"Toshkent yoʻlbarsi": "Oʻzbekistondan hamma qoʻrqadi"

Rufat Risqiyev Image copyright ferghana.ru

Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi soʻnggi Rio Yozgi Olimpiadasi va Osiyo chempionatida qayd etgan ketma-ket tarixiy natijasi ortidan ilk bor Islom birdamlik oʻyinlarida ham oʻzini koʻrsatdi.

Oʻzbekistonlik besh nafar bokschi Boku mezbonlik qilayotgan bu yilgi oʻyinlarning yarim finaliga chiqib, Oʻzbekiston terma jamoasi uchun kamida beshta bronza medalini naqd qildi.

Bokudagisi - Oʻzbekiston oʻz tarixida birinchi bor ishtirok etayotgan Islom birdamlik oʻyinlari boʻladi.

Tafsilotlari videolavhamizda - tomosha qiling.

"Boshqalar boshqa mamlakatlardan gapirsa, men oʻzbekman, deyman. Bizlarning bokschilar, deyman. Hammasi oʻzbeklarni hurmat qilishadi. Oʻzbekistondan qoʻrqishadi...", - deydi oʻzbekistonlik bokschilarning bu kabi natijalariga baho berarkan Toshkentdan oʻzbek boksining afsonasi Rufat aka Risqiyev.

Oʻzbekiston oʻzining ilk ishtiroki ekaniga qaramay, allaqachon oʻyinlar medallar jadvalining yuqori toʻrtligidan joy olishga muvaffaq boʻlgan.

Oʻyinlarning beshinchi kuniga kelib, Oʻzbekiston hisobidagi jaʼmi medallarning soni 34 taga yetgan.

Ulardan 7 tasi oltin, 9 tasi kumush va qolgan 18 tasi bronza boʻladi.

Bu kabi natijani halicha Oʻzbekistondan boshqa biror bir Markaziy Osiyo davlati qayd etmagan.

Oʻzbekiston IV Islom birdamlik oʻyinlarida 100 dan ortiq sportchisi bilan ishtirok etmoqda.

Boks, dzyudo, taekvondo, erkin, yunon-rum kurashi, ogʻir atletika, badiiy va sport gimnastikasi doxil sportning 15 turi boʻyicha gʻoliblik uchun kurash olib bormoqda.

Bokschilari esa, oʻyinlarning final bosqichiga yoʻllanma uchun janglarini bugun - 17 may kuni boshlashadi.

Bugungi janglari arafasida ularga oʻz tilaklarini bildirarkan, Rufat aka Risqiyev, "Hammasiga omad yor boʻlsin. Hammasi Oʻzbekistonning sharafini oshirsin. Birinchi oʻrinlarni olib, Oʻzbekistonning bayrogʻini koʻtarib, boshlarini baland qilib qaytishsin", - deydi.

Rufat aka Risqiyevning oʻzi Oʻzbekiston tarixida Yozgi Olimpiada Oʻyinlarining ilk sovrindori boʻlgan bokschi sanaladi.

U kishi 75 kg vazn toifasida 1974 yilgi jahon chempionati gʻolibi ham boʻladi.

Rufat aka, bundan tashqari, Kuba Ochiq chempionatining ikki karra chempionligini ham qoʻlga kiritgan.

Jahon boksi afsonasi marhum Muhammad Ali bilan shaxsan koʻrishish baxtiga muyassar boʻlgan oʻzbekistonlik birinchi va yagona bokschi ham boʻladi.

Rufat aka Risqiyev oʻtgan yil qorason sabab, jarrohlik amaliyoti oʻtkazgan, bir oyogʻining tizzasidan pasti kesib tashlangan.

Hozir u kishi Toshkentdagi uyida va oʻz salomatligini tiklamoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002