Xitoy yangi tashabbusi: kim tarafdor, kim qarshi?

Prezident Si Tszinpin Buyuk Ipak yoʻlini qayta tiklash gʻoyasini 2013 yili koʻtargan Image copyright Reuters

Xitoy qadimgi Buyuk Ipak yoʻlini qayta tiklamoqchi. Shu maqsad yoʻlida taklif etayotgan "Bir belbogʻ, bir yoʻl" gʻoyasi dunyoda xavotir, shubha va inkorlar bilan ham qarshi olinmoqda.

Ingliz tilida "One Belt, One Road", rus tilida "Odin poyas, odin putь", oʻzbek tiliga esa "Bir qutb, bir yoʻl", "Bir belbogʻ, bir yoʻl" yoki "Bir makon, bir yoʻl" deb tarjima qilinayotgan gʻoyaning muallifi Xitoy Prezidenti Si Tszinpin ekani xabar qilinmoqda. Xitoyning davlat axborot agentligi Sinьxua ushbu loyiha mazmuniga bagʻishlangan qisqa video eʼlon qilgan, bu videoda Prezident Si Tszinpin Sharqning qadimgi donoligini bugungi dunyoning farovonligi va taraqqiyoti yoʻlida ishlatishga chaqiradi.

Prezident Si Tszinpin Buyuk Ipak yoʻlini qayta tiklash taklifini ilk bor 2013 yili Markaziy Osiyo mamlakatlari va Indoneziyaga safarlari payti koʻtargan.

Ushbu gʻoya bilan bugungi Xitoy rahbariyati qadimdagi karvon yoʻllari boʻylab tovarlarni Sharqdan Gʻarbga yetkazishni koʻzlagan.

Xususan, Xitoy ikki yoʻlni taklif qilmoqda. Quruqlik orqali oʻtadigan yoʻnalish uchta yoʻlakni oʻz ichiga olgan. Bu yoʻlakning birinchisi Xitoy-Markaziy Osiyo-Rossiya-Evropa yoʻlagi. Keyingisi Xitoy-Markaziy Osiyo-Gʻarbiy Osiyo-Fors koʻrfazi-Oʻra Yer dengizi. Janubiy yoʻnalish Xitoy-Janubi-gʻarbiy Osiyo-Janubiy Osiyo-Hind okeani.

Dengiz yoʻli esa Xitoyning sharqiy sohillaridan Janubiy Xitoy dengizi orqali Janubiy Tinch okeani mintaqasiga chiqish hamda Xitoy sohillaridan Janubiy Xitoy dengizi va Hind okeani orqali Yevropaga chiqish maqsadlarini koʻzlagan.

Pekindan Moskvaga poyezdda ikki kunda

Xitoy "Bir belbogʻ, bir yoʻl" tashabbusi doirasida yangi avtomobilь va temir yoʻllarini, koʻpriklar va sanoat parklarini, bandargoh va neftь quvurlarini qurishni, yoʻl-yoʻlakay yangi konlarni oʻzlashtirishni taklif qilmoqda. Yangi tashabbus tovarlar va kapital eksportini koʻpaytiradi, yangi ishlab chiqarish va ish oʻrinlarini barpo etadi, qaysi davlat ushbu tashabbusga qoʻshilgan boʻlsa, undan manfaatdor boʻladi, demoqda Xitoy rahbarlari. Xususan, Pekindan chiqqan tezyurar poyezdni bir kunda Olma-Otaga, ikki kunda Moskvaga yetib boradigan qilishmoqchi. Oʻzbekistonning Qamchiq dovonidagi temir yoʻl tunneli ushbu tashabbus tarkibidagi loyiha boʻlgan.

Xitoy rahbariyati oʻzining ushbu yangi gʻoyasi jahonning 65 mamlakatini qamrab oladi, deb biladi. Gonkongda joylashgan Fung Business Intelligence tadqiqot markazi hisob-kitobiga koʻra, bu dunyo aholisining 60 foizi, dunyo Yalpi Ichki mahsulotining 30 foizi deganidir.

Image copyright AFP

Saxovatli Xitoy

14-15 may kunlari birinchi "Bir belbogʻ, bir yoʻl" xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Anjumanda dunyoning 29 davlati rahbari, 130 mamlakat vakillari ishtirok etdi. Gʻarb matbuoti forumga dunyoning 65 mamlakati rahbarlari taklif etilganini, biroq 40 dan ortigʻi qatnashishdan bosh tortgani haqida yozdi. Ishtirokchilar orasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdoʻgʻon, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Qozogʻiston Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirgʻiziston Prezidenti Almazbek Atamboyev, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, BMT Bosh Kotibi Antoniu Guterrish, Jahon Banki, Xalqaro Valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari bor edi. Mehmon prezidentlar Xitoy tashabbusini qoʻllab-quvvatlashlarini bildirdilar.

