"Tramp Komidan Rossiya boʻyicha tergovni toʻxtatishni soʻragan"

Bir hafta avval Tramp Komini goʻyoki Hillari Klinton imeyllari borasidagi tergovni koʻngildagidek olib bormagani uchun ishdan boʻshatdi. Image copyright Getty Images
Image caption Bir hafta avval Tramp Komini goʻyoki Hillari Klinton imeyllari borasidagi tergovni koʻngildagidek olib bormagani uchun ishdan boʻshatdi.

Prezident Donald Tramp Federal qidiruv byurosi (FQB) rahbari Jeyms Komidan oʻzining sobiq xavfsizlik maslahatchisi va Rossiya oʻrtasidagi aloqalar borasida ochilgan tergovni toʻxtatishni soʻragan. Bu haqida AQSh matbuoti xabar tarqatdi.

Daʼvo qilinishicha, Tramp fevralda Oq Uyda boʻlib oʻtgan uchrashuvda Komiga "Umid qilamanki, buni toʻxtatasiz", deb aytgan. Buni Komi uchrashuv ortidan darhol daftariga yozib olgan.

Matbuotga koʻra, uchrashuv Xavfsizlik boʻyicha prezident maslahatchisi Maykl Flinn isteʼfoga chiqishining ertasiga boʻlib oʻtgan.

Oq Uy bayonot chiqarib, bu xabarni rad qildi.

"Prezident janob Komi yoki boshqa odamdan hech qanday tergovni, jumladan General Flinn ustidan tergovni toʻxtatishni soʻramagan", deyiladi bayonotda.

Nufuzli Respublikachi kongresmen Jeyson Chaffets FBQdan bu xabarga tegishli barcha hujjatlarni bir hafta ichida unga topshirishni soʻradi.

Flinn Tramp prezidentlikka saylanishidan avval Rossiya elchisi bilan uchrashganini yashirgani fosh boʻlishi ortidan isteʼfoga chiqqandi.

Bir hafta avval esa Tramp Komini goʻyoki Hillari Klinton imeyllari borasidagi tergovni koʻngildagidek olib bormagani uchun ishdan boʻshatdi.

Komining ishdan olinishi Vashingtonni larzaga soldi. Koʻp tanqidchilar Trampni FBQning Tramp yordamchilari va Rossiya oʻrtasidagi aloqalar boʻyicha ochilgan tergovni izdan chiqarishga urinishda ayblamoqdalar.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02