterlarning soni 200 mingdan ortishi mumkin deb taxmin qilinmoqda.

WannaCryga tovlamachi programma deb nom berishdi.

Uning dastlab 11 may kunidan tarqala boshlangani xabar qilinmoqda.

12 may kuni jahon boʻylab oʻn minglab kompyuter faoliyati toʻxtab qolgan.

WannaCry kompyuterga kirib olib kompyuter ichidagi fayllarni oʻzgartirib qoʻyadi, 300 dollarlik tovon puli toʻlashni talab qiladi, tovon puli toʻlanganidan keyin fayllarni egasiga qaytarib berishni vaʼda bergan.

Xakerlar tovon pulini Bitkoynda toʻlashni talab qilganlar.

Bitkoyndan noqonuniy foydalanish amallarini kuzatib boradigan Elliptic Labs laboratoriyasi xabar qilishicha, kompyuteridagi fayllarni qaytarib olish uchun odamlar jami 50000 dollarcha toʻlaganlar.

WannaCry 12 maydan buyon Britaniya sogʻlikni saqlash tizimi, Germaniyadagi Deutsche Bahn temir yoʻl shirkati, Ispaniyadagi Telefonica mobil aloqa shirkati, AQShdagi FedEx yuklarni yetkazib berish shirkati, Rossiya Ichki ishlar vazirligi, "Megafon" mobil aloqa operatori va "Sberbank" kompyuter tizimlarini izdan chiqargan.

Global kiberxuruj ortida kim turibdi degan savolga hech kim javob berolgani yoʻq.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02