Hukm: "Ikki gey 85 darradan urilsin"

Banda Achehdagi mahkama zalida yuzini yashirayotgan sudlanuvchi Image copyright AFP
Image caption Besoqolbozlikda ayblangan erkaklar 23 may kuni Banda Achehda omma koʻzi oʻngida darralanadi.

Indoneziyaning Acheh viloyatidagi shariat mahkamasi ikki erkakni oʻzaro jinsiy aloqada boʻlgani uchun 85 martadan darralashga hukm etdi.

Mahkama jarayonida bu ikkovlon mintaqadagi qatʼiy Islomiy axloq qoidalarini buzganlikda aybdor, deb topilgan.

20 va 23 yoshlardagi ikki yigitni oʻtgan mart oyida koʻngillilardan tuzilgan olomon bir toʻshakda ushlab olgandi.

Biroq aybdorlarning shaxsi hamon sir tutilmoqda.

Dunyoning eng koʻp musulmon aholisiga ega boʻlgan Indoneziyada besoqolboz jinsiy aloqa jinoyat emas.

Ammo Acheh viloyati ististo. Bu yerda Shariat qonunlari ishlaydi.

Besoqolbozlik uchun 100 darra belgilangan, lekin hakam 85 darradan jazo tayinladi.

Shu paytgacha faqat qimorbozlik bilan shugʻullangan va spirtli ichimlik isteʼmol qilganlar omma oldida darralangan.

Soʻnggi yillari Achehda Islom anʼanalarga amal qilish kuchaymoqda.

Besoqolbozlikni taqiqlovchi qonun ham 2014 yili qabul qilingan.

Image copyright AFP
Image caption Ikkovlon birga ushlab olinganidan beri hibsda qolmoqda

Hakam Xayrul Jamalning taʼkidlashicha, ikki ayblanuvchining jimo ustida qoʻlga olingani inkor etib boʻlmaydigan darajada dalillangan.

Hukm oʻqilganda ayblanuvchilar qoʻllari va koʻylaklari bilan yuzlarini berkitishgan.

Ayni mahkama va hukm inson huquqlari faollari tarafidan tanqid qilinmoqda.

Bu bilan besoqolbozlik jinoyatga tenglashtirilmoqda va inson huquqlarini buzayotgan Indoneziya orqaga qarab ketmoqda" - degan Gey va Lesbiyanlar huquqlari faoli Dede Oyetomo.

Ikki ayblanuvchini ozod etish talabi bilan chiqqan Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari guruhiga koʻra, butun Indoneziya boʻylab geylar chuqur qoʻrquvga tushganlar.

Ikki erkak 23 may Banda Acheh shahri markazida darralanadi.

Ularni ushlab olgan koʻngilli guruh ikkovlonni urib, kaltaklashgan va butun jarayonni tasvirga tushirgan.

Mazkur videotasvirlar butun Indoneziya boʻylab tarqatilgan.

Faollarga koʻra, ayni amal ortidan mamlakat boʻylab geylarga qarshi nafrat kuchaygan.

Bundan 10 yilcha burun Achehga maxsus maqom berilgan va viloyat shariat qonunlarini joriy etishni boshlagandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Bu mavzuda batafsilroq