Oʻzbekiston: 212 kishini zaharlagan muzqaymoq haqida nima maʼlum?

Muzqaymoq

Andijonda muzqaymoqdan ommaviy zaharlanish oxirgi ikki kundan beri ham xorijiy, ham qator mahalliy vebsahifalar eʼtiborida qolmoqda.

Ayni hodisa haqidagi xabarlar baʼzan turlicha va hil voqealar rivojlanib, yangi tafsilotlar chiqishi mumkin.

Voqea qanday boʻlgan?

  • Dushanba, 15 may kunidan boshlab Shahrixon tumanida zaharlanish alomatlari bilan odamlar shifokrlarga murojaat eta boshlashgan.
  • Favqulodda Vaziyatlar vazirligiga koʻra, 180 nafardan koʻproq kishi kasalxonaga yotqizilgan. Ularda ich ketishi, qayd qilish kabi holatlar kuzatilgan.
  • Aksar kasallar shifoxonalardagi qisqa muolaja ortidan uylariga javob berilgan. 33 kishi hamon shifoxonada.
  • Internet xabarlariga koʻra, kamida 5 kishining ahvoli hamon ogʻir qolayotgani aytiladi.
  • Oʻzbekiston internet nashrlari rasmiylarga tayangan holda, zaharlanishdan nobud boʻlganlar yoʻqligini yozishmoqda.
  • Toshkentdan borgan mutasaddilar Shahrixonda suv va muzqaymoq tarkibini tekshirishmoqda.
  • Hodisa yuzasidan ichki ishlar boʻlimi ham surishtiruv boshlagan.

Zahar qayerda boʻlgan?

Rasmiy manbalar ham, mutasaddi idoralar ham ommaviy zaharlanish muzqaymoqdan kelib chiqqanini tasdiqlashgan.

Taxminlarga koʻra, hamma gap muzqaymoq ustiga quyilgan qulupnay qiyomida boʻlishi mumkin. Biroq rasmiy tekshiruv xulosalari hali chiqmadi.

Rasmiylarga koʻra, bemorlar tumandagi "Maks" kafesida muzqaymoq isteʼmol qilishganini aytishgan.

BBC manbalariga koʻra, ushbu yozgi kafe hozir yopiq va tekshirilmoqda.

Ayni damda, bu qadar koʻp odamning muzqaymoqdan zaharlanishi haqida Andijonning oʻzida juda kamchilik eshitganga oʻxshaydi.

"Men ham internetdan oʻqidim, ammo Andijon shahrida hech bir gap yo vahima yoʻq" - deydi mahalliy faol Saidjahon Zaynobiddinov.

Image caption Oʻzbekistonda ovqatdan zaharlanish kam uchraydi

"Mahalliy matbuot yo bermagan, yo men koʻrmagandirman. Biron oʻlim holi boʻlsa, albatta, aytishardi".

Biz bilan gaplashayotgan paytda shahar koʻchasini kezayotgan suhbatdoshimiz ayni palla Andijon shahridagi muzqaymoqxonalar odam bilan gavjumligini aytadi.

Shu jarayonda oʻtib ketayotgan bir nechta shaharliklardan muzqaymoqdan zaharlanish haqida nima eshitgani haqida soʻrarkan, odamlar bu borada hech narsa bilmasliklarini aytishdi.

Oʻzbekistonda taomlar xavfsizmi?

Oʻzbekistonda ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari mintaqadagi boshqa mamlakatlarga nisbatan ancha kam uchraydi.

Lekin shu paytgacha mamlakat yopiq boʻlgan va bu kabi holatlar roʻy bergan taqdirda ham hech kim xabardor boʻlmay qolgani ehtimolini nazardan soqit qilish qiyin.

Soʻnggi bora 2014 yili Jizzax shahridagi "Prim" yemakxonasida tayyorlangan ovqatdan 100 nafardan koʻproq xoʻranda zaharlangan edi.

"Ammo muzqaymoqdan zaharlangan boʻlishsa, hayratlanmasdim" - deydi Andijondan faol Saidjahon Zaynobiddinov.

"Chunki taomlarning sanitariya va gigiyena talablariga javob berishini tekshiradigan idoralar u qadar yaxshi ishlashmaydi".

Oʻtgan yili Samarqand shahri yaqinida eshaklar qabristoni topilgan va koʻpchilik bu eshaklarni soʻyib, goʻshtini ovqatlanish shoxobchalariga sotishmaganmi, degan fikrga ham borgandi.

Biroq keyinroq Samarqandda koʻmilgan eshaklar goʻshti emas, balki terisi uchun soʻyilgani haqida aytilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Bu mavzuda batafsilroq