Tramp sirlarni ulashishga haqli ekanini aytdi

Tramp hafta Oq Uyda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashgandi. Image copyright HO/AFP
Image caption Tramp hafta Oq Uyda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashgandi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbariyatiga davlat sirlarini oshkor qilgani borasidagi ayblovlarga javob bera turib, Rossiya bilan maʼlumot ulashish oʻzining "mutlaq huquqi" ekanini aytdi.

Tramp Twitter orqali sharh yozib, "terrorizm va havo yoʻllari xavfsizligi" borasidagi maʼlumotlarni ulashgani va Rossiya oʻzini Islomiy Davlat deya atovchi guruhga qarshi koʻproq chora koʻrishini istaganini bildirdi.

U oʻtgan hafta Oq Uyda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashgan.

AQSh matbuotida yozilishicha, Tramp uchinchi tomon bergan maʼlumotni Lavrovga aytgan, ammo uchinchi tomon bunga oʻz roziligini bermagan boʻlgan.

Seshanba kuni tongida yozgan tvitida Tramp: "Prezident boʻla turib men (Oq Uydagi ochiq belgilangan uchrashuvda) Rossiya bilan terrorizm va havo yoʻllari xavfsizligiga oid faktlarni oʻrtoqlashdim va men bunga mutlaqo haqliman", - dedi.

"Insonparvarlik sabablari (bor edi), undan tashqari men Rossiya ID va terrorizmga qarshi kurashlarini ancha kuchaytirishini istayman", deya qoʻshimcha yozdi u.

Vashington Post yozgan maqolada aytilishicha, Tramp Islomiy Davlatning samolyotlarga olib chiqilgan noutbuklarga bogʻliq fitnasi haqidagi oʻta maxfiy maʼlumotni oshkor qilib qoʻygan.

Trampning qilmishi noqonuniy emas, chunki AQSh prezidenti maxfiy maʼlumotni ochiqlash vakolatiga ega.

Ammo, bu Demokratlarning keskin tanqidiga sabab boʻldi, oʻz Respublikachi partiyadoshlari esa undan izoh talab qildilar.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02