Oʻzining yangi tashabbusiga Xitoy qoʻshimcha 124 milliard dollar sarflashga vaʼda berdi. "Bir belbogʻ, bir yoʻl" tashabbusidagi ayrim loyihalar aniq boʻlsa, ayrimlari noaniq. Bu narsa Pekinga oʻz hayʼatini yuborishni istamagan Hindiston bilan Xitoy diplomatlari oʻrtasidagi dahanaki jangga ham sabab boʻldi. Xitoy Shinjon orqali Pokistonning nazorati boʻlgan, biroq bahsli hisoblanadigan Kashmir hududi orqali Xitoy-Pokiston Iqtisodiy yoʻlagini barpo etishga bel bogʻlagan. 50 milliard dollar deb baholanayotgan loyiha Hindistonning noroziligiga sabab boʻlgan. Hindiston Yaponiya bilan hamkorlikda oʻzlarining bir necha infrastrukturaviy loyihalarini boshlamoqchi boʻlib turibdilar.

Image copyright AFP Getty Images
Image caption Prezident Mirziyoyev Pekinda "Bir belbogʻ, bir yoʻl" xalqaro forumida ishtirok etdi

Janob Si qaygʻusi nima - dunyomi yo oʻz mamlakati?

Tahlilchilar, Xitoy chindan ham dunyo boʻylab qashshoqlikni bartaraf etib, farovonlikka eltuvchi yangi tashabbusni boshlayaptimi yoki bu ishlab chiqarish haddan ziyod koʻpayib ketib, iqtisodiy oʻsishi sekinlashayotgan Xitoy rahbarlarining oʻz mamlakati vaziyatini yaxshilash harakatlarimi, degan savollarga javob topishga intilmoqdalar.

Londonda nashr qilinadigan "Financial Times" roʻznomasi ushbu tashabbus Xitoy manfaatiga xizmat qiladi, deb yozadi. Bu mamlakatning yotqizadigan sarmoyalari ham bor, yirik loyihalarni roʻyobga chiqarish borasida tajriba ham orttirgan. "Xavotirli tomoni shuki, bu reja Xitoy iqtisodining eng yomon narsalarini ham tashqariga eksport qiladi, shundoq ham hozir bosim ostida qolgan mamlakatning moliyaviy tizimiga taranglikni kuchaytiradi".

"Financial Times"ga koʻra, Xitoy bir necha oʻn yillik davomida iqtisodiy ekspansiyani amalga oshirib keldi. Davlat boshqaruvi ostidagi ishlab chiqaruvchilar sarmoyani har doim ham oqilona yoʻnaltirganlari yoʻq, oqibatda koʻpgina sanoat sohalarida ishlab chiqarish quvvatlari talabdan ziyod boʻlib ketdi.

Agar loyihalar qurilishida mahalliy va xalqaro shirkatlar band boʻlsa, bu Xitoy rahbariyatining bayonoti rostligini isbotlaydi, agar qoʻshni mamlakatlarda boshlangan qurilishlardagi ishlarni xitoylik mutaxassislar bajarishga kirishsalar, bu Xitoy oʻzi yoʻnaltirgan sarmoyani oʻzi oʻzlashtirishdan manfaatdorligini koʻrsatadi, deya xulosa qiladi roʻznoma muxbiri.

Milliardlik barbodlar

Image copyright Getty Images

Amerikada joylashgan Bloomberg nashri Xitoy soʻnggi yillarda boshlagan bir necha milliard dollarlik loyihalar toʻxtatilganini yodga oladi. Xitoy Venesueladan qarz evaziga neftь olishga kelishgan va bu loyiha 20-24 milliard dollarga baholangan. Shuningdek, 7,5 milliard dollarlik tezyurar temir yoʻl barpo etishga kelishilgan. Venesueladagi soʻnggi yillardagi iqtisodiy mushkulliklar bois bu loyihalarni toʻxtatib qoʻyishga toʻgʻri kelgan. Kongodagi 1 milliard dollarlik yogʻ zavodi, Ugandada 1,5 milliard dollarlik erkin savdo zonasi va Myanmarda 3,6 milliard dollarga baholangan toʻgʻon qurilishi ham toʻxtab turib

Xitoyning yangi tashabbusiga shubhalanayotganlar fikricha, kambagʻal qoʻshnilariga qarz berish bilan Pekin tobora koʻproq oʻz taʼsiri doirasiga tushirishni, ish hajmi kamayib borayotgan oʻz shirkatlarini yangi ishlar bilan taʼminlashni koʻzlamoqda.

Prezident Si Tszinpin gʻoyasini dastaklayotganlarning fikricha, ushbu loyiha roʻyobga chiqarilsa, Yevroosiyoning aksar hududida iqtisodiy imkoniyatlarni ochadi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02