Yevropadagi oʻzbeklar qatlgohida

101 Oʻzbek uchun yoqilgan shamlar Image copyright Marco Hofste Photography
Image caption Gollandlar har yili 101 Oʻzbek xotirasiga sham yoqishadi

101 yigit nemis fashistlariga qarshi kurashish uchun Markaziy Osiyodan yoʻlga chiqishadi. Ammo ularni asir olishadi va janda-jundaga oʻrab, Gollandiyadagi kontslagerga olib ketishadi. 1942 yili Amersfort yaqinida oʻldirilgan 101 oʻzbekni koʻrgan odamlar bugun barmoq bilan sanarli. Agar bir qiziquvchan golland boʻlmaganida, bu oʻzbeklarni dunyo butkul unutib yuborardi.

Markaziy Niderlandiyaning Amersfort shahri yaqinidagi oʻrmonda har bahor yuzlab gollandlar toʻplanishadi.

Ular tong sahar oʻrmonda 101ta sham yoqishadi. Bu shamlar natsistlar qoʻlida oʻlim topgan va keyin yarim asr unutilgan 101 sovet askarini ramzlantiradi.

Ular haqida bundan 18 yil burun mahalliy jurnalist Remko Reyding qiziqib qolgan.

Reyding bir necha yil Rossiyada ishlab, ona shahri Amersfortga qaytgach, bir oʻrtogʻi unga shahar yaqinida Sovet qabristoni borligini aytadi.

"Juda hayratlanganman, chunki bu haqida oldin hech eshitmagan edim" - deydi Remko Reyding - "Keyin qabristonga bordim va u yerda koʻmilgan askarlar haqida arxivlarni oʻrgana boshladim, guvohlarni izlashga tushdim".

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Kontslagerdagi oʻzbeklarni izlab - film treyleri.

Reyding ayni qabristonda jami 865 nafar Sovet askari koʻmilganini, ammo ularning aksariyati Gollandiyaning boshqa joylarida yoki Germaniyada halok boʻlib, jasadlari keyinchalik keltirilganini aniqlaydi.

Maʼlum boʻlishicha, ular orasida faqat 101 askarning taqdiri boshqacharoq xotima topgan.

Qabr toshlariga "nomaʼlum sovet jangchisi" deb bitilgan bu 101 askarning shaxsiyati va ismlari aniqlanmagan, ammo barchasi xuddi shu yerda, Amersfortda oʻldirilgan.

Bu askarlar Germaniya Sovet Ittifoqiga bostirib kirgan ilk oylarda asir olingan va keyin fashistlar nazoratidagi Niderlandiyaga tashviqot uchun yuborilgan.

"Ular yuz va koʻz tuzilishi osiyolik askarlarni terib olib, natsistlarga qarshi chiqqan gollandlarga koʻrsatmoqchi boʻlishgan" - deydi Remko Reyding.

"Askarlarni untermenschen, yaʼni chala odamlar, deb atashgan va agar gollandlar Sovet fuqarolarini koʻrishsa, birdaniga Germaniya tarafiga oʻtishadi, deya umid qilganlar".

Image copyright National Archives of the Netherlands
Image caption Kontslager rahbari Karl Peter Berg 1949 yili mahkama hukmi bilan otilgan

Amersfort kontslageri ish boshlagan 1941 yil avgustidan eʼtiboran bu yerga koʻplab kommunistlar va mahalliy yahudiylar keltirilgan boʻlgan.

Biroq bu yerda asosan golland kommunistlari saqlangan va nemislar 101 osiyolik askarni aynan ularga koʻrsatib, irqchilik kayfiyatlarini uygʻotmoqchi boʻlishgan.

Biroq natsistlar rejasi ishlamagan.

91 yashar Henk Brukhauzen oʻta kam sonli guvohlardan biri. Sovet askarlari keltirilganida u oʻspirin edi.

"Koʻzimni yumsam, xotiramda ularning chehralari gavdalanadi" - deydi Henk Brukhauzen.

"Janda-jundaga oʻralgan, askarlarga ham oʻxshashmasdi. Faqat yuzlari koʻrinardi".

Image caption Henk Brukhauzen baʼzan Oʻzbek askarlari qabrini ziyorat qilib turishini aytadi

"Natsistlar asirlarni temir yoʻl vokzalida poyezddan tushirib, markaziy koʻcha boʻylab, kontslagerga piyoda olib oʻtishgandi. Ular jussasi kichik va ozgʻin edi, oyoqlarida poyabzal ham yoʻq, faqat eski paytava oʻralgandi. Baʼzilari oʻta holdan toygan, yura olmas, doʻstlari suyab ketishardi".

Ayrim asirlar koʻchaga chiqqan gollandlarga qoʻllari bilan "ovqat bering" degandek ishora qilishgan.

"Biz suv va non keltirdik" - eslaydi Brukhauzen - "Ammo natsistlar hammasini qoʻlimizdan yulqib olib, otib yuborishdi. Yordam bergani qoʻyishmadi".

"Ularga koʻmak koʻrsatmang, ular dushmanlarimiz!" - deb baqirishdi.

Suhbatdoshim bu asirlarni hech qachon qaytib koʻrmagan va ularga nima boʻlganini ham uzoq vaqt bilmagan.

Ammo oradan yarim asrdan koʻproq vaqt oʻtib, Remko Reyding ayni asirlar haqida Gollandiya arxivlaridan oʻrgana boshlaydi.

Ayni jarayonda u bir narsani aniqlagan: Sovet asirlari asosan oʻzbeklar boʻlgan. Kontslager rahbariyati ham bu borada deyarli bilmagan.

Faqat keyinroq ruscha biladigan Es-Eschi zobit Ernst Alsher kelib, ularni soʻroq qilgach, askarlarning kimligi va asli qayerlik ekani ayon boʻlgan.

Image copyright National Archives of the Netherlands
Image caption Tarjimon Ernst Alsher rus tilini Polьshada oʻrgangan

Askarlarning koʻpchiligi Samarqanddan ekan.

"Oralarida balki qozoq, qirgʻiz yo boshqird ham boʻlgandir, biroq aksariyati oʻzbeklar ekanligi taʼkidlanadi" - deydi arxiv hujjatlariga tayangan holda Remko Reyding.

Reyding kontslagerda aynan ushbu 101 asrga nisbatan juda shafqatsiz munosabat qilinganini ham aniqlaydi.

"Ilk uch kun ularni ataydan tashqarida, simtoʻr bilan oʻralgan joyda och-nahor saqlashadi" - deydi Reyding.

"Negaki nemis tasvirchilari kelib, tashviqot filьmi olishni rejalashgan".

"Natsistlar "yovvoyi chalaodamlar" qanday qilib non ustida talashib, urishishini tasvirga tushirmoqchi boʻlishadi".

"Kameralarni toʻgʻrilab, och asirlarga qarata non uloqtirishadi" - davom etadi Reyding - "Biroq shu yerda ularni hayratga solgan voqea roʻy beradi".

"Oʻzbeklardan bittasi sekin turadi-da, nonni yerdan oladi. Keyin shoshmasdan, qoʻlidagi qoshiq dastasi bilan nonni teng boʻlaklarga boʻladi".

"Bu orada boshqa oʻzbeklar oʻrinlaridan qoʻzgʻalmay, sabr bilan kutishadi. Hech kim na urishadi, na talashadi" - davom etadi suhbatdoshim.

"Keyin oʻzbeklar non boʻlaklarini teppa-teng baham koʻradilar. Xullas, natsistlarning rejasi ish bermay, hafsalasi pir boʻladi".

Image caption Remko Reyding Amersfort qabristonida dafn etilgan 865 askardan 200 nafarining qarindoshlarini topgan. Ammo 101 oʻzbek askari hamon nomaʼlum

Ammo Oʻzbek asirlari uchun eng dahshatli kunlar hali oldinda edi.

"Oʻzbeklarga boshqa asirlarga nisbatan ikki baravar kam ovqat berilgan. Mabodo biron boshqa mahbus ularga yordam qilsa, jazo tariqasida butun kontslager och qoldirilgan" - deydi yaqindagi Gauda shahrida yashovchi tarixchi Bahodir Uzoqov.

U ham hozir Amersfort kontslagerida saqlangan oʻzbekistonliklar borasida izlanishlar olib bormoqda.

"Oʻzbek asirlari qoldiqlar yo poʻchoqlarni yeyishsa, ularni choʻchqalarning ovqatini yeb qoʻyibsizlar, deb kaltaklashgan" - tasvirlaydi suhbatdoshim.

Kontslager qoʻriqchilarining urushdan keyingi tergovda bergan koʻrsatmalari va boshqa asirlarning xotiralari hozir Niderlandiya arxivida saqlanadi.

Bu hujjatlar asosida Remko Reyding 2015 yili "Shon-shuhrat maydoni farzandi" nomli kitob chop etgan.

Ayni kitobda ham oʻzbeklar muntazam kaltaklangani, sovuq havoda, och holatda tosh, qum va gʻoʻla tashish kabi eng ogʻir ishlarga mahkum etilgani yozilgan.

U oʻz tadqiqoti davomida aql bovar qilmas voqealar tasvirlangan hujjatlar ustidan chiqadi.

Masalan, kontslagerning mahalliy natsist shifokori Nikolas van Nyuvenhauzen oʻzbeklarni davolash oʻrniga, doimo qiynaydi.

Ikki nafar oʻzbek asiri ochlik va qiynoqdan nobud boʻlgach, boshqa asirlarni ularning boshlarini kesib olishga majburlaydi.

"Keyin oʻzbeklarning boshlarini miya chanogʻi suyagi chiqqunicha qaynattiradi" - deydi Reyding.

Image copyright National Archives of the Netherlands
Image caption Nikolas van Nyuvenhauzen 20 yilga hukm etilgan, ammo 10 yilda ozodlikka chiqib, umrining qolganini Janubiy Afrikada osuda oʻtkazgan

"Shifokor ikki oʻzbekning bosh chanogʻini ilmiy tajriba niyatida oʻz ish stoli ustida saqlagan. Shu qadar vahshiylik!"- gʻazabini yashirolmaydi Reyding.

Och-nahor va holdan toygan oʻzbek asirlari kontslagerda sichqonlar va oʻt-oʻlanlarning ildizlarini yulib yeyishga majbur boʻladilar.

Oʻzbeklardan 24 kishi 1941 yilning qahraton qishidan omon chiqmaydi. Qolgan 77 nafar nimjon oʻzbek asiri ishga yaramay qoladi.

Xullas, 1942 yilning 9 aprel tonggida natsistlar ularni uygʻotib, sizlarni iqlimi issiq Frantsiyaga joʻnatamiz, deyishadi.

Aslida esa kontslager mashinasida ularni yaqindagi oʻrmonga olib borishadi.

Bu yerda oʻzbeklarni toʻrtta-toʻrttadan otishadi.

Keyin jasadlarini bir kun oldin kontslager qoʻriqchilari qazib qoʻygan oʻrada koʻmishadi. Ustidan soʻndirilmagan ohak quyadilar.

Remko Reyding qatl payti mashinada tutib turilgan oʻzbeklarni nazorat qilgan haydovchi va qoʻriqchilar - Knabe, Tito hamda Yanszenning tergovda bergan koʻrsatmalarini ham oʻz kitobiga kiritgan.

"Ilk oʻq ovozlari yangradi. Mashinadagi oʻzbeklar gap nimadaligini anglashdi. Ayrimlari piq-piq yigʻlay boshlashdi. Baʼzi doʻstlar esa qoʻlushlashib, magʻrur holda oʻlimga yuzlanishdi.

Ikkitasi qochishga intildi. Ammo orqalaridan quvlab, otib tashlashdi".

Image caption Mana shu ikki qatorda 101 nafar oʻzbek yotibdi. Ularning qabr toshlarida rus tilida "nomaʼlum sovet askari" deb bitilgan

Reyding ona yurtidan besh ming chaqirim uzoqda, dushman qoʻlida qolgan oʻzbeklarning kechinmalarini tushunishga, ularni oʻz hissiyotlariga omuxta etib, qogʻozga tushirishga intiladi:

"Vatan...!

U yerda muazzin azon chaqiradi, bozorda shamol zamin bilan oʻynashib, osmonga chang-toʻzon koʻtaradi, koʻchalarni esa zirali zirvak hidi tutgan.

Vatan endi olisda qoldi.

Begona yurtda sen hech kimning tilini tushunmaysan, ular sening tilingni tushunishmaydi.

Nega bu odamlar senga hayvondan ham battar muomala qilishayotgani esa qorongʻu".

Bu oʻzbeklarning kimligini aniqlash uchun zaruriy maʼlumotlar juda kam. 1945 yil taslim boʻlish oldidan natsistlar kontslager binosiga oʻt qoʻyishgan.

101 oʻzbekdan ikki nafarining chehrasi akslangan yagona fotosurat saqlanib qolgan, biroq ismlari nomaʼlum.

Image copyright Archief Eemland
Image caption 101 nafar oʻzbekning ikki nafari. Ismlari nomaʼlum. Ammo bu - asirlardan qolgan yagona fotosurat

Kontslagerda saqlangan golland kommunisti, meʼmor Gerrit de Vilde qalam bilan bir necha oʻzbek asirining akslarini chizgan.

Jami toʻqqizta rasm, ammo faqat ikkitasida asirlarning otlari bitilgan.

"Ismlar xato yozilgan, lekin oʻzbekchaga oʻxshaydi" - deydi Reyding.

"Bittasi Kadiru Ksatam, ikkinchisida esa Muratov Zayyer, deb yozilgan. Hoynahoy, bittasi Hotam Qodirov, ikkinchisi Zoir Murodov boʻlsa kerak".

Image copyright Museum Flehite
Image caption Hotam Qodirov va Zoir Murodov

Oʻzbekcha ismlar va chehralar jiz etib yuragimga tegadi. Chatmaqoshlar, hokisor qarashlar va ovrosiyocha yuzlar.

Bular mening vatanim - Oʻzbekistonda chiroyli sanaladi.

Akslarda 20 yoshlar chamasidagi yigitlar tasvirlangan.

Kim biladi, urush boshlanganda onalari ular uchun kelin izlayotgan, otalari esa toʻylariga atab novvos boqayotgan boʻlgandir.

Ortlarida qalliqlari yoki hatto oilalari, farzandlari qolgandir.

Shu soniyalarda miyamga yalt etib boshqa bir fikr uriladi.

Balki oralarida mening ham qarindoshlarim bordir? Ikkita togʻa-bobom, rafiqamning bobosi urushdan qaytishmagan.

Baʼzan uydagilar ular Germaniyada nemis ayoliga uylanib, Yevropada qolib ketishgan, deyishardi.

Endi bilsam, buvilarimiz oʻzlarini ovutish uchun oʻylab topgan hikoyalar ekan bari.

Oʻzbekistondan 1.4 million kishi Ikkinchi Jahon Urushida ishtirok etgan. Ularning uchdan bir qismi hech qachon qaytmagan.

100 mingdan ziyod odam hamon daraksiz qolayotgani aytiladi.

Image copyright Museum Flehite
Image caption Hotam Qodirov (chapda) va nomaʼlum oʻzbek askarining surati

Amersfortda oʻldirilgan 101 nafar oʻzbek askarining nega shaxsi aniqlanmay qolayotgani va qarindoshlari topilmagani sabablari koʻp.

Birinchidan, Ikkinchi Jahon Urushi ortidan Sovuq Urush boshlanib ketgan. Bu davrda Gʻarbiy Yevropa va SSSR mafkuraviy dushmanlarga aylanishgandi.

Ikkinchidan, Sovet Ittifoqi qulashi ortidan Oʻzbekiston oʻzining kommunistik tarixini unutishga intildi.

Faxriylar buyuk qahramonlar sanalmay qoldi, Gʻalaba Kuni nomi oʻzgartirildi va hatto urush payti turli millatlarga mansub 14 nafar yetimni asrab olgan Shomahmudovlar oilasi sharafiga oʻrnatilgan yodgorlik ham Toshkent tashqarisiga koʻchirildi.

Xullas, 75 yil oldin bedarak ketgan askarlar taqdiri hukumat uchun muhim masala emasdi.

Toʻgʻri, yangi prezident Shavkat Mirziyoyev qudratga kelishi bilan endi muayyan oʻzgarishlar kuzatilmoqda.

Bu yil 9 may dabdaba bilan nishonlandi, Shomahmudovlar haykali Toshkent markaziga qaytarildi va hatto urush faxriylari istashsa, davlat hisobidan bepul hajga borishlari haqida aytildi.

Image copyright National Archives of the Netherlands
Image caption Oʻzbeklarning jasadlari topilgach, avval mahalliy qabristonga, keyinroq maxsus Sovet qabristoniga koʻchirilgan

Ammo Reyding Oʻzbekiston arxivlarida ishlash imkoni paydo boʻlsa, oʻzbeklarning shaxsiyati va qarindoshlarini topishi mumkinligini aytadi.

"Nemislar oʻlmagan va yoki oʻlimi SSSRga nomaʼlum boʻlgan asirlar haqidagi hujjatlarni mahalliy KGBlarga joʻnatishgan" - deydi Reyding - "101 asirning hujjatlari esa Oʻzbekistonda saqlanayotgan boʻlishi kerak".

"Agar menga imkon berishsa, 101 nafar oʻzbekning baʼzilarini aniqlay olaman".

"Ularning farzandlariga oʻz otalari, uka-singillariga esa bedarak ketgan bu akalarining hikoyalarini aytib berishni istayman. Ular bunga haqli".

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq