"Toqatim tugadi, bolamni ozod qilinglar"

Diniy qarashi hukumatnikidan farqli dindorlarga munosabat oʻzgarmagan
Image caption Diniy qarashi hukumatnikidan farqli dindorlarga munosabat oʻzgarmagan

Toshkentdan Gulchash Sodiqova diniy eʼtiqodi tufayli 16 yildan beri qamoqda qolayotgan oʻgʻliga yana uch yil qoʻshib berilishi toqatini toq qilganini aytadi. Uning BBCga aytishicha, Prezident portali, Oliy sud, Senatga qilgan barcha murojaatlari besamar ketgan. Gulchash opaning oʻgʻli Baxtiyor Sodiqovga oʻxshaganlarga muddati tugagan boʻlsa-da, qoʻshimcha yil berilishi, Oʻzbekistonda dindorlarga yengilliklar berilayotgani haqida xabarlar chiqqan bir vaqtga toʻgʻri kelmoqda.

BBC Gulchash Sodiqovaga qoʻngʻiroq qilganida u navbatdagi marta Oliy sud raisi Shayunus Gaziyev qabuliga kirish uchun kutib turgandi. Gulchash opaning oʻgʻli 16 yil burun diniy ektsremizmda ayblanib 12 yilga hukm qilingan. 2013 yili unga "ichki tartibni buzgan" degan ayb qoʻyilib 3 yil qoʻshib berilgan.

Shu yilning aprelida Baxtiyor Sodiqovga yana "ichki tartibni buzgan" degan ayb bilan 3 yilu 2 oy muddat qoʻshib berilgan.

"Hammasiga yozdim, hammadan bir xil javob kelyapti. Bolangiz ichki tartibni buzgani uchun qamoq muddati uzaytirildi, degan. Bu javobni men ham bilaman, lekin qanaqasiga faqat mening bolam chiqishiga oz qolganda tartibni muttasil buzishi mumkin. Bu safar qattiq gaplashmoqchiman. Toqatim qolmadi", - deydi Gulchash Sodiqova.

Gulchash Sodiqovaning toqati toq boʻlishi Oʻzbekistonda dindorlarga nisbatan yengilliklar berilayotgani toʻgʻrisidagi xabarlar manzarasida yangramoqda.

Dindorlarga oqlanmoqdami?

Facebook ijtimoiy tarmogʻida izoh qoldirgan bir necha foydalanuvchi dindorlarga nisbatan hukumatning pozitsiyasi oʻzgargani haqida yozgan.

Xususan, Salim Ayyubiy bu kabi holatlar aks etgan bir necha post qoldirgan.

Xushxabarlar javom etadi, deb boshlanadi ana shunday postlardan biri.

Unda dindorligi sabab sudlangan bir shaxsning sudlanganlik hukmi olib tashlanayotgani va uni jamiyat qaytarish uchun mahalla masjidi imomining oʻzi yoʻqlab kelgani va uni tez orada ishga qaytarilishlari haqida yozilgan.

Bu kabi izohlarni boshqa profil egalari ham yozganini koʻrish mumkin.

"Postda aytilayotgan holatlarga manam roziman, mayli toʻq yashamay, ammo qoʻrqmay yashay. Mandanam sudlanganlik holatini olib tashlashmoqchi, manam bunga guvohlardanman", - deb yozadi Doniyor Ikromov.

Eski hammom, eski tos

Toshkentdan huquq himoyachisi Surʼat Ikromov diniy ayblovlar bilan qamalganlar uchun hech qanday yengilliklar boʻlmayotganini taʼkidlaydi.

"Men koʻrayotgan va menga murojaat qilayotganlarga qarab aytishim mumkinki, namozxonlarga, nohaq qamalganlarga nisbatan munosabat oʻzgargani yoʻq. Afsuski, yaxshilik boʻlayotgani yoʻq. Shu kunlarda hibsga olishlar davom etayapti. Toshkent shahar sudida bir nechta sudlar ketayapti. Diniy eʼtiqod sabab qamashlar oʻsha-oʻsha davom etayapti", - deydi Surʼat Ikromov.

Surʼat Ikromovga koʻra, diniy ayblovlar bilan qamalganlarning muddati tugash arafasida turli ayblovlar bilan yana muddat qoʻshib berish ham oldingidek davom etmoqda.

"Ayrimlarni 3 va 4 chi marta tartibni buzdi, degan uydirma ayblar bilan qamoq muddatini uzaytirishyapti. Oqlanish degan narsa yoʻq. Oqlansa hammasi oqlanishi kerak edi. Ammo 8 yil yoki 15 yil oʻtirib, qamoq muddati tugab ochiqlikka chiqayotganlar ham bor", - deydi Surʼat Ikromov.

Diniy qarashlari hukumatniki bilan bir xil boʻlganlarga munosabat oʻzgardi

Amerikadan Inson huquqlari faoli Mirrahmat Moʻminovning BBCga aytishicha, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan soʻng Oʻzbekistondagi rasmiy diniy qarashda eʼtiqod qiluvchi bir toifa uchun hukumatning siyosati oʻzgargani bor gap.

"Dindorlar deganda Oʻzbekistonda soʻnggi 25 yil ichida ikki xil toifa tushuniladi. Biri Oʻzbekiston hukumatining rasmiy diniy qarashiga moyil boʻlgan yoki unga boʻysingan toifaga hozir yengilliklar boʻlyapti. Ikkinchi toifa rasmiy diniy qarashdan oʻzgacharoq boʻlgan, yaʼni hukumat va diniy idora tilida "vahobiylar", "hizbuttahrirchilar", "tabligʻ" yoki boshqa-boshqa turli guruh oqimlardan iborat toifaga boshqacha siyosat olib borilmoqda", - deydi Mirrahmat Moʻminov.

Uning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev vaqtincha Prezident vazifasiini bajarib turgan sentyabr oyida 150 atrofida turli oqimlarga aʼzolikda ayblangan dindor bir kechada qamoqdan ozod qilingan.

"Amnistiya qarori chiqmasdan oldin turli toifadagi 152 dindor qamoqdan chiqarildi. Biz monitoring oʻtkazib ularning qaysi viloyat va tumandan ekanligigacha topib, nomlarini aniqladik. Bu holat Mirziyoyev vaqtincha Prezident boʻlib turganda 26 sentyabrdan 3 oktyabrgacha bir hafta davom etdi", - deydi Mirrahmat Moʻminov.

Huquq himoyachisiga koʻra, qoʻqqisdan va ogohlantirishsiz ozod qilingan bu odamlarga hatto ozod qilinganligi toʻgʻrisida qogʻoz ham berilmagan. Keyinchalik ularga nisbatan rasmiylarning munosabati ham yomonlashgan.

"Qamoqdan ozod qilinganlar bilan gaplashganimizda, ularning ayrimlariga hujjatlari qilib berilmayapti. Pasport olishmagan. Har hafta uchastka noziri chaqirib, ularga minnat va doʻq-poʻpisa qilib turishibdi. Ishga joylashishi uchun imkoniyat berilmayapti. Ularning oʻzi ham tushunishmayapti. Nega qoʻyib yuborib, nima uchun qattiq munosabat qilyapsizlar, deb soʻrashyapti", - deydi u.

Mirrahmat Moʻminovning aytishicha, Sentyabrdagi holatdan soʻng turli oqimlarda ayblanib qamalganlarga nisbatan munosabatda hech qanday oʻzgarish boʻlmagan. Aksar holatda qamoqdan ozod qilishlar va sudlanganligi toʻgʻrisidagi hukmni olib tashlashlar borasida biror xabar olishmagan.

Shu bilan rasmiy diniy qarashga moyil boʻlganlarga nisbatan munosbat oʻzgarganini koʻrish mumkin.

"Facebookda shunday xabarlar chiqayaptiki, rasmiy lavozimda ishlagan, rasmiy imom boʻlgan yoki Oʻzbekiston hukumatining rasmiy diniy qarashiga moyil va sodiq boʻlgan baʼzi toifalarga qarash oʻzgargan. ularning ichida qandaydir qora roʻyxatga tushib qolgan yoki baʼzi taraflari yoqmaganidan imomlikdan chetlashtirilganlarga kelishib, endi imomlikka qaytinglar, degan maʼlumotlar ham bor. Paradoks holat", - deydi Mirrahmat Moʻminov.

Mirrahmat Moʻminov Shavkat Mirziyoyevning Islom dini haqida gapirgan gaplari orqali Islom diniga va musulmonlarga boʻlgan munosabati qanday boʻlishi haqida signallar berganini aytadi.

"Bu rasmiy diniy idora vektori boʻyicha olib boriladi, ularning tavsiyasiga qarab hukumatning diniy sohadagi siyosati shakllanadi. Bu moturidiy va soʻfiylik yoʻnalishi boʻyicha ketayapti hozircha", - deydi u.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq