Yevropadan AQShga parvozda noutbuk taqiqlanmaydi

Aeroprtda foydalanilfyotgan noutbuk Image copyright AFP

AQSh va Yevropa Ittifoqi rasmiylari Yevropadan Amerikaga uchayotgan uchoqlar bortiga noutbuk va planshetlarni olib chiqishga taqiqni kengaytirmaslikka qaror qilganlar.

Biroq Bryusselda boʻlib oʻtgan aviatsiya xavfsizligiga bagʻishlangan toʻrt soatlik uchrashuvdan keyin rasmiylarning aytishlaricha, hali ham boshqacha yoʻllar koʻrib chiqilmoqda.

AQSh rasmiylari bundan oldin sakkizta musulmon mamlakatdan parvoz qiladigan samolyotlar bortiga elektron jihozlarni olib chiqishni taqiqlashgan va xuddi shunday taqiqni Yevropadan parvozlarga ham qoʻllashni istagan edilar.

Ushbu taqiq sababi, noutbuk yoki planshet ichiga bomba yashirilishi ehtimoli mavjudligidadir.

Bryusseldagi uchrashuv Yevropa Ittifoqi rasmiylari talabi bilan uyushtirilgan, bunga AQSh rasmiylarida noutbuklarning ehtiyot qismlarini portlovchi moddaga aylantirish borasida yangi maʼlumot bor degan xabarlar tarqalgani sabab boʻlgan.

Bu maʼlumot tafsiloti jamoatchilikka oshkor etilgani yoʻq.

Yevropa Ittifoqidagi manba Bryusseldagi uchrashuvni hayotiy ahamiyatga ega uchrashuv deb taʼriflagan.

2017 yil mart oyida AQSh Turkiya, Marokash, Iordaniya, Misr, Birlashgan Arab amirliklari, Qatar, Saudiya Arabistoni va Quvaytdan uchib kelayotgan samolyot bortiga "smartfondan katta jihoz"larning olib chiqilishini taqiqlagan edi.

Britaniya ham olti mamlakatdan parvozlarga xuddi shunday cheklov joriy etdi.

Bular Turkiya, Iordaniya, Misr, Saudiya Arabistoni, Livan va Tunisdir.

Britaniya Uchuvchilari assotsiatsiyasidan Stiv Landelsning aytishicha, batareyasi litiy materialidan yasalgan ayrim noutbuklarning samolyot bortida oʻt olib ketish xavfi bor va ikki marta shunday hodisa roʻy bergan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02