Neftegazga 4 yilda 30 milliard dollar

Gaz-kimyo majmuasi Image copyright ung.uz

Oʻzbekiston neft va gaz sohasiga 2021 yilgacha 30 milliard 400 million AQSh dollariga teng mablagʻ yoʻnaltirmoqchi.

Bu haqda "Oʻzbekneftegaz" kompaniyasi tarqatgan materiallarda maʼlum qilingan.

"Oʻzbekneftegaz" oʻz rejalari bilan Toshkentda ish boshlagan Global Oil&Gas Uzbekistan-2017 xalqaro koʻrgazmasida oʻrtoqlashgan.

Prezident Mirziyoyev farmoni bilan Oʻzbekiston neft va gaz sohasini takomillashtirishga qaratilgan dastur qabul qilingan, 2016-2021 yillarga moʻljallangan dasturda neft va gaz ishlab chiqarishni koʻpaytirish koʻzlanmoqda.

Oʻzbek neft va gaz sohasini modernizatsiyalash dasturi 74 ta loyihani oʻz ichiga olgan.

Bu loyihalar orasida Surxondaryo viloyatidagi "Mustaqillikning 25 yilligi" konidan gaz olish, u yerda Rossiyaning "Gazprom"i bilan hamkorlikda gaz-kimyo majmuasini barpo etish, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasida sintetik suyuq yoqilgʻi GTL(gas-to-liquids) ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, Shoʻrtan zavodining ishlab chiqarish quvvatini 125 ming tonnadan 500 ming tonna polietilenga yetkazish, Jizzax Neftni Qayta ishlash zavodini qurib bitkazish rejalari bor.

Image copyright ung.uz
Image caption Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasida yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish ham rejalangan.

Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasida yana yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish ham rejalashtirilgan.

2019 yilgacha Shoʻrtan zavodiga 400 million dollardan ziyod sarmoya yoʻnaltirish maqsadi qilingan.

Bundan tashqari, Qashqadaryoda polivinilxlorid, ABS-plastik, sintetik kauchuk, xushboʻy uglevodorodlar, superabsorben kabi 15 turdagi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish moʻljallanmoqda.

Oʻzbekiston Qozogʻistondan Jizzax Neftni qayta ishlash zavodi uchun yangi neft quvuri barpo etishni rejalagan.

2 milliard 200 million dollarga baholanayotgan Jizzax zavodiga Rossiya neftini Qozogʻistondan quvur orqali yetkaziladi.

Jizzax Neftni qayta ishlash zavodi yiliga 5 million tonna neft xomashyosini qayta ishlay oladi.

Image copyright FACEBOOK/MIRZIYOYEV
Image caption Jizzax Neftni qayta ishlash zavodining tamal toshi Zafarobod tumanida qoʻyildi

U yerda bir yilda 700 ming tonna aviatsiya kerosini, 3,7 million tonna motor yoqilgʻisi, 300 tonna benzol, mazut, bitum va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqariladi.

May oyi oʻrtasida Prezident Mirziyoyevning Pekinga safari mobaynida Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida 22 milliard dollarlik 105 bitim imzolandi.

Bu hujjatlar orasida "Oʻzbekneftegaz"ga taalluqli umumiy qiymati 5 milliard dollarga baholanayotgan 10 ta shartnoma bor.

Bu shartnomalardan biri Oʻzbek gazini Xitoyga 3 yil mobaynida sotishni koʻzda tutadi.

Ommaviy axborot vositalari xabar tarqatishicha, "Oʻzbekneftegaz" shirkati rahbari Alisher Sultanov gaz miqdori va bahosi haqida maʼlumot bermagan.

Mart oyida Rossiyaning "Gazprom" shirkatiga gaz sotish boʻyicha ham shartnoma imzolangandi.

Bu bitimga koʻra, "Gazprom" Oʻzbek gazini 5 yil davomida sotib oladi, 2017 yili 5 milliard kubometr gaz Rossiyaga yoʻl olishi xabar qilingan.

Image copyright ung.uz

Oʻzbek neftegaz sohasini modernizatsiya qilish natijasida 2022 yilga borib qoʻshimcha 53,5 milliard kubometr gaz olish, 1 million 100 ming tonna gaz kondensati va 1 million tonna neft ishlab chiqarish maqsad qilingan.

Ayni paytda Oʻzbekistonning gaz zaxirasi tugab qolishi borasidagi xavotirlar ham bildirilayotganiga ancha boʻldi.

Oʻzbekistonning tasdiqlangan gaz zaxirasi 1,1 trillion kubometrni tashkil etadi, deb koʻriladi va zaxirasining koʻpligi boʻyicha dunyodagi 10 ta yetakchi, MDHdagi uchinchi mamlakat hisoblanadi.

Britaniyaning British Petroleum shirkati har yili dunyodagi gaz ishlab chiqarishga bagʻishlangan hisobot eʼlon qiladi va BP reytingi boʻyicha Oʻzbekiston 2015 yili 57,7 milliard kubometr tabiiy gaz olgan.

Agar Oʻzbekiston 2022 yilga borib yiliga 111 milliard kubometr gaz olishni boshlasa, zaxirasi 10 yilda tugab qolishi mumkinligi aytiladi.

Oʻzbekiston Rossiya va Xitoyga gaz sotadi.

Mamlakatning yangi rahbariyati neft va gazdan tashqari qayta tiklanadigan energiya manbalarini topish va oʻzlashtirish amallarini ham faollashtirgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq