Afgʻon TV binosi hujum ostida

Jalolobod shahri Image copyright Reuters
Image caption Jalolobod shahri har doim jangarilar hujumlariga qari sergak turadi

Afgʻoniston xavfsizlik kuchlari Jalolobod shahrida joylashgan televideniye binosiga hujum qilgan jangarilar bilan hamon jang qilishmoqda.

Rasmiylarning aytishicha, kamida uch jangari telekanal faoliyat yuritadigan binoga bostirib kirgan.

Ularning ikki nafari oʻzlarini portlatib yuborishgan.

Shifokorlarga koʻra bir fuqaro halok boʻlgan va oʻnlab yaradorlar bor.

Bino ichkarisida baʼzi TV xodimlari va jurnalistlar qamalib qolayotgani haqida xabarlar mavjud.

Shohidlarga koʻra, voqea joyidan hozir ham tinimsiz oʻq ovozlari eshitilib turibdi.

Aynan qaysi jangari guruh ushbu hujumni amalga oshirgani maʼlum emas.

Oʻzbek IShID

Jalolobod shahri poytaxt Kobulga eng yaqin katta shahar.

Ammo uning atrofidagi Nangarhor viloyatida ham IShID guruhi, ham Tolibon harakati faoliyat yuritadi.

IShIDni esa asli oʻzbekistonlik mujohidlar boshqarishi aytiladi. Ular mintaqadagi eng vahshatli jangarilar sifatida nom chiqarishgan.

Qolaversa, Yaqin Sharqdan tashqarida IShID nazorat qilayotgan yagona hudud aynan Afgʻonitsonning Nangarhor viloyatida qolmoqda.

Bir oy ilgari AQSh hukumati aynan IShID jangarilariga qarshi MOAB yoki tarixda misli koʻrilmagan ulkan bombani Nangarhorda portlatgan edi.

Kuzatuvchilarga koʻra, ayni amaliyot aslida bombani sinab koʻrish maqsadida boʻlgan.

Shu bois mazkur amaliyot natijasida u yerdagi IShID jangarilarining barchasi yakson etilgani haqiqatdan uzoq boʻlishi mumkin.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq