Ziroat Mirziyoyevaning husni bahs markazida

Shavkat Mirziyoyev va Shi Jinping rafiqalari bilan Image copyright Shavkat Mirziyayev/Facebook
Image caption Shavkat Mirziyoyev va Shi Jinping rafiqalari bilan

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi va "Bir belbog", bir yoʻl" xalqaro forumida ishtirok etishi oʻzbek ijtimoiy tarmoqlarida keng muhokama qilindi. Ammo, internetdagilarning aksari prezident oʻz tashrifi chogʻida imzolagan kelishuvlar mazmunini emas, balki koʻproq unga hamrohlik qilgan rafiqasi Ziroat Mirziyoyevaning husni va malohatini muhokama etishdi.

Shavkat Mirziyoyevning Facebookdagi sahifasida sharh qoldirgan bir oʻzbekistonlik ayol Mirziyoyeva xonimning tashqi qiyofasini tahlil qildi.

"Uning figurasi frantsuz ayollarinikidek. Balki yuzini torttirgandir, lekin botoks-motoks yoʻq, aftidan madaniyatli va aqlli, nozik didi bor".

Facebookdagi Novosti Uzbekistana sahifasi sharhlovchilari ham Ziroat Mirziyoyevaga hamd-sanolar oʻqishdi.

"Birinchi ledi, bravo!!!"

"Melani Tramp dam olayapti!)))"

"Oldinlari Ozarbayjon birinchi ledisining chiroyiga ham hayron qolardi, endi biznikiga hayron boʻlishadi))"

"Uning oʻrnida boʻlgan har bir ayol ham shunday chiroyli boʻlgan boʻlardi! Umuman olganda, bizda hamma ayollar koʻp ovqat yemasa va jahldor boʻlmasa, chiroyli boʻlishadi!!"

"Yurtboshimning yonlarida turgan rafiqalari dunyodagi eng chiroyli va lobar ayol boʻlsalar kerak! Ha shundoq boʻlishiyam kerak! Biz nafaqat Sizni, balki butun oilangizni ham sevamiz va hurmat qilamiz! Ayolingiz hamisha yoningizda Sizga shunaqangi koʻrk bagʻishlab tursinlar!"

"Eng goʻzal ayol bizning Oʻzbekistondan ekan, qarang, goʻzal, iboli...."

BBC Oʻzbek xizmatining folloverlari ham birinchi ledini olqishladilar.

Bir oʻzbekistonlik "Ziroatxondan ayol kishiga xos yuqori madaniyat va ziyolilik ufurib turibdi," deb yozsa, xorijiy ismli boshqa mushtariy ingliz tilida "Oʻzbeklarning birinchi ledisi juda koʻrkam ekan" deya sharh qoldirgan.

Ziroat Mirziyoyevaning tashqi koʻrinishini qozoq va qirgʻiz xabar agentliklari ham eʼtiborsiz qoldirishmadi.

"Ular trapdan tushayotganlarida qattiq shamol esayotgandi va u prezident rafiqasining sochini toʻzitib yubordi. Lekin, bu videokameralarga Ziroat Mirziyoyevaning goʻzalligini qayd qilishga halaqit qilmadi - u yuzidan sochini olib, kutib olayotganlar mezbonlarga jilmayardi", deb yozadi Sputnik Kirgizstan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02